Sport Maydon logo

Angliyada Premier League transfer bozorining o‘sishi

Angliya futbolida eski gap bor edi: mahalliy futbolchi har doim qimmat. Endi esa bu ibora o‘zgardi. Endi qimmat bo‘lish uchun ingliz bo‘lish shart emas, shunchaki allaqachon Premier League’da o‘ynab yurishning o‘zi kifoya.

Yozgi transfer oynasida Angliya klublari yana rekordlarni yangilab tashladi. Ammo raqamlarning eng hayratlanarlisi – ichki bozor. Bir Premier League klubidan boshqasiga o‘tgan har bir futbolchining o‘rtacha narxi 39,4 million funtni tashkil etdi. Tashqaridan kelgan futbolchilar uchun bu ko‘rsatkich atigi 20,2 million funt.

Liverpool universitetining futbol moliyasi bo‘yicha professori Kieran Maguire buni qisqa va lo‘nda tariflaydi: “Premier League solig‘i”.

Ichki savdo portlashi

Bu faqat bir mavsumlik g‘alati holat emas, balki aniq ko‘rinib turgan tendensiya. Premier League klublari o‘zaro savdo qilishdan cho‘chimaydi, hatto bevosita raqib bo‘lsa ham. Yirik pullar ham tobora ko‘proq Angliya ichida aylanmoqda.

40 million funt va undan yuqori qiymatdagi transferlar buning eng yorqin ko‘zgusi. Ikki yil avval, 2024-25 mavsumida, bunday bitimlar soni atigi 13 edi. Bu yozda esa – 27 ta.

Raqamlardagi burilish yanada keskinroq ko‘rinadi, agar ularni geografiya bo‘yicha ajratsak. O‘sha paytda 40 million va undan yuqori bo‘lgan 7 transfer Yevropa qit’asidagi klublar bilan amalga oshirilgan, 6 tasi esa Premier League ichida bo‘lgan.

Endi esa manzara boshqacha. Bu yozda Yevropa klublari bilan 40 milliondan yuqori 9 ta bitim tuzildi. Ammo Angliya ichidagi bunday transferlar soni 6 tadan 18 taga sakradi. Ya’ni uch baravar o‘sish. Ichki bozor bo‘yicha umumiy xarajat ham ikki baravardan ko‘proqqa oshgan.

Maguire bunga bir oddiy sababni ko‘rsatadi: Angliya klublari chet el bozorini shunchalik erta va chuqur kuzatadiki, ko‘plab iste’dodlar allaqachon yoshligida olib kelinadi va shu yerda “Premier League futbolchisi”ga aylantiriladi.

U buni “algoritm bolalari” deb ataydi – xalqaro bozorni raqamlar, modellarga tayangan holda titkilaydigan yangi toifa klublar. Ular chetdan nisbatan arzonroq futbolchini olib keladi, liga sharoitiga moslashtiradi, so‘ng “Big Six” kelib, eng yaxshilarini yulib ketadi.

Bunga eng yaqin misollardan biri – Carlos Baleba. Brighton uni uch yil avval Lille’dan 23 million funtga olgan edi, o‘tgan hafta esa Manchester United’ga 70 million funt evaziga sotdi. Birgina transferda – ulkan qo‘shimcha qiymat.

Maguire buni “petri idish”ga o‘xshatadi: Premier League klublari Yevropadan olingan o‘yinchilarni shu yerda sinab ko‘radi, kim moslashishini ko‘radi, katta klublar esa tayyor mahsulotni olib ketadi. Natijada barcha tomonlar yutadi.

Lekin bu faqat yarim hikoya.

Faqat Angliyaga xos bitimlar

Ba’zi transferlar bor, ular deyarli faqat Premier League ichida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan ko‘rinadi. Savol o‘z-o‘zidan tug‘iladi: qaysi Yevropa klubi Manchester City’ga Savio uchun Tottenham to‘lagan 75 million funtni taklif qilardi? Yoki Everton Iliman Ndiaye uchun 65 million funtni boshqa qayerdan topardi? Mateus Fernandes uchun West Ham’ning Tottenhamdan olgan 85 million funti-chi?

Yevropa qit’asida bu yozda 40 million funtdan yuqori ichki transferlar soni atigi yetti nafar futbolchini qamrab oldi. Ularning hammasi faqat uchta gigant – Barcelona, Bayern Munich va Paris St-Germain tomonidan amalga oshirildi. Shuncha.

Angliya ichida esa o‘nlab bitimlar. Bu tafovut tasodif emas, tizim.

Sobiq Bournemouth raisi, hozir sport yuristi sifatida ishlayotgan Trevor Watkinsning fikricha, Premier League allaqachon o‘z alohida “pufagi”da yashaydi. Uning so‘zlari aniq: Angliya klublarining daromadlari boshqa ligalar ko‘rsatkichini “mayda qilib qo‘yadi”. Shuning uchun ham maosh va transfer narxlarini to‘lab bera oladigan yagona jiddiy bozor – aynan Angliyaning o‘zi.

Pul pastki ligalarga ham oqib tushyapti, lekin eng katta to‘lqin baribir Premier League ichida urmoqda.

Transfer – endi maydondagi emas, balansdagi g‘alaba

Bozor endi oddiy “qaysi futbolchi yaxshiroq?” degan savolga javob topish o‘yini emas. Bu – balans, amortizatsiya, foyda va reglamentlar o‘yini. Bir futbolchining haqiqiy foydasi ba’zan uning gol yoki assistlaridan ko‘ra, klub balansidagi “profit” satrida ko‘rinadi.

Sababi oddiy: transferdan olingan foyda – qayta investitsiya uchun asosiy qurol. Ayniqsa yangi moliyaviy qoidalar fonida.

Misol uchun, Elliot Anderson. Nottingham Forest uni Newcastle’dan 35 million funtga sotib olgan, keyin esa Manchester City’ga 116 million funtga sotgan. Oddiy hisobda bu 81 million funtlik foyda bo‘lib tuyuladi. Lekin hisob-kitob bunday yurmaydi.

Transfer to‘lovi futbolchining shartnoma muddati bo‘yicha bo‘lib tashlanadi. Anderson ketgan paytda Forest balansida uning qiymatidan taxminan 21 million funt “qolgan” edi. Demak, moliyaviy hisobotda bu 95 million funtlik foyda sifatida qayd etiladi. Premier League’ning yangi Squad Cost Ratio (SCR) qoidalariga ko‘ra, bu foyda uch yilga bo‘linadi – yiliga 31,67 million funt atrofida.

Klublar endi bitta katta transfer bilan bir oynada tezkor “qutulish” yoki reglament buzilishini yopib qo‘yish imkoniyatiga ega emas. Hammasi cho‘zilgan, nazorat ostidagi jarayon.

Bu nimani anglatadi? Har bir sotuvdan maksimal darajada yuqori summa olish yanada muhimlashdi. Chunki aynan shu raqamlar SCR bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichni oshiradi, o‘sha ko‘rsatkich esa bir mavsumlik moliyaviy erkinlik chegarasini belgilaydi.

Va bu o‘yin, tabiiyki, eng katta klublar foydasiga ishlaydi.

“Big Six”ning ustunligi va qolganlarning omon qolish rejasi

Arsenal, Chelsea, Liverpool, Manchester City, Manchester United va Tottenham – bu oltilikning tijoriy daromadlari boshqa raqiblar bilan taqqoslaganda butunlay boshqa ligaga tegishli. Ular yozda 1,658 milliard funt sarfladi.

Maguire ta’riflaganidek, bu klublar o‘zlarini “kelajakka moslab qo‘ygan”. Spurs bunga klassik misol: ko‘p funksiyali, ko‘p sport turlarini qabul qiladigan, ammo markazida futbol klubi turgan ulkan stadion. Kengaytirilgan arenalar, o‘ylangan tijoriy loyihalar – bularning barchasi ularga qo‘shimcha daromad oqimini beradi va moliyaviy qoidalarga moslashishni osonlashtiradi.

Qolgan 14 klub-chi? Ular umumiy hisobda 1,833 milliard funt sarflagan, lekin ularning yashash strategiyasi boshqa: futbolchi savdosi hayot-mamot masalasi.

Aston Villa va Newcastle bunga yaqqol misol. Ular birgalikda 40 million funt va undan yuqori qiymatdagi beshta bitimni amalga oshirdi. Lekin bunday xaridlar faqat shundan keyin paydo bo‘ldiki, ular avval o‘nlab futbolchilarni sotish orqali yuzlab million funt ishlab oldi.

Premier League ichida pul aylanmasi kuchaygan sari, Yevropaga ketadigan oqim qisqarmoqda. Ammo bu ham qit’a uchun xotirjamlik emas, aksincha – xavotir manbai.

Yevropa xavotiri va kuchlar muvozanati buzilishi

La Liga korporativ bosh direktori Javier Gomez yaqinda so‘zga chiqib, Premier League modelini “zarar bilan ishlaydigan, faqat shu liga uchun xos” tizim sifatida tanqid qildi. Uningcha, bu faqat Angliyani emas, butun Yevropa futbolini qimmatlashtiradi.

Uning ogohlantirishi aniq: Premier League’dagi bu pufak Bundesliga, Fransiya chempionati va oxir-oqibat La Liga’dagi narxlarni ham shishiradi. Boshqacha aytganda, Angliya ichidagi ichki inflyatsiya butun qit’aga “yuqadi”.

Ba’zi an’anaviy yirik Yevropa klublari allaqachon o‘zini yangi haqiqatda topdi: ular endi eng kuchli Premier League jamoalari bilan teng saviyada savdolasha olmaydi. Maguire buni raqamlar bilan isbotlaydi: Deloitte Money League reytingida dunyodagi eng katta 30 klubning 14 tasi Premier League vakillari. Eng yuqori to‘rtlikda Real Madrid, Barcelona, PSG va Bayern Munich tursa, top-10’likni oltita ingliz klubi to‘ldiradi, ularga boshchilikni Liverpool qiladi.

Yirik brendlar – Real, Barca, PSG, Bayern – hali ham eng yuqori polkda. Lekin ularning ostida butun qit’ani bosib olgan ingliz to‘lqini turibdi.

“Porto”ning yangi raqiblari: gigantlar emas, o‘rtamiyona inglizlar

FC Porto prezidenti Andre Villas-Boas BBC Sport’ga bergan fikrida klubining yangi realiyasini ochiq aytib berdi. Portugaliya giganti endi iste’dodlar uchun Manchester City yoki Liverpool bilan emas, balki Coventry va Brentford kabi klublar bilan raqobatlashmoqda.

Bu so‘zlar hurmatsizlik emas, balki kuchlar nisbatining o‘zgarganini tan olish. O‘rtamiyona ingliz klublarining moliyaviy qudrati shunday darajaga yetdiki, ular Porto kabi tarixiy jamoalar bilan bir bozorda bemalol raqobat qila oladi.

Natija aniq: Premier League boshqa hamma ligalardan ajralib chiqdi. Ingliz klublari Yevropa musobaqalarida tobora ko‘proq hukmronlik qila boshladi. O‘tgan mavsumda Aston Villa Europa League’ni, Crystal Palace esa Conference League’ni qo‘lga kiritdi, Arsenal esa Champions League finalida Paris St-Germainga yutqazdi.

Bu – tasodiflar zanjiri emas, tizimli ustunlikning maydondagi aks-sadosi.

Premier League transfer bozoridagi pufak esa portlamayapti. Aksincha, kattalashib bormoqda. Savol shunday: bu pufak Yevropa futbolidagi tengsizlikni qanchaga qadar chuqurlashtiradi – va qit’a bunga qachon, qanday javob qaytaradi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil