Sport Maydon logo

Endrick va Real Madrid: Agentning bayonoti va kelajagi

Endrick atrofidagi shovqin tobora kuchayib bormoqda. Real Madridning yosh braziliyalik hujumchisi kelajagi borasida savollar ko‘paydi, ayniqsa hujum chizig‘ida raqobat misli ko‘rilmagan darajada kuchli bo‘lib turgan bir paytda.

20 yoshli markaziy hujumchi hozircha navbatda orqaroqda. Uning oldida Kylian Mbappe, yozda kelgan Carlos Espi – Mourinho qo‘l ostidagi hujum ierarxiyasi aniq.

O‘ng qanot ham yechim emas. U yerda ham navbat uzun: Arda Guler, Brahim Diaz, Yan Diomande. Endrick uchun eshik yopilmagandek, lekin tor. Juda tor.

Shu fon’da Yevropaning yirik klublari, jumladan, Angliya chempioni Arsenal bilan bog‘liq xabarlar paydo bo‘ldi. Ba’zi manbalar hatto klub ichida futbolchi va shtab o‘rtasida norozi kayfiyatlar borligini ham tilga oldi.

Shov-shuv kuchaydi. Savol bitta: Endrick ketadimi?

Agent sahnaga chiqdi

Thiago Freitas bunga javobni o‘zi berdi. Braziliyalik hujumchining agenti 365Scores bilan suhbatda mish-mishlarni keskin rad etdi va mijozining pozitsiyasini aniq qilib qo‘ydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Endrick Real Madridni tark etishni so‘ragani yo‘q, boshqa klub izlash fikri ham bo‘lmagan.

Freitasning aniq iborasi buni yaqqol ko‘rsatadi: futbolchi klubdan ketish haqida gap ochmagan, boshqa imkoniyat izlashni istayotganini hech qachon aytmagan. Agent buni “butunlay yolg‘on” deb ta’rifladi va tarqalayotgan xabarlar voqalikdan yiroqligini urg‘uladi.

Shu bilan birga, bu bayonotlar so‘nggi haftalarda avj olgan taxminlarga aniq javob bo‘ldi. Endrickning kelajagi borasida chizilgan ziddiyatli manzara, hech bo‘lmaganda uning atrofidagilar nuqtai nazarida, bo‘rttirilgan ko‘rinmoqda.

Og‘ir start, ammo taslim bo‘lish yo‘q

Endrickning Madridga yo‘li silliq bo‘lmadi. U Bernabeuga kelganidan beri maydonda imkoniyat kam, mashg‘ulotlarda esa isbotlash majburiyati katta.

Carlo Ancelotti qo‘l ostida moslashuv davri oson kechmadi. Keyin Xabi Alonso davrida ham u asosiy figura bo‘lib chiqa olmadi. Natijada o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida Lyon safida o‘ynadi va u yerda o‘zini ko‘rsatdi, golchi sifatidagi salohiyatini eslatdi.

Yozda Madridga qaytgach, bu safar hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin degan umid bor edi. Ammo jismoniy muammolar paydo bo‘lib, u maydondagi daqiqalar uchun kurashni to‘liq boshlab yubora olmadi.

Shunga qaramay, bir muhim detal bor: Jose Mourinho yozda uning ketishiga to‘sqinlik qilgan murabbiy sifatida tilga olinmoqda. Bu esa portugaliyalik mutaxassis Endrickni rejalarga kiritganini anglatadi.

Hozircha hikoya shunday: murabbiy uni qo‘ldan chiqarmadi, futbolchi esa eshik qidirmayapti.

Real Madridga qaratilgan nigoh

Agentining so‘zlariga ko‘ra, Endrickning fikri tarqoq emas. U Real Madridga yopishib olgan, Bernabeuda o‘z imkoniyatini kutmoqda.

Mbappe, Espi va boshqalar soyasida qolish oson emas. Ayniqsa, yosh hujumchi uchun. Lekin bu klubda kimdir asosiy tarkibga da’vo qilmoqchi bo‘lsa, sabr ham, xarakter ham sinovdan o‘tadi.

Endrick hozircha shu sinovdan qochmayapti. Savol esa ochiq qoladi: u o‘z navbatini kutib, Bernabeuda haqiqiy sahnaga qachon chiqadi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil