Arteta’ning sabotajlari: Arsenalni sinovdan o‘tkazish rejasi
Mikel Arteta yozgi tayyorgarlik paytida ataylab klubning safar rejalarini izdan chiqarganini tan oldi. Uning maqsadi oddiy emas edi: jamoani yo‘ldagi qiyinchiliklarga oldindan o‘rgatish.
U buni shunchaki so‘z bilan emas, amalda bajargan. Safarga chiqish marshrutini o‘zgartirish, ovqatlanish vaqtini kechiktirish, futbolchilarni o‘yinlarga ataylab kechiktirib olib borish. Mashg‘ulot kunlarida kiyinish xonasini odatdagidan ancha issiq qilish, massaj stollari sonini kamaytirish. Bularning barchasi tasodifiy emas, rejalashtirilgan “bezovtalik” edi.
Neapoldagi kechikish – oldindan yozilgan ssenariy
Yaqinda bo‘lib o‘tgan haftada Arsenal Italiyaga, Napoli bilan Chempionlar Ligasi uchrashuvi uchun yo‘l oldi. London klubi Luton aeroportidan kutilganidan uch soat kech uchib, Neapolga reja bo‘yicha emas, ancha kech yetib bordi. Bunga seshanba kuni yuzaga kelgan Air Traffic Control inqirozi sabab bo‘ldi.
Shunday vaziyatda ko‘p jamoalar ritmini yo‘qotadi, asabiylashadi, bahona izlaydi. Arteta esa savolni boshqacha qo‘ydi: bu kechikish futbolchilariga qanday ta’sir qildi?
Uning javobi aniq bo‘ldi: bu holatga jamoa allaqachon tayyor edi. Chunki u bunday stsenariylarni yozgi o‘yinlarda o‘zi yaratgan.
Arteta o‘z fikrini shunday izohladi: stadionga juda kech borish, odatiy tartibni buzish, futbolchilarni boshqa ish qilishga majbur etish. U uchish bekor bo‘lishi, poyezd kechikishi, yo‘lda tirbandlik bo‘lishi mumkinligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham o‘sha paytda na futbolchi, na shtab vahimaga tushishini xohlamaydi.
Uning yondashuvi sodda: vaziyat o‘zgardimi – moslash. Samolyotda ikki-uch soat bormi – undan foydalan. Kimdir uxlasin, kimdir jamoadoshlari bilan vaqt o‘tkazsin. Faqat bir narsa taqiqlangan: shikoyat qilish va bahona qidirish.
“Issiq” kiyinish xonasi va kamaytirilgan qulayliklar
Arteta nimalar qilgani so‘ralganda, u birma-bir sanab o‘tdi. Ovqatlanish vaqtini kechiktirish, avtobusni kechroq chiqarish, stadionga boshqa yo‘ldan borish. Kiyinish xonasini odatdagidan issiqroq qilish, uni noqulayroq, murakkabroq muhitga aylantirish. Massaj stollari sonini kamaytirish.
Uning fikricha, Arsenal turli kontekstlarga tayyor turishi kerak. Har bir safar, har bir stadion, har bir mamlakat – o‘ziga xos sinov. Shuning uchun ham u kutilmagan elementlarni imkon qadar oldindan “sinab ko‘rish” tarafdori. O‘yin kuni stress va hayrat omili minimal bo‘lishi kerak, deydi u.
Cho‘ntak o‘g‘risi, lampochka va “You'll Never Walk Alone”
Bu Artetaning birinchi noodatiy usuli emas. O‘tgan mavsum u yana bir g‘ayrioddiy tajribasi bilan e’tibor markazida bo‘lgan edi. U o‘sha paytdagi sport fanlari va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha rahbari Tom Allen orqali maxsus cho‘ntak o‘g‘risini yollagan.
Bu odam oddiy ofitsiant ko‘rinishida kechki ovqatga keladi, futbolchilar bilan bir xonada yuradi va ularning buyumlarini yashirincha olib qo‘yadi. Ovqat tugagach, Arteta jamoa yig‘ilishini o‘tkazadi va uchrashuv yakunida futbolchilarning “o‘g‘irlangan” buyumlarini oldinga qo‘yadi.
Bu oddiy fokus emas edi. U kelayotgan raqibni – maydonda har qanday mayda ustunlikni tortib olishga urinadigan jamoani – shunday tasvirlashni istadi. Arteta o‘z futbolchilaridan ham shunday “pickpocket mentaliteti”ni talab qildi: maydonda doimo ogoh bo‘lish, har daqiqada raqibdan ustunlikni “yulib olish”.
Amazon Prime’ning “All or Nothing” hujjatli loyihasi Artetaning boshqa g‘aroyib usullarini ham ochib bergan. Liverpool bilan Anfielddagi o‘yin oldidan u mashg‘ulot vaqtida stadiondagi atmosferani sun’iy yaratishga uringan. Buning uchun mashg‘ulot maydonida baland ovozda “You'll Never Walk Alone” qo‘shig‘ini qo‘ygan. Maqsad – futbolchilarni tomoshabinlar qaytgan Anfield bosimiga oldindan moslashtirish.
Boshqa bir uchrashuv oldidan esa u lampochka bilan nutq so‘zlagan. U lampochkani jamoaning ramzi sifatida ko‘rsatib, futbolchilar bir-biriga energiya va yorug‘lik ulashishi kerakligini ta’kidlagan. Oddiy predmet, lekin kuchli obraz.
Arsenal uchun navbatdagi qadam
Artetaning uslubi ko‘pchilikka g‘alati tuyulishi mumkin. Lekin u o‘z yo‘lini tanlab bo‘lgan: Arsenal faqat taktik rejalar bilan emas, ruhiy va emotsional tayyorgarlik bilan ham raqibdan ustun bo‘lishi kerak.
Safardagi kechikishlar, issiq kiyinish xonalari, cho‘ntak o‘g‘rilari va baland ovozdagi qo‘shiqlar – bularning bari bitta savolni ochiq qoldiradi: bu usullar mavsum yakunida kuboklar ko‘tarilgan paytda qanday baholanishi mumkin?



