Sport Maydon logo

Chido Obi Willem II ga ijaraga o'tdi

Transfer oynasi yopildi, lekin Manchester United hali ham bitta bitimni oxiriga yetkazdi. Klub rasmiy ravishda 18 yoshli hujumchi Chido Obi’ning Niderlandiyadagi Willem II safida bir mavsumlik ijaraga o‘tishini e’lon qildi. Bitim ro‘yxatdan o‘tkazish tasdig‘iga bog‘liq.

Angliyada yozgi transfer oynasi seshanba kuni soat 23:00 da rasman yakunlangan bo‘lsa, Niderlandiyada klublarga chorshanba kechasi, soat 00:00 gacha imkon berildi. Ana shu 24 soatlik “qo‘shimcha nafas” United’ga yana bir akademiya iste’dodini chet elga jo‘natish imkonini berdi.

Obi uchun navbatdagi qadam

Chido Obi ilk bor Manchester United asosiy jamoasi safida 2025-yil fevralida, Tottenham’ga qarshi o‘yinda maydonga tushgan. Shundan buyon u katta jamoa tarkibida 8 ta uchrashuvda qatnashdi. O‘tgan mavsumni esa u to‘liq ravishda Under-21 tarkibida o‘tkazdi va 31 o‘yinda 15 ta gol urib, o‘zini kuchli hujumchi sifatida ko‘rsatdi.

Endi uning oldida boshqa sinov turibdi: Willem II. Muntazam o‘yin amaliyoti, yangi liga, yangi bosim. United akademiyasi uchun odatga aylangan yo‘l – eng iste’dodli yigitlar Yevropa bo‘ylab tajriba orttirishga ketmoqda.

Akademiyada gavjum yoz

Chido Obi bu yoz ijaraga ketgan yagona futbolchi emas. Akademiyada yozgi oynaning o‘zi bo‘shab qoldi, deya aytish mumkin. Transfer deadline kuni Jack Moorhouse ham Dundee klubiga ijaraga o‘tishga rozi bo‘ldi, uning vaqtinchalik ketishi chorshanba oqshomida rasman tasdiqlandi.

Yoz davomida klubdan vaqtincha ketgan boshqa akademiya o‘yinchilari orasida Ethan Wheatley, Jacob Devaney va Jayce Fitzgerald ham bor. United uchun bu – aniq strategiya: yoshlarni raqobatga tashlab, ularga haqiqiy futbol bosimini his qildirish.

Sotuvlar va kutilgan daromad

Bu yoz faqat ijaralar bilan cheklanib qolmadi. Akademiya bitiruvchilari orasida bir nechta muhim transferlar ham amalga oshdi. Toby Collyer Old Trafford’dagi davrini yakunlab, West Brom safiga o‘tdi. Ushbu bitim Manchester United’ga bonuslar bilan birga 7,6 million funtgacha daromad keltirishi mumkin.

Yana bir muhim chiqish – darvozabon Radek Vitek’ning Middlesbrough’ga o‘tishi. Championship’da yuqoriga intilayotgan klub bilan tuzilgan kelishuv qiymati 14 million funtgacha yetishi ehtimoli bor. Bu raqamlar United akademiyasining bozor qiymatini yana bir bor eslatib qo‘ydi.

Umuman olganda, yozgi oynada Manchester United safini jami 26 nafar futbolchi tark etdi – kimdir butunlay, kimdir vaqtincha. Klub rahbariyati ko‘proq daromad olishni, ayniqsa ortiqcha deb topilgan futbolchilardan yaxshiroq pul ishlashni rejalashtirgandi. Ammo yana bir bor ko‘rinib qoldi: ortiqcha yukdan qutulish, hatto Manchester United darajasidagi klub uchun ham, oson ish emas.

Shunga qaramay, akademiya eshiklari ochiq, yo‘l esa aniq. Chido Obi va uning tengdoshlari uchun savol bitta: bu ijaralar ularni Old Trafford’ga qaytaradimi yoki yangi manzillar ularning doimiy uyiga aylanadimi?

Chido Obi Willem II ga ijaraga o'tdi
Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil