EFL ogohlantirdi: futbol piramidasi moliyaviy jarlik yoqasida
Angliya professional futbolining moliyaviy asosi larzaga kelmoqda. EFL bosh ijrochi direktori Trevor Birch klublar yillardan beri yig‘ib kelayotgan zararlar darajasi “butun futbol piramidasi uchun tizimli to‘lovga qodir emaslik xavfini” tug‘dirayotganini ochiq matnda tan oldi.
Bu xat Professional Footballers' Association (PFA) tomonidan League One’dagi moliyaviy qoidalar o‘zgarishiga qarshi EFL’ga nisbatan sud jarayoni boshlab yuborilganidan so‘ng yozildi. Mojaro markazida esa pul – aniqrog‘i, uni qanchaga va qanday sarflash mumkinligi turibdi.
Yangi qoidalar, eski muammo
EFL may oyida 2026-27-yilgi mavsumdan boshlab Profitability and Sustainability (P&S) tizimi o‘rniga Squad Cost Rules (SCR) joriy etilishini e’lon qildi. Qog‘ozda bu – tartib, amalda esa – keskin qisqartirish.
Eng og‘riqli nuqta: ish haqi chegarasi. League One klublari uchun aylanma mablag‘ning maoshga ketishi mumkin bo‘lgan ulushi 60 foizdan 50 foizga tushiriladi. Ya’ni, o‘sha daromadga ega klub endi futbolchilarga avvalgidan ancha kamroq sarflashga majbur bo‘ladi.
PFA bunga rozi emas. Kasaba uyushma ligaga bu kabi o‘zgarishlar Professional Football Negotiating and Consultative Committee (PFNCC) bilan “to‘liq kelishuvsiz” joriy etilishi mumkin emasligini eslatib, sudga murojaat qildi. Ularning asosiy xavotiri oddiy: futbolchi maoshi bosiladi, tarkibga sarf kamayadi.
Birch esa boshqa raqamlarni stolga qo‘ydi. So‘nggi besh mavsumda League One’dagi o‘rtacha futbolchi xarajatlari 3,8 million funtdan 8 million funtgacha sakragan. Shu bilan birga, o‘rtacha zarar 2,3 milliondan 7,3 million funtgacha oshgan. Championship’da esa o‘tgan mavsumdagi o‘rtacha zarar 21,6 million funtni tashkil etdi. Bu raqamlar bilan uzoqqa borib bo‘lmaydi.
“Moliyaviy barqarorlik va futbolchini himoya qilish bir-biriga zid tushunchalar emas. Ular ajralmas,” – deb yozadi Birch.
Uning fikricha, moliyaviy jihatdan sog‘lom klub shartnomalarni hurmat qiladi, maoshlarni vaqtida to‘laydi, infratuzilmaga sarmoya kiritadi va futbolchilarga uzoq muddatli istiqbol bera oladi.
Maosh chegarasi bo‘yicha eski jang qaytdi
Bu bahs yangi emas. 2021-yilda League One va League Two uchun maosh “sallari kappi” joriy etish rejasi PFA bosimi ostida bekor qilingandi. O‘shanda kasaba uyushma qoidalarni “qonuniy emas va ijro etib bo‘lmaydigan” deb atagan.
Endi esa o‘yin yana davom etmoqda. PFA yangi qoidalar uning a’zolari maoshini cheklashi, tarkibga sarflanadigan mablag‘ni bo‘g‘ishi mumkinligidan xavotirda. Birch bu tashvishni tan oladi: “Bu xavotir eshitilishiga arziydi,” deydi u.
Lekin u boshqa tomonni ham ko‘rsatadi: hech narsa qilmaslik ham klub egalaridan cheksiz zararlarni ko‘tarishni talab qiladigan, tobora chuqurlashayotgan moliyaviy tuzoqni davom ettiradi. Uning talqini bo‘yicha, nazorat choralari ambitsiyani o‘ldirish uchun emas, uni chegaradan chiqarmaslik uchun kerak – klub raqobatbardosh bo‘lib qolishi, lekin kelajagini garovga qo‘ymasligi uchun.
Sheffield Wednesday sabog‘i
Bu gaplar quruq nazariya emas. Sheffield Wednesday o‘tgan mavsumning katta qismini amalda moliyaviy komada o‘tkazdi. Sobiq egasi Dejphon Chansiri mablag‘ni to‘xtatganidan so‘ng klub administratsiya ostida qoldi, 18 ochko chegirib tashlandi va yo‘q bo‘lib ketish yoqasiga kelib qoldi.
Bu nafaqat klub, balki butun divizion raqobatbardoshligiga savol qo‘ydi. Bunday holatlar ko‘payib borayotgan bir paytda, EFL uchun “kutib turamiz, ko‘ramiz” degan yondashuv allaqachon variant emas.
Birch muxlislarning istagini ham aniq so‘zlar bilan ifodalaydi: ular klubning kelajakda ham o‘z jamoasi yuragi bo‘lib qolishiga ishonch istashadi. Ambitsiya – ha, lekin havoyi emas. Umid – ha, lekin real. Turnirlar esa tribunada ham, televizor qarshisida ham ishonchli, ochiq va hayajonli bo‘lishi kerak.
Uning ta’kidlashicha, muxlislar haqiqiy ma’noga ega ko‘tarilish va tushish kurashini, mahalliy g‘ururni, bir egadan keyin ham yashab qoladigan klublarni ko‘rishni xohlashadi.
Sud emas, modelni o‘zgartirish
“Sud jarayoni yechim emas,” – deydi Birch qat’iy ohangda. Uning fikricha, bu futbolning asosiy muammosini hal qilmaydi: hozirgi moliyaviy modelda juda ko‘p klub muvaffaqiyatni faqat zarar evaziga quvishga majbur, egalar esa bu yo‘qotishlarni cheksiz yutib borishi kutiladi. Bu esa, oddiy qilib aytganda, abadiy davom eta olmaydi.
Birchning ko‘z o‘ngida yagona real yo‘l – yuqoridan keladigan pulni qayta ko‘rib chiqish. U Premier League bilan “adolatliroq va tengroq taqsimot modeli”ni hal qiluvchi omil deb biladi. Chunki EFL klublariga beriladigan solidar to‘lovlari bo‘yicha kelishuv 2019-yildan beri o‘zgarmagan.
PFA o‘z a’zolari manfaatini himoya qilishni davom ettiradi. EFL esa klub moliyaviyatini qutqarish yo‘lini qidiradi. Sud zalida esa faqat huquqiy pozitsiyalar to‘qnashadi. Asosiy savol boshqa: Angliya futbol piramidasi kelajakni qarz va zararlar ustiga emas, barqaror poydevorga qura oladimi?



