Sport Maydon logo

Braziliya yulduzlari Alisson va Casemirodan Bangladesh muxlislariga minnatdorchilik

Bangladeshning to‘xtamas futbol muhabbati yana bir bor dunyo sahnasida aks-sado berdi. Bu safar ularni olqishlagan — Braziliya darvozaboni, global yulduz Alisson Becker.

Houston tunida bo‘lib o‘tgan, asablarga o‘ynagan Braziliya – Yaponiya bahsi tugagan, matbuot anjumanida navbatdagi savol uchun mikrofon uzatiladi. Navbatdagi jurnalist — Bangladeshdan. Ammo u og‘iz ochishga ham ulgurmaydi.

Alisson jilmayib, o‘zi gap boshlaydi:

“Nice, Bangladesh! Videolaringizni ko‘rdim. Rahmat, Bangladesh, bizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun”.

Bu shunchaki xushmuomalalik emasdi. Bu — minglab kilometr narida, tunda, yomg‘irda ham, issiqda ham ko‘chaga to‘planib, Braziliya uchun hayajon qilayotgan mamlakatga bevosita minnatdorchilik edi.

Uzoqdan kelgan shovqin

Alisson ijtimoiy tarmoqlarda aylangan lavhalarni kuzatganini aytdi. O‘sha videolarda — Dakkadan tortib chekka shaharchalargacha bo‘lgan ko‘chalarda osilgan ulkan ekranlar, bayroqlar, yuziga “Brazil” ranglari chizilgan bolalar, tun yarmida ham to‘lgan maydonlar.

Yaponiya ustidan kelgan g‘alaba bunga yana bir yorqin misol bo‘ldi. Gabriel Martinelli so‘nggi daqiqalarda gol urgan paytda Bangladeshda allaqachon tun yarimni allaqachon ortda qoldirgan, lekin mamlakat bo‘ylab to‘ydek shovqin ko‘tarildi. Go‘yo o‘yin Houston emas, Dakkada o‘tkazilgandek.

Braziliya yoki Argentina maydonga tushgan har bir o‘yinda deyarli bir xil manzara: ko‘chalar to‘la, balkonlardan osilgan bayroqlar, osmonga otilgan mushaklar. Bu safar bu manzarani o‘yin qahramonlari ham ko‘rdi.

Bangladeshning Jahon chempionati bo‘yicha rasmiy translyatori bilan suhbatda Alisson yana bir bor murojaat qildi:

“Ha, videolarni ko‘rdim. Bangladesh xalqining barchasiga bizni qo‘llab-quvvatlagani uchun rahmat aytmoqchiman. Biz braziliyaliklar sizni yaxshi ko‘ramiz. Rahmat. Xudo sizni asrasin”, — dedi u.

Har bir so‘zida samimiyat sezilib turardi. Bu gaplar Bangladesh muxlislari uchun oddiy diplomatik jumla emas, yillardan beri davom etayotgan sadoqatga berilgan ochiq e’tirof edi.

Maydon markazidan – Dakkaga salom

Bu kechada faqat Alisson emas, Braziliya o‘rtamiyoni Casemiro ham Bangladeshni unutgani yo‘q. Yaponiya darvozasiga tenglashtiruvchi golni aynan u kiritdi va “Player of the Match” sovrinini qo‘lga kiritdi. O‘yindan keyingi media uchrashuvlarida u ham Bangladesh muxlislariga minnatdorchilik bildirdi.

Braziliya yulduzlarining bu e’tibori bejiz emas. Bir necha kun oldin Argentina darvozaboni Emiliano Martínez ham Jordan bilan o‘yindan so‘ng Bangladesh haqida alohida to‘xtalib, mamlakatga bo‘lgan iliq munosabatini bildirgandi. Shu tariqa ikki katta futbol davlati — Braziliya va Argentina — yulduzlari birin-ketin Bangladeshni tilga olayotgani, bu yurtning o‘ziga xos Jahon chempionati madaniyati endi rasman e’tirof etilayotganidan darak beradi.

Dramada tugagan kecha va uzoqdagi bayram

Maydonda esa Braziliya uchun oson kecha bo‘lmadi. Yaponiya hisobni ochib, bosimni oshirdi. Braziliya orqadan quvishga majbur bo‘ldi. Oxir-oqibat Casemiro sahnaga chiqib, hisobni tenglashtirdi. Shundan so‘ng bosim tobora kuchaydi.

Va nihoyat, so‘nggi daqiqalar. Martinelli sahnaga chiqdi, hal qiluvchi zarba, 2:1. Braziliya Jahon chempionatining 1/8 finaliga yo‘l oldi. Houston stadionida yengillik nafasini his qilish mumkin edi.

Bangladeshda esa o‘sha lahzada tun yana bir bor yorishdi. Qarsaklar, qichqiriqlar, bayroqlar hilpirashi, telefonga olingan yangi videolar. Ana shu lavhalar keyinroq Alisson va jamoadoshlarining telefonlariga yetib bordi va ulardan javoban kelgan minnatdorchilik so‘zlari bilan yopiq aylana hosil bo‘ldi.

Endi savol oddiy: bu masofa va vaqtni unutdiradigan, rang-barang bayroqlarni birlashtiradigan sadoqat keyingi bosqichlarda Braziliya yulduzlariga yana qancha kuch bag‘ishlaydi?