Aston Villa Ibrahim Mbaye bilan kelishuvni yakunlamoqda
Aston Villa yozgi bozorning eng shov-shuvli zarbalaridan birini berdi. Klub Paris Saint-Germain hujumkori, Liverpool nishoniga aylangan Ibrahim Mbaye bo‘yicha kelishuvga erishdi va 18 yoshli iqtidor endi Angliyaga yo‘l olmoqda – lekin Merseyside emas, Birmingem sari.
Liverpool uni Mohamed Salah uchun uzoq muddatli o‘rinbosar sifatida ko‘rib chiqqan, hujum chizig‘iga portlovchan, chap oyoqli, o‘ng qanotdan kesib kiradigan futbolchi qidirayotgan edi. Biroq Parij klubi qo‘ygan narx Anfield rahbariyatini ortga chekinishga majbur qildi.
Narx o‘yini: 70 milliondan 55 milliongacha
PSG butun yoz davomida Mbaye uchun talab qilinadigan summani xaridoriga qarab o‘zgartirdi. Liverpool uchun belgilangan narx – 70 million yevro. Ichkarida bu summani pasaytirish mumkin, degan ishonch bo‘lgan bo‘lsa-da, klub muzokaralarga ortiqcha vaqt va resurs sarflashni istamadi. Ular barcha e’tiborini asosiy nishon – Bradley Barcola transferiga qaratdi.
Shu paytda sahnaga Aston Villa chiqdi. Mbaye allaqachon ularning radarida edi, bu qiziqish qishda ham bo‘lgan. O‘sha vaqtda PSG uni qo‘yib yuborishni qat’iyan rad etgan, yosh hujumchini kelajak loyihasining bir bo‘lagi sifatida ko‘rgan edi. Vaziyat endi o‘zgardi.
David Ornstein (The Athletic) xabariga ko‘ra, Villa PSG bilan 55 million yevrolik kelishuvni yopishga muvaffaq bo‘ldi. Bu raqam Nasser Al-Khelaifi va Nassef Sawiris o‘rtasidagi iliq ish munosabatlari fonida kelib chiqqan. O‘zaro ishonch muzokaralarga tezlik berdi, narxni esa yerga tushirdi.
Endi transfer yakuniy hujjatlar bosqichida. Mbaye Birmingem klubida uzoq muddatli shartnoma imzolashi kutilmoqda. Senegal terma jamoasi a’zosi bo‘lgan bu yigit Villa skautlar ro‘yxatida allaqachon bir necha mavsumdan buyon turibdi.
18 yosh, ammo katta sahna tajribasi
Mbaye yoshi bilan emas, o‘yinlari bilan gapiradigan toifadagi futbolchi. 18 yoshida u allaqachon PSG safida 42 ta rasmiy o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. Yevropa sahnasi unga begona emas, bosim ham.
Qish faslida u Afrika Millatlar Kubogi turnirida Senegal terma jamoasi bilan maydonga tushdi, yozda esa Jahon chempionati sahnasiga chiqdi. Bunday taqvim ko‘pchilik tajribali futbolchilar uchun ham sinov bo‘lsa, Mbaye bularning barchasini balog‘atga yetmay turib boshidan kechirdi.
Ammo o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida hammasi bir zumda silliq kechgani yo‘q. AFCONdan qaytgach, u PSG safida o‘yin amaliyotidan jiddiy mahrum bo‘ldi. Murabbiy shtabi boshqa variantlarga tayanishni boshladi, Mbaye esa ko‘proq zaxira o‘rindig‘idan o‘yinlarni kuzatishga majbur bo‘ldi. Aynan shu lahza unda yangi chaqiriq, muntazam o‘yin va ishonch izlash istagini uyg‘otdi.
Emery uchun hal qiluvchi bo‘g‘in
Unai Emery uzoq vaqtdan beri yana bir qanot futbolchisini xohlardi. Uning tizimida kenglik, tezlik va birga-bir vaziyatlarda raqibni yenga oladigan futbolchilar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mbaye aynan shunday profilga to‘g‘ri keladi.
Villa so‘nggi kunlarda AC Milan hujumkori Rafael Leao bilan ham muloqot olib bordi. Bu muzokaralar bir necha kun davom etdi, ammo dastlabki signallar ijobiy bo‘lmadi: Leao Galatasaray variantini afzal ko‘rayotgani, Villa taklif qilgan shartlar esa uni to‘liq ishontirmagani aytilmoqda.
Shu fon’da Mbaye bo‘yicha kelishuv Aston Villa uchun o‘z vaqtida kelgan zarba bo‘ldi. Bozorning ushbu nuqtasida top-klub darajasidagi qanot hujumkorini olib kelish – bu nafaqat sport, balki imidj g‘alabasi ham.
Villa uchun yangi bosqichmi?
Mbaye Aston Villa tarkibiga qo‘shilgach, Premyer-ligada raqib himoyalariga yangi bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi. Yosh, och, o‘zini isbotlashga tashna, katta sahnani ko‘rgan va endi muntazam o‘yin amaliyotiga chanqoq futbolchi.
Liverpool undan voz kechdi, lekin bu hikoya Anfield uchun yopilgan bo‘lsa, Villa Park uchun endi boshlanmoqda. Endi savol bitta: Mbaye Birmingemda navbatdagi yulduzga aylanadimi yoki bu transfer bozoridagi navbatdagi tavakkalga aylanib qoladimi?



