De Zerbi Avstraliyada tajriba va yoshlikni aralashtirdi
Tottenham Hotspur Avstraliya safarining navbatdagi bekatida – Allianz Stadiumdagi o‘rtoqlik uchrashuvida Sydney FC ga qarshi maydonga chiqmoqda, Roberto De Zerbi esa bu safar tarkibda muvozanatni aniq ko‘zlagan. U Aucklanddagi ilk sinovdan keyin rotatsiyani davom ettirgan holda, yoshlar va tayanch futbolchilarni bir jamoaga jamladi.
Aucklandda 2:0 hisobidagi g‘alaba asosan yosh tarkib bilan kelgan edi. Endi esa murabbiy o‘sha energiyani saqlagancha, unga biroz og‘irlik qo‘shmoqda: Richarlison, Mathys Tel, Conor Gallagher va Ben Davies startga qaytdi. Bu to‘rtlikning borligi uchrashuvga darhol boshqa ohang beradi – ayniqsa hujum chizig‘ida.
De Zerbi Avstraliya safarini oddiy o‘rtoqlik turnesi sifatida ko‘rayotgani yo‘q. U futbolchilarni mashg‘ulotlarda jiddiy bosim ostida ushlab turibdi, ayniqsa yig‘inga erta qaytganlar bilan. Yuklama, maydondagi daqiqalar, charchoq, mayda og‘riqlar, kasallikdan keyingi holat, hatto jet lag – hammasi hisobga olinmoqda. Natijada har bir uchrashuv – taktik emas, jismoniy reja uchun ham sinov.
Shu sabab tarkibda ham ehtiyotkorlik seziladi. Mateus Fernandes bugun butunlay zayavkaga kiritilmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda portugaliyalik futbolchi jarohat oldi degan xavotirlar paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, futbol.london xabariga ko‘ra, bu faqat charchoqni nazorat qilish bilan bog‘liq qaror, jiddiy jarohat yo‘q.
James Maddison, Destiny Udogie, Dominic Solanke, Micky van de Ven, Kevin Danso va Jan Paul van Hecke hamon chetda qolmoqda. Ular bo‘yicha ham asosiy maqsad – mavsum oldidan ortiqcha xavf qilmaslik, yuklamani bosqichma-bosqich oshirish. De Zerbi uchun hozir natijadan ko‘ra, sentabrga tayyor, to‘liq jismoniy holatdagi jamoa muhimroq.
Shu fon’da ijobiy yangiliklar ham bor. Sandro Tonali Aucklanddagi kichik muammo sabab o‘tkazib yuborgan o‘yindan so‘ng yana zaxiraga qaytdi. Andy Robertson ham Jahon Chempionati ortidan safga qo‘shilib, bugun o‘yin davomida maydonga tushishi kutilayotgan tajribali variant sifatida o‘tiribdi.
Yoshlar esa o‘z pozitsiyasini boy bermayapti. Archie Gray yana sardorlik bog‘ichini taqib maydonga chiqadi. Tarkibga Davies kabi yillarni ko‘rgan futbolchilar qaytgan bo‘lsa ham, De Zerbi Grayga ishonch bildirishdan to‘xtamadi. Bu – nafaqat yosh futbolchiga berilgan kredit, balki kelajakdagi yetakchilik zanjirining ham aniq signali.
Lucas Bergvall uchun esa bu uchrashuv alohida ahamiyatga ega. U yozda klubdan ketish istagini bildirgan, keyin esa Jahon Chempionati sahnasida o‘zini ko‘rsatgan edi. Endi esa u pre-sezonning ilk daqiqalarini oladi. De Zerbi shved futbolchisi bilan kelajagi haqida alohida suhbatlashishini aytgan, fon’da esa Newcastle va Nottingham Forest bilan bog‘layotgan xabarlar aylanmoqda. Bugungi o‘yin – Bergvall uchun ham vitrinasimon sahna: u qoladimi yoki bu yoz uning uchun burilish nuqtasiga aylanadimi?
Tottenhamning Avstraliya kechasi shunchaki stadion to‘ldirish va marketing safari emas. Bu – yangi murabbiy qo‘l ostida kimlar jamoaning yadrosiga aylanadi, kimlar esa faqat epizodik rol bilan cheklanib qolishini ko‘rsatib beradigan mayda, lekin muhim signallar davri.
De Zerbi esa shu bosqichdayoq bir narsani aniq ko‘rsatmoqda: hech kimga kafolat yo‘q, lekin imkoniyat – hamma uchun ochiq. Savol bitta: kim undan foydalanadi?


