Atletico Madrid va Manchester United uchun Jorge Salinas poygasi
Ispaniya yozgi bozori har yili yangi ismni sahnaga olib chiqadi. Bu safar navbat Racing Santander chap qanot himoyachisi Jorge Salinasga keldi. Endigina 19 yoshda, ammo atrofida qaynoq raqobat. Markazda esa ikkita gigant: Atletico Madrid va Manchester United.
United radarida paydo bo‘lgan yulduzcha
Manchester United yozning boshidayoq Salinasni diqqat markaziga olgan edi. Klub skautlari uni butun mavsum davomida Racing Santander safida sinchkovlik bilan kuzatdi. Klub LaLiga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, Salinas esa bu yo‘lda asosiy figuraga aylandi.
Keyin esa muhim sinov keldi. Iyun va iyul oylarida Uelsda o‘tgan Yevropa U-19 chempionati. Salinas Ispaniya yoshlar terma jamoasi bilan turnirda maydonga tushdi, Manchester United skautlari esa deyarli har bir o‘yinda tribunadan kuzatib bordi. Ularning ilgari tayyorlagan hisobotlari shu turnirda yanada mustahkamlandi: Salinas finalgacha bo‘lgan yo‘lda ham, chempionlikka eltgan hal qiluvchi lahzalarda ham o‘zini ko‘rsatdi. Ispaniya kubokni ko‘tardi, himoyachi esa o‘z nomini yirik klublar daftarining yuqori qatoriga yozdirib qo‘ydi.
Endi Old Trafford klubi oldida savol turibdi: 19 yoshli himoyachi uchun aniq taklif berish vaqti keldimi? Salinas shartnomasidagi bo‘shatish bandi 16 million yevro miqdorida. Bu — yosh chap qanot himoyachisi uchun yengil qaror emas, ammo bozor sharoitida mutlaqo mantiqli raqam.
Barcelona chekinishga majbur bo‘lgan nuqta
Racing Santanderning LaLiga yo‘llanmasi nafaqat klubning daromadini, balki Salinasning bozor qiymatini ham ko‘tarib yubordi. Uning shartnomasidagi band sezilarli oshirildi. Aynan shu o‘zgarish bir paytlar uni “loyiha transferi” sifatida ko‘rib chiqqan Barcelona rejalarini buzdi. Katalon klubi chap qanotga yosh variant qidirar edi, ammo band miqdori ikki baravar oshgach, Camp Nou tomonida bu variant stol ustidan olib tashlandi.
Atletico Madrid – zaxira uchun emas, birinchi jamoa uchun
Atletico Madrid esa Salinasga butunlay boshqacha nigoh bilan qarayapti. Madrid klubi uni kelajak uchun emas, hozirning o‘zida birinchi jamoa tarkibiga qo‘shiladigan futbolchi sifatida ko‘rmoqda. Matteo Ruggeri Aston Villa safiga yo‘l olganidan keyin chap qanotdagi bo‘shliqni to‘ldirish zarurati yanada keskinlashdi. Aynan shundan so‘ng Atletico muzokaralarni tezlashtirdi.
Klubga yaqin manbalar Madrid vakillari oxirgi bir oy ichida Racing va futbolchi vakillari bilan aloqani kuchaytirganini tasdiqlamoqda. Ular bitta narsani aniq biladi: Manchester United ham Racing bilan, ham Salinas tomoni bilan bog‘langan. Premyer-liga giganti istalgan payt rasmiy taklif bilan chiqishi mumkin. Ana shu xavotir Atletico’ni tezroq harakat qilishga majbur qilmoqda.
United – asosiy nishon Hall, ammo Salinas tobora jozibador
Manchester United uchun esa Salinas hozircha variantlardan biri, xolos. Klub chap qanot himoyasini qayta qurish ustida ishlayapti, asosiy maqsad esa Newcastle futbolchisi Lewis Hall bo‘lib qolmoqda. United aynan shu transferni amalga oshirishga urinyapti, lekin Newcastle sotishga tayyor emas. Bu esa Manchester rahbariyatini boshqa yo‘nalishlarga qarashga majbur qildi.
Shu jarayonda Salinas tobora jozibali alternativaga aylanmoqda. Yosh, xalqaro turnir tajribasiga ega, LaLiga yoqasida turgan klubda asosiy o‘yinchi. Bozor nuqtai nazaridan ham, sport nuqtai nazaridan ham mantiqiy variant.
United ro‘yxatida faqat Salinas emas. Klub RB Leipzig himoyachisi David Raum nomini ham qayd etgan, Club Brugge futbolchisi Joaquin Seys bo‘yicha ham tahlillar o‘tkazilgan. Biroq Belgiya tomoni Seys bu yozda bozorga qo‘yilmasligini qat’iy ta’kidlagan. Demak, real variantlar soni qisqarib bormoqda, Salinas esa ro‘yxatning yuqori qismiga ko‘tarilmoqda.
16 million yevrolik poyga
Hozircha bitta narsa aniq: Jorge Salinas atrofidagi poyga tezlashdi. Atletico Madrid imkon qadar tezroq zarba berishga, 16 million yevrolik bandni ishga tushirib raqiblarni ortda qoldirishga urinmoqda. Manchester United esa hali ham strategik qaror ustida bosh qotiryapti — Hall uchun kurashni davom ettirishmi yoki chap qanot kelajagini Ispaniyadan topishmi?
Yozgi oyning har kuni narxni emas, vaqtni qimmat qilayotgan bir pallada savol shunday: Salinasni birinchi bo‘lib kim ishontira oladi — Wanda Metropolitano’dami yoki Old Trafford’dami?



