Sport Maydon logo

Carrow Road: Heggebo’ning diskvalifikatsiyasi va VAR masalasi

Carrow Road dag‘i ilk tur uchrashuvi 15 daqiqa qolganida ham sovuqqon davom etayotgandi. Hisob 0:0, tribunalar sabr bilan kutyapti, maydonda esa har bir to‘p uchun jang.

Shu payt sahnaga Jimmy Jay-Morgan chiqdi.

Chap qanotdan uchib kelgan hujumchi to‘pni jarima maydonchasining ichkarisiga, Norwich City darvozasi oldidagi olti metrlik hududga keskin uzatdi. To‘p Vladan Kovacevic cho‘zilgan qo‘lidan lip etib o‘tib ketdi va Albion hujumchisi Aune Heggebo tomon uchib bordi.

Norvegiyalik sakradi. Instinkt uni oyoq bilan yo‘naltirishga undagandek ko‘rindi, ammo to‘p oyog‘ini emas, qo‘lini topdi va darvoza to‘rini silkitdi.

Qo‘l bilan o‘ynadimi? Televizor qaytarishisiz, o‘sha lahzadagi tezlikda aytish qiyin edi.

Norwich futbolchilari bir zumda hakam Tim Robinson atrofini o‘rab oldi. Isyon, imo-ishoralar, norozilik. Ammo hakamlar brigadasi qo‘l bilan o‘ynashni ko‘rmadi. Gol o‘z kuchida qoldi.

West Bromwich Albion hisobni ochdi. Chempionshipdagi mavsum ochilish o‘yinida mehmonlar 1:0 oldinga chiqdi.

Bosim kuchaydi, bo‘shashgan Norwich esa zarba ostida qoldi. Morgan ikkinchi golni urib, ustunlikni mustahkamladi. 90-daqiqada Mathias Kvistgaarden mezbonlar uchun tasalli bo‘lib qolgan golni kiritdi, lekin kech edi. 2:1, uch ochko – Baggies bilan birga Midlendga yo‘l oldi.

Bu liga Video Assistant Referees (VAR) tizimisiz o‘ynaladi. Odatda bunday vaziyatlarda bahs-munozara, biroz ranjish, matbuot anjumanida bir-ikki savol – va tamom. Hisob o‘zgarmaydi, jadval ham.

Bu safar boshqacha bo‘ldi.

O‘yindan keyin kutilmagan burilish yuz berdi: Aune Heggebo Angliya futbolida kamdan-kam qo‘llanadigan qoida bo‘yicha – “hakamni aldash” aybi bilan rasmiy raviyda ayblangan ilk futbolchiga aylandi. Bu qoida 2017-18 yilgi mavsumdan kuchga kirgan, lekin deyarli ishlatilmagan edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, payshanba kuni unga ikki o‘yinlik diskvalifikatsiya berilgani e’lon qilindi.

Angliya futbol assotsiatsiyasi bayonoti qisqa va quruq bo‘ldi. Hech qanday batafsil tahlil, keng izohlar, murakkab tushuntirishlar yo‘q – faqat fakt: Heggebo FA Rule E3.1’ga zid ravishda xatti-harakat qilgani uchun jazolandi.

Endi esa savollar ko‘paydi. Qanday me’yor o‘rnatildi? Qaysi chiziqdan o‘tildi? Va eng nozik nuqta: agar foyda keltirgan qoida buzilishi tasodifiy bo‘lsa-chi?

West Brom pozitsiyasi aniq: ular buni ataylab qilingan aldamchilik deb hisoblamaydi.

Klub himoyasida shuni ta’kidladi: to‘p avval darvozabon Kovacevicga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirgan, shundan so‘nggina Heggebo qo‘liga kelib urilgan. Ularning fikricha, futbolchining reaksiyasi uchun “0,1 soniyadan kam” vaqt bo‘lgan. Bunday sharoitda ongli ravishda qo‘l bilan o‘ynash, qolaversa, hakamni ataylab aldash haqida gapirish mantiqsiz, deydi klub.

West Brom uchun asosiy savol shunda: bunday vaziyatda o‘yinchidan nima talab qilinadi?

Diskvalifikatsiya rasman e’lon qilingach, klub FA’ga yozma ravishda murojaat qilishini bildirdi. Maqsad – kelajakda shunga o‘xshash epizodlarda futbolchi qanday harakat qilishi kutilayotgani bo‘yicha aniq tushuntirish olish. Qo‘lni tortib olishga ulgurmaydigan lahzami bu? Darhol hakamga borib, o‘zi golni bekor qildirishga harakat qilishi kerakmi?

Angliya futbolida aldov uchun keyinchalik chora ko‘rish yangilik emas. Simulyatsiya – jarima maydonchasida “shon-shuhratli sho‘ng‘ishlar” – uchun futbolchilar allaqachon bir necha bor jazolangan. FA reglamentiga ko‘ra, hakam “aldangan” deb hisoblangan holatlarda orqaga qaytib, intizomiy choralar ko‘rilishi mumkin. Biroq bu jarayon bahsli epizodlar uchun emas, faqat futbolchi ataylab hakamni chalg‘itgani bo‘yicha “mutlaq dalillar” mavjud bo‘lgan holatlar uchun mo‘ljallangan.

West Bromning ishonchicha, aynan shu qoida ikki yil avval o‘zgartirilgach, Heggebo’ga qo‘yilgan ayblov o‘z turidagi birinchi holat bo‘lib turibdi. Bu esa ishning og‘irligini yanada oshiradi.

Bu voqea yana bir eski bahsni alangalatdi: Chempionship uchun VAR kerakmi?

Premier League o‘yinlarida VAR allaqachon kundalik manzara. Ikkinchi pog‘onadagi klublar esa bunga qarshi turib kelmoqda. Aprel oyida EFL klublari 2026-27 yilgi mavsumdan boshlab VAR’ning soddalashtirilgan versiyasini joriy etish imkoniyatidan voz kechdi. Reja yopildi, yaqin yillarda qayta ko‘rib chiqilishi ham kutilmayapti.

Demak, Carrow Road’dagi kabi vaziyatlarni o‘sha zahoti ko‘rib chiqish imkoniyati bo‘lmaydi. Qaror maydonda qabul qilinadi, keyin esa videoyozuvlar stol ustiga keladi – lekin faqat intizomiy chora ko‘rish uchun.

Heggebo’ning jazosi hakamlarni himoya qiluvchi xayriya tashkiloti Ref Support UK rahbari Martin Cassidy tomonidan olqish bilan kutib olindi. U bu qoida 2026-27 yilgi mavsum davomida yanada faol qo‘llanilishiga umid qilmoqda va buni “aldovga qarshi kurashda zarur qurol” deb biladi.

Cassidy West Brom ham, futbolchining o‘zi ham uchun achinishga o‘rin yo‘qligini aytib, 1997 yildagi mashhur epizodni eslatdi: o‘shanda Liverpool hujumchisi Robbie Fowler Arsenal darvozasiga penalti belgilanganidan so‘ng hakamga qarorini bekor qilishni aytgan, o‘ziga nisbatan adolatli bo‘lishga uringan edi.

Cassidyning fikri keskin: Heggebo ham xuddi shunday qilishi kerak edi.

“U tan olishi kerak edi. Hakamlarni aldash bu o‘yinda o‘rin topmasligi lozim, bu esa juda ijobiy qadam”, – degan mazmunda u o‘z pozitsiyasini bildirgan. Unga ko‘ra, qoida allaqachon mavjud, faqat yetarlicha ishlatilmagan. Endi esa bu ishni kengroq ko‘lamda qo‘llash va futbolni tozaroq qilish imkoni tug‘ilgan.

Carrow Road’dagi o‘sha bir lahza shunchaki hisobni ochgan gol bo‘lib qolmadi. U Chempionshipda halollik, texnologiya va futbolchilarning vijdoni haqida uzoq davom etadigan bahsni boshlab berdi.

Endi savol bitta: VAR’dan voz kechgan liga o‘yinchilarga o‘z xatosini maydonda tan olish mas’uliyatini yuklaydimi yoki Heggebo ishi kelajakda hakamlar va futbolchilar o‘rtasidagi ishonch chizig‘ini yanada nozik qilib qo‘yadimi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling