Bokschilarning nafaqaga chiqishdan keyin his-tuyg‘ulari
Tyson Fury 2022-yilda Dillian Whyte ustidan g‘alaba qozonganidan keyin ringdan voz kechishini e’lon qilganida, ko‘pchilik ishondi. Ehtimol, o‘zi ham ishongandir.
Oradan ko‘p o‘tmay, bokschining ichidagi eski alangalar yana lovullab, navbatdagi jang haqida gaplar paydo bo‘ldi. Shundan beri uning hayotida nafaqaga chiqish va qaytish haqidagi bayonotlar ketma-ket sahnalarga aylandi. Fury bu yo‘lda yolg‘iz emas.
Yillar davomida men faol va sobiq bokschilardan bir savolni qayta-qayta so‘radim: nimani sog‘inasiz? Nimani ortda qoldirdingiz? Qachon to‘xtash kerak va barchasi tugagach, bunga qanday chidash mumkin?
Jang oqshomini tasvirlashayotganda ularning ko‘zida o‘sha alanga paydo bo‘ladi. Ringga yurish. Birinchi gongdan oldingi soniyalar. G‘alaba lahzasi. Ular chin ma’noda qaramlikka aylangan tuyg‘u haqida gapirishadi.
Johnny Nelson buni qisqa qilib ta’riflaydi: “Bu – eyforiya”.
Lennox Lewis esa shunday deydi: “Tomoshabinlarning shovqinini eng ko‘p sog‘inaman”.
Uning dunyo chempionligini himoya qilish uchun Madison Square Garden tomon odimlashi bo‘ladimi, yoki Dave Allenning Rotherhamdagi kichikroq arenaga chiqishi – hissiyot bir xil.
Dave Allen: “Jang oqshomidagi hayajonni takrorlaydigan narsa yo‘q. Hech narsa bunga teng kelmaydi”.
George Groves qo‘shimcha qiladi: “Eng ko‘p sog‘inadigan narsa – ringga yurish. Tomoshabinlardan keladigan energiya. Boshqa hech narsa bunga o‘xshamaydi”.
Ammo vaqt hech kimni ayamaydi. Tana ogohlantira boshlaganda ham ko‘p bokschilarni ringda ushlab turadigan boshqa kuchlar bor.
G‘urur. Ego.
Nelson: “Ego bokschini hech qachon tark etmaydi, muammo ham shunda. Ichki olov so‘nishi mumkin, istak kamayishi mumkin. Lekin ego qoladi va yana qayt, deydi”.
U buni boshqalardan yaxshi biladi. Nafaqaga chiqqaniga to‘qqiz yil bo‘lganida, o‘zini qisqa muddatga bo‘lsa-da, qaytishga ishontirib qo‘ydi. Marco Huck uning 13 ta ketma-ket chempionlik himoyasi rekordini takrorlagach, “ikkalasi o‘z davrida uchrashganda nima bo‘lardi?” degan savollar paydo bo‘ldi.
Avvaliga Nelson buni kulib kutib oldi. Keyin o‘ylay boshladi. Jangga bo‘lgan qiziqish o‘sdi. Ishonchi ham.
“Jiddiy o‘ylab ko‘rdim, – deydi u. – Avvalgi Nelson emasligimni bilardim, lekin ego ustun keldi”.
Har bir qaytish ham ertakdek yakun topmaydi. Ricky Hatton buni 2012-yilda, uch yillik tanaffusdan so‘ng Vyacheslav Senchenko bilan ringga qaytganda his qildi.
“Qaytganimdan afsuslanmayman, – deydi Hatton. – Bu seni haqiqatga qaytaradi: tamom. Biz doim ichimizda yana bir marta urinib ko‘rish kuchi bor deb o‘ylaymiz”.
Hatton nega ko‘pchilik bokschilar ketishni istamasligini juda yaxshi tushungan. U ilk bor zalga kirgan paytdan boshlab boksni sevib qolgan.
“Birinchi zarbani olganimdayoq yoqib qoldi, – deydi u. – Juda qaramlik qiladigan narsa. Bunday sport yo‘q”.
U cho‘qqiga ko‘tarilib, jahon chempioniga aylangach, qo‘yib yuborish yanada og‘irlashdi.
“Orzuning ushalishi – mana shu. Va u tugamasligini xohlaysan. Bokschilar uchun ketish nihoyatda murakkab”.
Qaytish romantikasi ham shu yerda. Bokschi o‘zini hanuz avvalgidek deb ishonishni xohlaydi. Tomoshabinlar ham bunga ishonishni istaydi.
Lennox Lewis ko‘plab takliflarga qaramay, bu vasvasaga berilmadi.
“Men ham o‘ylab ko‘rganman, – deydi u. – Qachondir vasvasa bo‘lganmi, deb so‘rashsa, javobim oddiy: albatta. Doim”.
Ego, g‘urur, adrenalindan tashqari, yana bir omilni chetlab o‘tib bo‘lmaydi.
Pul.
Boksning achchiq kinoyasi shundaki, ko‘pchilik bokschilar eng katta gonorarlarini nafaqaga chiqish haqidagi savollar baland ovozda yangray boshlagan paytda olishadi.
Tyson Fury va Anthony Joshua hali ham kareralaridagi eng katta to‘lovlarni qo‘lga kiritishi mumkin, ko‘pchilik ularning eng yaxshi yillari ortda qoldi deb hisoblayotgan bo‘lsa-da.
Lekin ular – istisno.
British Boxing Board of Control bosh kotibi Robert Smith: “Boks nisbatan kambag‘al sport turi. Aksariyat bokschilar boshqa ish ham qilishadi. Ko‘pi yetarli pul topmaydi”.
Bu yo‘ldagi mashaqqatni Sam Eggingtondan yaxshiroq ifodalovchi kam. Tavakkal va doimiy janglar bilan to‘lgan karerasi davomida u britaniyalik muxlislarning sevimlisiga aylandi.
Hujjatli film suratga olinayotgan paytda Eggington uchun chiziq chizildi: u nafaqaga chiqishga qaror qildi.
“Boksni ishsiz qolganim uchun boshlaganman, – deydi u. – Yashash uchun pul kerak edi”.
Fury yoki Joshua’dan farqli o‘laroq, Eggington uchun nafaqa – moliyaviy erkinlik emas. Yillar davomida u ringni boshqa ishlar bilan birga olib bordi. Endi esa undan ham og‘ir bosqich boshlanadi: ringdan tashqarida o‘zini topish.
Bu o‘tish davri shafqatsiz bo‘lishi mumkin.
Dave Allen shunday deydi: “Men boshqa hech narsani bilmayman. Bolaligimdan beri boks. Boksdan keyingi hayot haqida o‘ylash qo‘rqinchli. Men shunchaki David – bokschiman”.
Qachon to‘xtash kerakligini eng yaxshi tushunadiganlar – murabbiylar.
Joe Gallagher yigirma yildan ortiq vaqt davomida jahon chempionlari va da’vogarlarni boshqargan. U zalga ilk bor qadam qo‘ygan o‘smirlarni ham, tajribali jangchilar sifatida ketayotganlarini ham ko‘rgan.
“Har kim o‘zining kichik ‘Rocky’ hikoyasini xohlaydi”, – deydi u.
Lekin boks kechirmaydi.
“Uying – zal. Shaxsing – shu. Va bir kuni birdaniga hammasi yo‘q bo‘ladi. Boks shafqatsiz. Tugatasan, ammo seni kutib turgan hech narsa yo‘q”.
Promouter Eddie Hearn ham o‘nlab kareralar ko‘tarilib, qulaganiga guvoh bo‘lgan.
“Bokschilar jang oqshomidagi hayajonni sog‘inishadi, – deydi u. – Lekin ular yig‘inlarni, lager hayotini, yonidagi odamlarni, har kuni bir xil tartibni ham sog‘inishadi.
“Shuning uchun ham ringdan tashqarida qiziqishlar topishlari juda muhim. Chunki bu juda erta tugaydigan kasb”.
Ba’zilarga ketishning to‘g‘ri lahzasini ushlash nasib etadi.
Groves 30 yoshida, Anthony Crolla 32 yoshida to‘xtadi. Ikkalasi ham davom ettirish imkoniga ega edi.
Crolla: “Yana bir necha gonorar uchun qolishim mumkin edi. Lekin bolalarni mashq qildirishga, ularga namuna bo‘lishga urinayotganimda, bu menga nima beradi?”
Groves Callum Smith’dan keyingi mag‘lubiyatdan so‘ng nafaqaga chiqdi – eng og‘ir yo‘l.
“G‘alaba bilan ketishni xohlaganman, – deydi u. – Lekin pul uchun osilib qoladigan yoki o‘tmishdagi hayajonlarni quvib yuradigan odamga aylanishni istamadim”.
Boshqalar uchun esa bu yo‘l ancha mashaqqatli.
Har bir necha oyda bir marta ringda ojiz ko‘rinayotgan, qarib qolgan bokschining navbatdagi videosi tarqaladi. Muxlislar esa uni nafaqaga chiqishga chaqirishadi.
Joe Joyce so‘nggi olti jangining beshtasida yutqazdi. Josh Warrington bir mag‘lubiyatdan so‘ng qo‘lqoplarini yechib qo‘ydi, keyin yana qaytdi.
Yana ringga qaytishidan oldin Warrington shunday degan edi: “Vaqt o‘tgan sari qaytish sabablarim haqida ko‘proq o‘ylayapman. Qachondir bu yo‘qotish ustidan motam tutishimga to‘g‘ri kelishini bilaman”.
Asl masala shunda bo‘lsa kerak. Boksda nafaqa – bitta lahza emas. Bu – asta-sekin qo‘yib yuborish jarayoni.
Futboldan farqli o‘laroq, boksda karera tugagach, rasmiy yordam deyarli yo‘q. Professional Footballers’ Association o‘tish davri dasturlari, pensiya bo‘yicha maslahatlar, qo‘llab-quvvatlash tarmoqlarini taklif qiladi. Boks esa ko‘pincha jangchini o‘zi bilan o‘zi qoldiradi.
Shu sabab pensiya jamg‘armalari va bokschilar uyushmalari haqidagi bahslar tinmaydi.
Nelson Barry Hearn yillar oldin joriy qilgan pensiya sxemasiga minnatdor.
“55 yoshga kirganimda pochta orqali xat oldim, – deydi u. – Allaqachon unutgan edim. O‘sha kundan boshlab, bu tizimni qaytarish kerak, deb o‘yladim”.
So‘nggi urinish – Global Fighters’ Association tashabbusi. Maqsad – bokschilarga ko‘proq himoya va moliyaviy barqarorlik berish.
Chunki ringda qancha pul topilishidan qat’i nazar, ketish azobi deyarli hamma uchun bir xil.
So‘nggi raund ko‘pincha yorqin chiroqlar ostida emas, yopiq eshiklar ortida o‘tiladi. Bokschi o‘zi bilan o‘zi qolgan payt, yana bir qaytishni quvishmi yoki erishilgan yutuqlar bilan yarashib yashashmi, degan savolga javob berishi kerak bo‘ladi.
Boks sportchisini og‘riqqa befarq bo‘lishga, shubhani siqib chiqarishga, har doim oldinga intilishga o‘rgatadi. Nafaqa esa buning teskarisini talab qiladi.
Qarshilikka asoslangan sport turida u rozi bo‘lishni, tan olishni so‘raydi. Va ko‘p bokschilar uchun, ehtimol, aynan shu – eng og‘ir jangdir.


