Dakota Ditcheva g‘alabasi va savollar
PFL New York oqshomining kutilgan yulduzi Dakota Ditcheva qaytdi – ammo bu safar u nafaqat raqibini, balki tomoshabinlarning kutganini ham yengishi kerak edi. UBS Arena oktagoni unga bir yildan ortiq tanaffusdan keyingi ilk sinov maydoni bo‘ldi, raqib esa tajribali va ehtiyotkor striker Denise Kielholtz edi.
Ditcheva uchun hamma narsa oldindan yozilgandek ko‘rinar edi: PFL’ning yuzlaridan biri, gigant favorit, “statement” g‘alaba kutayotgan promoushn, yuqori bosim ostidagi katta sahna. Ammo jang boshlangach, ssenariy biroz o‘zgardi.
Se kin boshlangan qaytish
Birinchi raundda ikki striker o‘rtasidagi jang kutilgan chaqnashni bermadi. Ditcheva uzoq masofadan ishlashga urindi, lekin Kielholtzning mudofaasi unga nafas oldirmadi. Gollandiyalik jangchi o‘zini yaxshi himoya qildi, zarbalarni yutdi, burchaklarni yopdi, ritmni buzdi.
Ditcheva ustun ko‘rindi, lekin hukmronlik emas, ehtiyotkor nazorat edi bu. Kutilgan “Dangerous” bosimi o‘rniga, u kalit teshikni izlayotgan, raqibining mudofaasida kichik darz qidirayotgan jangchiga aylandi.
Ikkinchi raundda bosim oshdi
Ikkinchi raundda esa Ditcheva nihoyat o‘z o‘yinini topa boshladi. U masofani aniqroq boshqardi, zarbalarni kombinatsiyaga bog‘ladi, ayniqsa bo‘y va reach ustunligini ishga soldi. Bir necha marotaba Kielholtzni larzaga keltirgan aniq zarbalar tomoshabinlarni ham jonlantirdi.
Endi ustunlik ko‘zga yaqqolroq tashlana boshladi. Kielholtz kichikroq, lekin qat’iyatli. U orqaga chekinar, lekin sinmasdi. Ditcheva esa raqibni yakunlash uchun kuchli bitta zarbaga tayangancha, bosimni oshirishga urinardi. O‘sha lahzalarda u favoritga yarasha ko‘rinish bera oldi.
Bosim sezildi, lekin yakuniy zarba kelmadi.
Yakuniy raund va chidam sinovi
Uchinchi raundda manzara o‘zgardi. Kielholtzning chidamliligi va mudofadagi intizomi Ditchevaning ishini ancha murakkablashtirdi. U zarbalarni ko‘p qabul qildi, ammo yiqilmadi, bo‘shliq qoldirmadi, xavfli almashuvlarga kirishmadi.
Ditchevaning hujumi esa ko‘proq yakka zarbalarga tayanib qoldi. U raqibni to‘xtatishga harakat qildi, lekin seriyali hujumlar, kombinatsion portlashlar yetishmadi. Dominant ustunlik bor, lekin tomoshabin kutgan “finish” yo‘q.
Vaqt tugaganida, natija deyarli hech kimda shubha uyg‘otmadi: hakamlar barcha raundlarni Dakota Ditcheva foydasiga yozdi. Toza, ishonchli, bir ovozdan qaror. Lekin bu kecha undan boshqacha narsa kutilgan edi.
G‘alaba bor, hayrat esa yo‘q
Raqib – tajribali, chidamli va mudofada aqlli jangchi. Shu nuqtai nazardan Ditchevaning g‘alabasi e’tiborga loyiq. U bir yillik tanaffusdan so‘ng ringga qaytdi, bosim ostida bo‘lsa-da, rekordini buzdirgani yo‘q, PFL uchun hali ham mag‘lubiyatsiz yulduz bo‘lib qolmoqda.
Ammo bu qaytishdan so‘ng savol tug‘iladi: bu g‘alaba uni PFL’ning haqiqiy superyulduzi sifatida ko‘rsatdimi yoki shunchaki xavfsiz, nazorat ostidagi navbatdagi bosqich bo‘lib qoldimi?
Eng kutilmagan lahza esa jangdan keyin yuz berdi. PFL odatda yulduzlariga sahnani bo‘shatib, mikrofonni uzatadi. Bu safar esa promoushn hech qanday post-jang nutqiga yo‘l bermadi. Ditcheva g‘alaba qozondi, ammo oktagondan so‘zsiz chiqib ketdi. Translyatsiya darhol asosiy jang – Usman Nurmagomedov va Archie Colgan to‘qnashuviga o‘tdi.
Mag‘lubiyatsiz rekord saqlanib qoldi. Obro‘ ham. Lekin PFL kelajagidagi eng yorqin yuzlardan biri bo‘lishi kerak bo‘lgan jangchidan, bu kechada biroz ko‘proq chaqnash kutilgan edi. Endi savol bitta: keyingi safar u nafaqat g‘alaba, balki o‘sha yo‘qolgan “dazzle”ni ham qaytara oladimi?


