Angliyada hakamlik inqilobi: Pro Ref tizimi tubdan o‘zgaryapti
Angliya professional futbolida hakamlikka oid eng yirik islohotlarning navbatdagi bosqichi e’lon qilindi. Bu safar gap maydon chetidagi texnika yoki yangi VAR chiziqlari haqida emas. Gap – butun hakamlik tizimining qayta qurilishi haqida.
Yangi nom, yangi davr: PGMO o‘rniga Pro Ref
Professional Game Match Officials tashkiloti endi yangi nom bilan ish yuritadi – Professional Game Referees, qisqacha Pro Ref. Nomdagi bu almashuv shunchaki brending emas. Ular uchun bu – yangi davrning ramzi.
Pro Ref konsepsiyasi hakamlar, xodimlar, Premier League, EFL, The FA, WSL Football hamda Football Supporters’ Association vakillari bilan keng maslahatlashuvlar orqali shakllantirildi. Maqsad o‘zgarmagan: o‘yin halolligini himoya qilish va Angliya professional musobaqalariga eng yuqori darajadagi hakamlik xizmatini taqdim etish. Ammo uslub – zamonaviyroq, talablari – keskinroq.
Uch yillik to‘liq moliyalashtirilgan reja
Premier League, EFL, The FA va WSL Footballdan kelayotgan qo‘shimcha mablag‘lar uch yillik yangi kelishuv asosida tasdiqlandi. Bu esa so‘nggi yillarda Premier League boshchiligida olib borilgan Elite Referee Development Plan (ERDP) dasturini keyingi bosqichga olib chiqadi.
ERDP beshinchi yiliga kirar ekan, u allaqachon zamonaviy va dinamik hakamlik yo‘lini shakllantirishga yordam berdi: yuqori darajadagi murabbiylik, tahlil, psixologik va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash, aniq maqsadlar va keskin ichki raqobat.
Endi bu tizim kengayadi. Yangi kelishuv orqali hakamlikka kirib kelayotgan avlod uchun jarayon tezlashadi, saralash esa yanada qat’iylashadi.
Professional Referee Group: elitani birlashtirgan yagona tuzilma
Eng katta strukturaviy o‘zgarish – erkaklar professional futbolida Select Group 1, Select Group 2 va Supplementary List bitta yangi tuzilmaga birlashtiriladi. Endi bu guruh Professional Referee Group deb ataladi.
Bu guruh asosan Premier League va EFL Championship uchrashuvlariga xizmat qiladi. Yagona tuzilma nimani anglatadi?
- tayinlovlarda ko‘proq moslashuvchanlik;
- yuqori formada bo‘lgan hakamlarni tezroq yuqori ligalarga olib chiqish imkoniyati;
- ichki raqobatning kuchayishi;
- xatolar uchun javobgarlik va shakl uchun mukofot aniqroq ko‘rinadi.
Oddiy qilib aytganda, endi lavozim “nomi” emas, o‘yinlardagi real performans hal qiluvchi omil bo‘ladi.
Yangi avlodga yo‘l: Development Group va CORE X
Mablag‘larning muhim qismi keyingi to‘lqindagi iste’dodlarni tezroq yetishtirishga yo‘naltiriladi. Bu yerda ikki nom alohida ajralib turadi: yangilangan Development Group va CORE X dasturi.
Development Group – professional ostonasida turgan hakamlar uchun tramplin. CORE X esa intensiv, yuqori talab qo‘yiladigan tayyorgarlik platformasi sifatida shakllantirilmoqda. Bu dasturlar orqali:
- istiqbolli hakamlar erta aniqlanadi;
- murabbiylik va tahlil ishlari chuqurlashadi;
- psixologik barqarorlik va o‘yin tezligiga mos qaror qabul qilish ko‘nikmalari ustida ishlanadi.
Yana bir muhim yo‘nalish – akademiya futbolchilari uchun hakamlik bo‘yicha ta’lim. Yosh futbolchilar hakam qarorlarining mantiqini, qoidalar talqinini chuqurroq tushunadi. Bu maydondagi muloqotni yengillashtiradi, bosimni kamaytiradi va kelajakda hakamlikka o‘tishni istaganlar uchun eshikni ochib qo‘yadi.
Bu tashabbuslar The FAning grassroots va yarim professional darajadagi modeli bilan uyg‘un holda ishlaydi, butun yo‘lak – mahalliy ligadan eng yuqori pog‘onagacha – yagona tizimga bog‘lanadi.
“Yo‘l aniq, to‘siqlar qisqaradi”
Pro Ref bosh operatsion direktori Danielle Every o‘zgarishlarning mazmunini aniq chizib berdi. Unga ko‘ra, tashkilotdagi keng ko‘lamli islohotlar musobaqalar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda va to‘liq moliyalashtirilgan uch yillik reja bilan ta’minlangan.
U yangi nomni “zamonaviy, professional va dolzarb” deb ta’rifladi, tashkilot bugun qanday ekanini va kelajakda qanday bo‘lishni istashini aks ettiruvchi identitet sifatida ko‘rdi. Uning ta’kidlashicha, The FA bilan hamkorlikda hakamlik yo‘lagini:
- aniqroq,
- kuchliroq,
- hamma uchun ochiqroq
qilish maqsad qilingan. Bugun Angliyada allaqachon 41 mingdan ortiq hakam faoliyat yuritmoqda. Yangi tizim ularga ham, endigina yo‘lga kirayotganlarga ham aniq signal beradi: yuqori darajaga chiqish uchun haqiqiy, real imkoniyat bor.
Howard Webb: “Biz performansga tayanamiz”
Chief Refereeing Officer Howard Webb ham e’tiborni bitta nuqtaga jamladi – maydondagi performans. Uning fikricha, Premier League, EFL, The FA va WSL Football bilan yaqin hamkorlik, zamonaviy struktura va kuchli qo‘llab-quvvatlash orqali:
- hakamlar yaxshiroq himoya qilinadi;
- yo‘laklar dinamiklashadi;
- yuqori performans ko‘rsatganlar tezroq tan olinadi.
U yuqori darajadagi muhitni hakamlik standartlarini oshirishning asosiy sharti sifatida ko‘rsatdi. Shu bilan birga, professional hakamlikning aniq va zamonaviy ko‘rinishi Angliyada bu kasbga eng yaxshi kadrlami jalb qilish uchun zarur omil ekani ta’kidlandi.
Savol ochiq: bu islohotlar maydondagi bahslarni tinchitishga yetadimi?
Pro Ref nomi, Professional Referee Group, ERDP, CORE X – hammasi qog‘ozda mukammal ko‘rinadi. Mablag‘ bor, siyosiy irodasi bor, reja aniq.
Endi esa asosiy sinov boshlanadi: bosim ostidagi o‘yinlarda, VAR bahslarida, chempionlik va tushib ketish hal bo‘ladigan lahzalarda bu yangi tizim o‘zini qanday ko‘rsatadi?
Angliya futbolida hakamlik endi shunchaki fon emas. U o‘yin markazida, e’tibor markazida. Pro Ref uchun esa bitta savol hal qiluvchi bo‘lib qoladi: bu inqilob tomoshabinlar ishonchini qayta tiklashga yetadimi?


