Barcelona yozgi transfer oynasida hayot-mamot masalasida
"Barcelona" yozgi bozorni shunchaki tarkibni boyitish uchun emas, tirik qolish uchun o‘ynayapti. Robert Lewandowski ketganidan keyin old chiziqda paydo bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldiradigan yagona ism sifatida klub ichida bir futbolchi atrofida fikr jamlangan: Julian Alvarez.
Hansi Flick uchun bu transfer – oddiy istak emas, asosiy maqsad. Biroq yo‘lning birinchi burilishidaoq to‘siq: "Atletico Madrid". Madrid klubi muzokaralarda oyog‘ini yerga tirab oldi, narxni tushirishga ham, shartlarni yengillashtirishga ham moyil emas.
Alvarez – yagona to‘g‘ridan-to‘g‘ri yechim
Klub ichidagi hisobotlar bir narsani aniq ko‘rsatadi: hozirgi mercato doirasida "Spotify Camp Nou"ga keliboq asosiy tarkibga kirishi kafolatlangan yagona nom – Alvarez. Qolganlar emas.
Shu bois Alvarez atrofidagi raqobat "Barcelona" uchun yanada keskinroq seziladi. "Arsenal" ham o‘yinga kirgan, moliyaviy jihatdan esa ustunlik aniq ularning tomonda. London klubi allaqachon Viktor Gyokeres, Kai Havertz va Gabriel Jesus bilan hujum chizig‘ini Premyer liga chempionligi va Chempionlar ligasi finaligacha ko‘targan holda mustahkamlagan. Ular uchun Alvarez – sifatni yanada oshiradigan hashamat.
"Barcelona" uchun esa u – zarurat. Yangi mavsumni La Liga poygasida va Chempionlar ligasi orzusida jon saqlab qolish uchun kerak bo‘lgan markaziy bo‘lak.
Asllani va Kroupi – ishonch emas, savol
Alvarez transferi o‘xshamasa, klub ichida ko‘zlar Vesnik Aslani tomon buriladi. U ro‘yxatda ikkinchi. Lekin bu yo‘l ham silliq emas. "Leipzig" ham uni xohlaydi, demak, bu yerda ham moliyaviy kurash, murakkab muzokaralar va vaqt bosimi.
Junior Kroupi esa hozircha eng noaniq variant. Klub rahbariyatida uning transferiga nisbatan fikrlar bo‘lingan. Hansi Flick hozircha "ha" degan, lekin bu ichki shubhalarni to‘liq yo‘qotmaydi.
Eng muhim nuqta: Asllani ham, Kroupi ham "Barcelona" formasini kiygan zahoti asosiy tarkib kafolatini olmaydi. Ular hali katta klub yoki terma jamoa darajasida porlamagan. Demak, ular avval bu maydonda ishonchni yutib olishi kerak bo‘ladi. Bu esa vaqt demak. "Barcelona"da esa vaqt kam.
Ferran Torres – kelajakni hal qiladigan nom
To‘rtlikni Ferran Torres yopadi. Uning shartnomasi yakuniy yiliga kirgan, lekin hanuz yangilanganicha yo‘q. Bu ham klub, ham futbolchi uchun xavfli zona.
Ferran kelajagi bevosita Alvarez kelish-kelmasligiga bog‘liq bo‘lib qolyapti. Agar Alvarez keladigan bo‘lsa, Ferran yangi mavsumda chetga surilgan, ikkinchi yoki uchinchi plandagi variantga aylanishidan xavotirda. Shu qo‘rquv fonida uning "Paris Saint-Germain" bilan bog‘lanishi mantiqli ko‘rinadi.
Luis Enrique bilan munosabatlari mustahkam, Parijda esa u o‘zini qayta ochib bera oladigan, ishonchli muhitni ko‘rayapti. "Barcelona" esa Neymar va Ousmane Dembélé bilan bog‘liq og‘riqli xotiralarni hanuz unutmagan bo‘lsa-da, Ferranni kelasi yanvarda bepul yo‘qotish xavfini ham ko‘ra turibdi. Natijada klub uning "PSG"ga ketishiga yo‘l ochishi ehtimoli yuqori.
"Real Madrid"ning 150 millionlik hiylasi
"Barcelona" Alvarez ortidan quvib borar ekan, kutilmaganda yana bir to‘siqqa duch keldi – bu safar to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, lekin juda noqulay shaklda: "Real Madrid".
"Los Blancos" Alvarez uchun 150 million yevrolik taklif bilan chiqdi. Bu raqam amalda qabul qilinmasligini Florentino Perez juda yaxshi bilardi. Lekin uning maqsadi boshqa edi. Bu qadam bilan u "Atletico Madrid"ni bir chiziq chizishga majbur qildi: endi ular "Barcelona"dan 150 milliondan kamiga rozi bo‘lmasliklari uchun ochiqcha asosga ega.
"Barcelona" uchun bu – og‘ir zarba. Premyer liga klublari bilan moliyaviy bellashuvga kirishishning o‘zi qiyin bo‘lsa, endi "Real Madrid"ning strategik yurishi ham narxni osmonga ko‘tardi.
Vinicius – "Arsenal" va Alvarez o‘rtasidagi yashirin bo‘g‘in
Bu transfer domino effekti boshqa bir chiziqda ham davom etadi. Alvarez kelajagi endi "Real Madrid"dagi Vinicius Junior kelajagi bilan ham bog‘lanib qoldi.
Agar Vinicius "Arsenal"ga o‘tsa, London klubi Alvarez poygasidan chiqib ketadi. Bu "Barcelona" uchun katta nafas bo‘lishi mumkin. Lekin aynan shu ssenariyni tasavvur qilishning o‘zi qiyin: "Real Madrid"ning braziliyalik yulduzdan hozir voz kechishi mantiqdan yiroq.
Demak, real manzara boshqacha: Vinicius qoladi, "Arsenal" esa bozor ustida moliyaviy bosimini saqlab turadi. Natijada Alvarez uchun kurashda "Barcelona" yanada siqiladi.
Boshqa gigantlar – hashamat, "Barcelona" – majburiyat
Yevropaning boshqa yirik klublariga qarasangiz, manzara butunlay boshqacha. "Paris Saint-Germain" Diomande transferi amalga oshmay qolganidan zarracha aziyat chekmaydi. Agar oxirgi kunlarda Ferran Torresni ham ololmasa, baribir Luis Enrique ixtiyorida Ligue 1 va Chempionlar ligasi uchun yetarli asosiy va zaxira variantlar bor.
"Real Madrid" Rodri bilan bog‘lanmoqda, lekin u yerda allaqachon Tchouaméni bor, Eduardo Camavinga ham o‘sha zonada o‘ynay oladi. Bu – sifatni yanada oshirish uchun qilingan harakat, xolos.
"Arsenal" ham Alvarezni olib kelsa, bu ularga hujumda yanada qudrat qo‘shadi, lekin ular allaqachon chempionlik va Yevropa finaliga chiqqan tarkibga ega.
"Barcelona" esa butunlay boshqa holatda. Ular uchun bu yoz – "agar olmasak bo‘lmaydi" oynasi. Yangi mavsumga yuqori darajadagi hujumchi olmasdan kirish – La Liga poygasida ham, Chempionlar ligasi orzusida ham o‘zini chetga chiqarib qo‘yish bilan barobar.
Og‘riqli xotiralar va xavfli kelajak
Klub hali ham "PSG" bilan bog‘liq jarohatlarni unutgani yo‘q. Neymar ketishi – nafaqat sport, balki psixologik zarba bo‘lgan. Ousmane Dembélé "Parc des Princes"ga ketib, o‘z karerasida burilish yasaganida ham "Barcelona" tomoni yana bir bor o‘zini talanganidek his qilgan.
Endi Ferran Torres bilan shunga o‘xshash ssenariy takrorlanishi ehtimoli bor. Farqi shundaki, bu safar "Barcelona" hech bo‘lmaganda uni bepul qo‘ldan chiqarib yubormaslikka urinmoqda. Lekin bu qaror boshqa, yanada xavfli savolni ochadi: agar Ferran ketsa, Alvarez kelmasa, old chiziqda kim qoladi?
Hozirgi holatda klub na Alvarezga kafolat bera oladi, na Ferran Torresni ushlab qolishiga ishonchi komil. Yozgi oynaning so‘nggi haftalarida savol yanada keskinlashadi: "Spotify Camp Nou" yangi mavsumni haqiqiy top darajadagi hujumchisiz boshlash xavfini ko‘tara oladimi? Yoki bu yoz, keyinchalik yillar davomida eslanadigan, hal qiluvchi burilish nuqtasiga aylanadimi?


