Anfieldda Jeremie Jacquetning ajoyib boshlanishi
Liverpool yozgi bozorning eng katta savollaridan biriga javobni juda tez topdi. Ibrahima Konate ketdi, o‘rnini kim to‘ldiradi, deyishgandi. Javob kutilganidan ham tez yetib keldi: 21 yoshli Jeremie Jacquet.
Fransiyalik yosh markaziy himoyachi Rennesdan kelgan zahoti “Anfield”dagi talabni tushundi. Uzoq muddatli loyiha sifatida olib kelingan futbolchi deyarli bir zumda asosiy tarkibdan joy oldi va ilk haftalardanoq jamoadagi eng ishonchli figuralardan biriga aylandi.
Konate o‘tgan yozda erkin agent sifatida Real Madridga ketgan, Premier League dagi barqaror o‘yinlari bilan nom qozongan edi. Shunday fon ortida kelgan har qanday yosh himoyachi bosim ostida qolishi tabiiy. Jacquet esa bu bosimni o‘ziga zirh qilib oldi.
Mahalliy matbuot ham shuni tan olyapti. Liverpooldagi gazeta sahifalarida uning nomi tobora kattaroq harflarda yozilmoqda. Ayniqsa, o‘tgan shanba kuni Fulhamga qarshi o‘yindan keyin. “Anfield”dagi murakkab, notekis uchrashuvda kamdan-kam futbolchi boshini baland ko‘tarib maydondan chiqishi mumkin edi. Shularning biri – Jacquet.
Sovuqqonlik, xotirjamlik va 21 yosh
Liverpool Echo uning o‘yinini alohida ta’kidladi. Nashr yosh himoyachining xotirjam, tartibli harakatlarini alohida e’tirof etib, o‘sha kuni maydondan yuzini yashirmay chiqishga haqli bo‘lgan kam sonli futbolchilardan biri sifatida ko‘rsatdi.
Gazeta shunday yozdi: Jacquetning eng ajralib turadigan jihati – asabiylashmaslik, sovuqqonlik. Jamoa o‘tish davrini boshidan kechirayotgan, tizim yangilanayotgan, tarkib yangilanayotgan bir paytda 21 yoshli futbolchining bu darajada tez moslashishi alohida bahoga loyiq deb ta’riflandi. Konatening ketishi ortidan hosil bo‘lgan bo‘shliqni shu yoshda to‘ldirish – bu oddiy hol emas.
Echo yana bir keskin fikrni ham yozdi: Jacquet Konate bilan bir xil yoshdagi davrini solishtirganda ancha pishiq, ancha yetuk ko‘rinmoqda. Nashrga ko‘ra, hozirgacha ko‘rilgan o‘yinlar uning katta futbolchi bo‘lib yetishishi uchun barcha zarur sifatlarni o‘zida jamlaganini ko‘rsatib turibdi.
Faqat himoya emas: oldinga ham ishlaydigan markaziy devor
Bu fikrni This is Anfield ham qo‘llab-quvvatladi. Ularning yozishicha, Jacquet faqat ishonchli himoyasi bilan emas, balki hujumga qo‘shilishdagi hissasi bilan ham ajralib turibdi. Ba’zan u keltirayotgan foyda Ryan Gravenberch va Dominik Szoboszlai kabi yarim himoyachilarning hujumdagi takliflaridan ham ortib ketayotgani qayd etildi.
To‘p bilan muomala qilayotgan paytda fransiyalik himoyachi jamoaga ancha vaqtdan beri yetishmayotgan bir fazilatni qaytardi – xotirjamlik. Konate ketganidan keyin orqa chiziqda aynan shu fazilat yo‘qolgandek tuyulgan edi. Jacquet esa pressing ostida ham to‘pni shoshmasdan qabul qiladigan, to‘g‘ri yo‘nalishda uzatadigan, himoyadan hujumni boshlab beradigan futbolchi sifatida ko‘zga tashlanyapti.
Natijada u qisqa muddat ichida Liverpoolning asosiy tarkibida deyarli almashtirib bo‘lmaydigan figura bo‘lib qoldi. Murabbiylar shtabi uchun ham, muxlislar uchun ham uning yo‘qligi hozirning o‘zidayoq sezilarli bo‘lishi aniq.
Konate Real Madrid safida yangi sahifa ochayotgan bir vaqtda, “Anfield”da boshqa bir fransiyalik markaziy himoyachi o‘z bobini yozishni boshladi. Savol endi boshqacha: Jacquet bu boshlanishni qanchalik uzoqqa olib bora oladi?



