AQShning qiyin g‘alabasi va Balogunning qizil kartasi
AQSh terma jamoasi Bosniyaga qarshi 2:0 hisobida zafar quchdi, lekin e’tibor hisobda emas, 64-daqiqadagi bitta epizodda jamlandi. Folarin Balogun maydondan haydaldi. Uzoq davom etgan VAR tekshiruvidan so‘ng hakam to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartani ko‘rsatdi: hujumchi to‘p uchun kurashda oyog‘i Tarik Muharemovicning to‘pig‘iga tushib ketdi.
Natijadan ko‘ra qaror ko‘proq muhokama qilindi. Ayniqsa, sobiq USMNT himoyachisi Alexi Lalas aralashgach.
Balogun – qizil, Messi – hech narsa. Savollar shu yerda boshlanadi
Lalas ijtimoiy tarmoqlarda va o‘zining State of the Union podkastida turnir avvalida Lionel Messi va Jazoir futbolchisi o‘rtasidagi o‘xshash to‘qnashuvni eslatib o‘tdi. Uning fikricha, epizodlar deyarli bir xil edi, lekin natija butunlay boshqa: Messiga hech qanday chora ko‘rilmadi, hatto sariq ham yo‘q.
Shu yerda VARning izchilligi yana savol ostida qoldi.
AQSh bosh murabbiyi Mauricio Pochettino Balogunning chetlatilishiga keskin qarshi chiqdi. U o‘z futbolchisini qat’iy himoya qildi.
“Men uchun? Hech qachon qizil kartalik holat emas, – dedi Pochettino. – Raqibni bosib ketish niyati bo‘lmagan. Bu futbolga xos oddiy harakat, tasodifan yuz berdi.”
Murabbiy Balogunning ichki holatini ham ochib berdi. Hujumchi keyingi o‘yinni o‘tkazib yuborishini eshitgach, ruhiy zarba olgan.
“U juda tushkun, – deydi Pochettino. – Bu ataylab qilingan harakat emasdi, u xafa. Bu hissiyotini o‘zgartira olmaymiz. Bu futbol. Ishonamanki, u yana bizga yordam beradi va umid qilamizki, keyingi bosqichga chiqamiz, shunda u yana maydonga tushishga tayyor bo‘ladi.”
McKennie: “Ko‘rdim deb aytolmayman, lekin bu qizilga arzimaydi”
Guruh ichida ham hakam qarori yengil qabul qilinmadi. Weston McKennie kiyinish xonasidagi kayfiyatni ochiqchasiga tasvirlab berdi.
“Episodni qayta ko‘rmaganman, – dedi u. – Lekin yigitlar kiyinish xonasida shu haqida gapirishdi va hakam o‘z qarorini qildi, lekin menimcha, bu bahsli.”
McKennie turnir davomida shunga o‘xshash epizodlar ko‘p bo‘lganini, ammo ularda umuman kartochka ko‘rilmaganini eslatdi.
“Boshqa o‘yinlarda shunday vaziyatlar bo‘ldi, umuman karta ko‘rsatilmagan, – deydi u. – Bu alamli. Qarorga qanday kelish protokoli qandayligini bilmayman. Lekin jamoadoshlarim aytganidan kelib chiqib aytsam, bu qizil kartalik holat emas. Bo‘lsa-bo‘ldi, sariqdir, lekin ataylab qilingan emas.”
Jamoa ichidagi umumiy fikr aniq: Balogun jazoni ortiqcha deb bilishmoqda.
Lalasning keskin tanqidi: “Agar uning ismi Messi bo‘lganida…”
Alexi Lalas esa masalani yanada keskinroq qo‘ydi. U nafaqat Balogun epizodini, balki butun turnir davomida VAR qo‘llanilishidagi izchillikni shubha ostiga oldi.
“Bu qizil kartalik holat emas, – dedi Lalas State of the Union podkastida. – Tushunaman, lahza ichida yomon ko‘rinishi mumkin, videoda ham qo‘rqinchli tuyuladi. Lekin vaziyatni his qilish, maydondagi voqelikni tushunish kerak. Bu – bema’ni qaror edi.”
So‘ng u Messi misolini yana bir bor eslatdi va keskin xulosaga keldi:
“Shuni aytish kerakki, agar uning ismi Messi bo‘lganida, turnir avvalida ko‘rganimizdek, u hanuz maydonda bo‘lardi va dushanba kuni Seattle’da o‘ynashga haqli bo‘lardi.”
Lalasning bu so‘zlari atigi bitta epizod haqida emas. U hakamlar va VARga bo‘lgan ishonch haqida. Endi savol bitta: shu darajadagi turnirda futbolchilar bir xil epizod uchun turlicha hukm kutib yashashda davom etadimi yoki bu bahslar yakunda tizimni o‘zgartirishga majbur qiladimi?


