
Andoni Iraola ostida yangi yulduz: Victor Munoz
Andoni Iraola qo‘l ostida yangi yulduz pishib yetilayotgandek. Manchester United ustidan 4:0 hisobidagi yorqin g‘alabadan so‘ng Anfield tribunalarida gap asosan shu haqida ketdi.
Anfielddagi shov-shuvli kun
Uchrashuvning o‘zi ham dahshatli tezlikda boshlandi. Liverpool ilk daqiqalardanoq raqibni bo‘g‘ib tashladi. 10-daqiqada Dominik Szoboszlai jarima zarbasidan to‘pni darvozaning yuqori burchagiga yopishtirib, hisobni ochdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Leny Yoro to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olib, Unitedni o‘n kishi qoldirdi.
Bosim yanada oshdi. Atigi uch daqiqa o‘tib, Florian Wirtz yaqin masofadan to‘pni darvozaga yo‘llab, ustunlikni ikki barobarga chiqardi. Shundan keyin o‘yinning manzarasi deyarli o‘zgarmadi: Liverpool to‘pni nazorat qildi, pressingni tushirmadi, United esa faqat omon qolishga urinib ko‘rdi.
Uchinchi gol esa biroz kutdirib qo‘ydi. 63-daqiqada Rio Ngumoha jarima maydonida vaziyatni oxirigacha kuzatib, to‘pni darvozaga “sirg‘ab” kiritdi. Anfield yana portladi. Ammo bu hali yakun emasdi.
Victor Munoz – sokin, ammo o‘tkir qurol
72-daqiqada Andoni Iraola navbatdagi yurishini amalga oshirdi: Victor Munoz maydonga tushdi. 23 yoshli ispaniyalik, yozda Osasuna safidan 34 million funt evaziga kelgan futbolchi, o‘yin ritmini his qilish uchun ko‘p vaqt sarflamadi.
Atigi o‘n daqiqa o‘tib, u o‘z so‘zini aytdi. Chap qanotda to‘pni qabul qildi, Florian Wirtz bilan bir teginishda “devorcha” o‘ynadi va Senne Lammensni sovuqqonlik bilan mag‘lub etdi. Oddiy ko‘ringan, lekin juda sifatli epizod. Bir qarashda hech qanday ortiqcha harakat yo‘q, lekin hammasi aniq, hisob-kitob bilan.
Munozning Premyer-ligadagi raqamlari ham shuni tasdiqlaydi: 476 daqiqada to‘rtta golli ishtirok. Bu darajada tejamkor va samarali bo‘lish – yuqori saviya belgisidir. U asta-sekin Iraola tizimida muhim bo‘g‘inga aylanib bormoqda va shu tempda davom etsa, yozgi transfer oynasining eng omadli bitimlaridan biriga aylanishi tayin.
Oldin ham ogohlantirgandi
United darvozasiga kiritilgan gol – tasodif emas. Munoz bu mavsumda allaqachon o‘zini ko‘rsatib ulgurgan.
Uning Liverpool safidagi ilk goli avgust oyida Nottingham Forest bilan 2:2 hisobidagi o‘yinda kiritilgan edi. O‘sha epizodda ham Florian Wirtz pas berdi, Munoz esa jarima maydonchasidagi o‘ng yo‘lakda to‘pni qabul qilib, tanasini bir lahzada burdi va to‘pni traversga tekkizgan holda darvozaga joyladi. Texnika, tez fikrlash, yakuniy zarbadagi ishonch – hammasi bor.
Keyingi zarba esa Brentfordga qarshi o‘yinda keldi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushib, Wirtzning ajoyib uzatmasidan so‘ng orqaga yugurib chiqdi, jarima maydonchasiga kirarkan, raqibini ichkariga tomon aldab o‘tdi va chap oyog‘ida pastga yo‘llangan aniq zarba bilan burilish yasagan g‘alabaga (2:1) hissa qo‘shdi.
Tizza jarohati tufayli uchta o‘yinni o‘tkazib yuborgach, u bu oy boshida safga qaytdi: Arsenal, Fenerbahce va Crystal Palacega qarshi o‘yinlarda maydonga tushdi. Noyabr o‘rtasidagi xalqaro tanaffus unga to‘liq forma qaytarish imkonini berdi va Unitedga qarshi uchrashuvda u aynan o‘sha “eng yaxshi” ko‘rinishiga juda yaqin edi.
Soddalik – uning eng katta quroli
Munozga bo‘lgan muhabbatning sababi murakkab emas. Liverpool muxlislari unda samaradorlikni ko‘ryapti. U ortiqcha fintlar, keraksiz driblinglar bilan shug‘ullanmaydi, to‘pni ko‘p silamaydi. Qaror tez, bajarilishi aniq. Yakuniy uchlikda esa u sovuqqon va klinik.
Bu jihatlari bilan u Anfieldni ko‘p bora hayratga solgan, endi esa safni tark etgan Diogo Jota’ni eslatadi. Jota ham ko‘p teginishlarsiz, kam imkoniyat bilan maksimal foyda chiqarishga usta edi. Munoz ham xuddi shunday: imkoniyat bo‘lsa – zarba, bo‘lmasa – eng yaqin eng yaxshi variantga pas.
Unitedga qarshi ko‘rsatkichlar ham buni tasdiqlaydi: 16 ta teginish, 13 pasdan 12 tasi manziliga yetgan, bitta progressiv olib yurish va bitta zarba – gol. Qisqa vaqt, lekin maksimal foyda.
Ngumoha soyasidagi “brilliant”
Shunga qaramay, Munoz haqida hali ham yetarlicha gapirilmayapti. Buning asosiy sababi – Rio Ngumoha. Bu yigit hozir Liverpool qanotlarining bosh yulduziga aylanib ulgurgan.
Unitedga qarshi o‘yinda u gol urdi, golli uzatma berdi va Diogo Dalotni butunlay qiynab qo‘ydi. Hozirgi holatidan kelib chiqib aytganda, u Liverpoolning asosiy chap vingeri bo‘lishi kerak. Hatto Munozning yorqin o‘yinlari yoki tez orada safga qaytadigan Cody Gakpo ham bu fikrni o‘zgartira olmaydi.
O‘ng qanotda esa Bradley Barcola asosiy variant bo‘lishi kutiladi, Munoz va Gakpo esa ikkala qanot uchun ham raqobatni kuchaytiradigan zaxira emas, balki real alternativ sifatida ko‘rilmoqda.
Yozgi transferlar oldidan Liverpool qanotlar bo‘yicha jiddiy muammoga ega edi. Endi esa Iraola qo‘lida ikki pozitsiyaga to‘rt nafar haqiqiy raqobatchi bor. Kelajakda o‘ng qanotga yana bir futbolchi olib kelish zarurati saqlanib turibdi, lekin hozircha variantlar yomon emas. Ayniqsa, Munoz bor joyda.
Savol endi bitta: bu sokin, lekin o‘ta samarali ispaniyalik Anfielddagi navbatdagi katta hikoyaning bosh qahramoniga aylanadimi yoki baribir Ngumoha porlashi fonida “yashirin qurol” bo‘lib qoladimi?
