Sport Maydon logo

Aston Villa transfer bozorida: Watkins va Martinez atrofida qanday o'zgarishlar?

Unai Emery Aston Villa atrofidagi sukunatni bir og‘iz gap bilan buzdi. Klub Ollie Watkins bo‘yicha rasmiy takliflar olganini tasdiqladi. Shu bilan Villa Parkda yozgi oynaning eng og‘ir kunlari boshlandi.

Yevropa Ligasida besh gol va ikki golli uzatma bilan kubokni Birmingemga olib kelishda bosh rolni ijro etgan hujumchi endi Saudi Pro League giganti Al-Hilal nishoniga aylangan. Bu shunchaki qiziqish emas – stol ustida rsmiy takliflar yotibdi.

Emeryning ochiq tan olishi

Emery matbuot oldida ortiq yashirmadi. U Watkins atrofidagi vaziyatni “muammo” deb atadi, lekin shu bilan birga bu klubning odatiy ish tartibi ekanini eslatdi. U sotishni xohlamasligini aytdi, ammo “agar bu futbolchi, klub va jamoa uchun yaxshi variant bo‘lsa va men uni tarkibda almashtira olsam”, eshik yopilmasligini ham ko‘rsatdi.

Bu so‘zlar Villa muxlislariga yoqishi qiyin. Chunki Watkins 2020 yilda Brentforddan kelganidan beri 108 gol urdi, jamoaning hujumdagi yuragi, pressingdagi birinchi himoyachisi bo‘lib kelmoqda. Endi esa o‘n kuncha qolgan transfer oynasida uning kelajagi savol ostida.

Yarim jamoa allaqachon ketdi

Watkins ketishi – bu yozdagi yagona og‘riq emas. Aston Villa tarkibi allaqachon jiddiy parokanda bo‘ldi.

Ezri Konsa 51 million funt evaziga Arsenal safiga yo‘l oldi. Morgan Rogers esa 117 million funtlik britan rekordi bo‘lgan summa evaziga Chelsea tarkibiga qo‘shildi. Youri Tielemans va Lucas Digne ham klub bilan xayrlashdi.

Endi esa asosiy to‘purarning chiqib ketish ehtimoli turibdi. Agar bu ham ro‘y bersa, Yevropa Ligasi kubogini ko‘targan asosiy tarkibning yarmi emas, undan ham ko‘prog‘i tarqalib ketgan bo‘ladi.

Emery baribir Watkinsga bo‘lgan ishonchini yashirmadi. U Ollie’ni “fantastik hujumchi” deb atadi, u bilan ishlashdan mamnunligini aytdi va agar u qolsa, hozirgi darajasini davom ettirishiga ishonganini bildirdi. Lekin shu bilan birga, agar ketish bo‘lsa, bu uch tomon – futbolchi, klub va jamoa – uchun birday foydali bo‘lishi kerakligini ochiq aytdi.

Martinez ham chiziqda turibdi

Bosim faqat hujum chizig‘ida emas. Darvozabon chizig‘ida ham beqarorlik. 2022 yilgi Jahon chempioni Emi Martinez kelajagi ham mavhum.

Juventus bilan bo‘lgan transfer muzokaralari narx borasidagi kelishmovchilik sabab barbod bo‘ldi, lekin argentinalik darvozabonning “parvozga tayyor” ekani sezilib turibdi. Shuning uchun ham Aston Villa allaqachon harakat qildi: klub Parma’dan Yaponiya terma jamoasi posboni Zion Suzuki’ni 30 million funt evaziga olib keldi.

Emery yangi darvozabon haqida gapirar ekan, Suzuki “kelajak uchun emas, hozir uchun” imzolanganini ta’kidladi. U yapon posbonining darajasini maqtadi, lekin moslashish uchun vaqt kerak bo‘lishini ham tan oldi.

Martinez esa murabbiy so‘zlariga ko‘ra, allaqachon bir necha muddatdan beri yangi chaqiriq haqida o‘ylab kelgan. O‘tgan mavsum ham shunday fikr bo‘lgan, ammo u o‘sha payt ketmadi va Aston Villa bilan ajoyib mavsum o‘tkazdi. Endi esa bu mavzu yana kun tartibiga qaytdi.

Nozik muvozanat

Emery tan olganidek, Aston Villa hozir juda nozik chiziqda yuribdi. Bir tomonda – Premier League va Yevropa sahnasida raqobatbardosh bo‘lish istagi. Ikkinchi tomonda – Yevropa chempionlari, Saudi Pro League gigantlari va boshqa yirik klublarning moliyaviy qudrati.

Suzuki transferi – Martinez istaklari bilan hisoblashish, ammo darvozabon chizig‘ini xavf ostida qoldirmaslik uchun qilingan oldindan zarba. Watkins bo‘yicha esa bunday “zaxira reja” hali ko‘rinmayapti, va aynan shu narsa Villa muxlislarini bezovta qilmoqda.

Agar Watkins ham, Martinez ham ketadigan bo‘lsa, ikki oy avval Yevropa Ligasi kubogini ko‘targan jamoaning qiyofasi butunlay o‘zgaradi. Rekrutlar bo‘limiga tushadigan bosim esa bir necha baravar ortadi: ular qisqa muddat ichida nafaqat raqobatbardosh, balki darhol natija beradigan o‘rinbosarlar topishi kerak bo‘ladi.

Bu orada vaqt esa to‘xtamayapti. Transfer oynasining yopilishiga taxminan o‘n kun qoldi. Yakshanba kuni esa Aston Villa Premier League mavsumini safarda, Brighton maydonida boshlaydi.

Savol oddiy, lekin og‘ir: Brighton ga qarshi ilk turga chiqqan jamoa, ikki oy oldin Yevropa kubogini ko‘targan o‘sha jamoa bilan qanchalik o‘xshash bo‘ladi?

Pin-Up sport bonusi 200% gacha. Promokod PINBET2026. Bonusni oling