Chelsea Alex Scott uchun 70 million funtlik taklif tayyorlayapti
“Stamford Bridge”dagi yozgi reja aniq: markazni qayta qurish. “Chelsea” bunga qancha turishini ham bilib turib, orqaga chekinayotgani yo‘q. Ular “Bournemouth”ning eng qimmat boyliklaridan biri – 22 yoshli Alex Scott uchun navbatdagi hujumni boshlash arafasida.
London klubi allaqachon taxminan 64 million funtlik taklifi rad etilganini biladi. Endi esa manbalar ma’lumotiga ko‘ra, “Chelsea” taklifni qariyb 70 million funtga ko‘tarishga tayyor. Bu – jiddiy pul. Lekin “Bournemouth” uchun yetarli emas.
Narx bo‘yicha kurash
Janubiy sohil klubi o‘z pozitsiyasini aniq qo‘ygan: Scott uchun 80 million funt. Shundan kamiga gap bo‘lmaydi. Yangi taklif esa baribir shu chegaradan ancha past bo‘lib qolmoqda. Natijada ikki klub o‘rtasida sezilarli moliyaviy “bo‘shliq” saqlanib turibdi, bu esa kelishuvni bir necha kun, balki haftalarga cho‘zib yuborishi mumkin.
“Chelsea” rahbariyati uchun Scott yozgi ro‘yxatning eng yuqori pog‘onalaridan birida. Ular uni yangi mavsum oldidan o‘rta chiziqni yangilash va chuqurlashtirish uchun ideal nomzod deb bilishyapti. Yosh, ingliz, pressingga mos, texnik jihatdan yetuk – bu profildagi futbolchini bozor hozir arzon baholamaydi.
Henderson kelishi – strategiyani o‘zgartirmaydi
Jordan Henderson bilan kelishuv ustida ish ketayotgani “Chelsea”ning rejalarini burib yubormaydi. Klub ichkarisidagi manbalar Scott baribir asosiy nishon bo‘lib qolayotganini ta’kidlashmoqda. Reja oddiy: hozirdayoq yosh o‘yinchilar asosidagi, yillar davomida raqobatbardosh bo‘lib qoladigan tarkibni yig‘ish.
Bu poygada esa londonliklar yolg‘iz emas. Scott atrofidagi vaziyatni bir nechta ingliz grandlari kuzatib turibdi. Manchester United, Liverpool va Tottenham qiziqish bildirgan klublar qatorida. Arsenal esa yoz boshidayoq dastlabki so‘rovlarni amalga oshirgandi, lekin keyin yo‘nalishni o‘zgartirdi.
Muzokaralarga yaqin manba shunday deya ogohlantiradi: “Chelsea Alex Scott bo‘yicha sezilarli siljishlarga erishdi va taxminan 70 million funtlik yangi taklif berishga tayyor. Ammo Bournemouth bu taklifni ham rad etishi ehtimoli yuqori”. Xuddi shu manba boshqa klublar ham yaqin kunlarda faolroq harakatlana boshlashi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Raqiblar strategiyasini o‘zgartiryapti
Arsenal va Manchester United allaqachon ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqdi. Xuddi shu manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Arsenal endi o‘rta chiziq uchun asosiy nishonni Bruno Guimaraes sifatida ko‘ryapti. Manchester United esa Scott bo‘yicha qiziqishni sovutib, boshqa variantlarni ko‘rib chiqishga o‘tgan.
Bu “Chelsea”ga manevr qilish uchun biroz bo‘sh joy berishi mumkin. Lekin bu degani, raqobat yo‘q degani emas. Andoni Iraola Scottning sifati va salohiyatiga katta baho berishi aytilmoqda, shuning uchun ayniqsa Liverpoolning poygaga to‘liq kirib kelishi ehtimoli rad etilmayapti. Agar Merseyside klubi ham stolga katta taklif qo‘ysa, narx yanada ko‘tarilishi turgan gap.
Bournemouth – sotishga majbur emas klub
Vaziyatni murakkablashtirayotgan omillardan biri – Eli Junior Kroupi jarohati. Bu zarba Scott kelajagi borasida ham yangi savollar tug‘dirdi. Ba’zi xabarlar hujumchi yo‘qligi fonida Bournemouth yozda asosiy futbolchilarini yanada qattiqroq ushlab qolishga harakat qilishini, hech kimni qo‘yib yubormaslikka urinishi mumkinligini ta’kidlaydi.
Boshqa manbalar esa bu fikrni rad etadi. Ularning aytishicha, klubni yirik sotuvga majbur qiladigan hech qanday moliyaviy bosim yo‘q. Yevrokubok yo‘llanmasi orqali kelgan daromadlar, ayniqsa so‘nggi transfer oynalaridagi faol savdolar fonida Bournemouth o‘zini ancha erkin his qilmoqda.
Klub kassasiga qishki oynada Antoine Semenyo transferidan tushgan katta mablag‘, shuningdek Dean Huijsen va Milos Kerkez bilan xayrlashuv ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Natija aniq: Bournemouth yozda navbatdagi yulduzni sotishga shoshilmaydi, faqat o‘zlari to‘g‘ri deb bilgan narx bo‘lsa, shundagina “ha” deydi.
Qaror vaqti yaqinlashmoqda
Shu fonida “Chelsea” murakkab pozitsiyada qolmoqda. Ular Scottni istashadi, futbolchi uchun katta pul taklif qilishga tayyor, lekin Bournemouth belgilagan 80 million funtlik “shift”ni sindirishga hozircha rozi emasdek ko‘rinadi. Har bir yangi kun muzokaralardagi bosimni oshiradi.
Savol endi shunda: London klubi o‘z prinsiplaridan chekinib, narxni yanada ko‘taradimi yoki bozorni qayta ko‘zdan kechirib, boshqa nomzodga o‘tadimi?
Yozgi oyna hali ochiq. Lekin bunday turdagi kelishuvlarda ba’zan bitta qo‘shimcha taklif butun bozor muvozanatini o‘zgartirib yuboradi. Endi navbat “Chelsea”ning keyingi qadamida.


