
Vasseur tan oladi: Hamilton va Leclerc o‘rtasidagi muammolar
Maranelloda bosim chiziqdan oshib ketdi. Buni endi jamoa rahbari ham yashirmayapti.
Ferrari boshlig‘i Fred Vasseur Las-Vegasdagi shov-shuvli Gran-pridan so‘ng Lewis Hamilton va Charles Leclerc o‘rtasidagi taranglik shu darajaga yetishini kutmaganini ochiq tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap endi faqat trassadagi to‘qnashuvlarda emas – bu ikki poygachi o‘rtasidagi insoniy munosabatlar chiziqdan chiqib ketgan.
Sky Italia’ga bergan intervyusida Vasseurga, Hamiltonni jamoaga olib kelish qarori qabul qilinganda bunday portlash kutilgan-kutilmagani so‘raldi. Javob qisqa va keskin bo‘ldi:
"Rostini aytsam, yo‘q. Agar oldindan bilganimda, boshqacha bo‘lardi. Albatta, bosim o‘sdi, hozir 18 oy avvalgidan ancha yomon."
Bu faqat boshlanishi edi. Vasseur vaziyatni yanada og‘irroq chizib berdi, mojaro faqat poyga ichidagi epizodlar bilan cheklanmayotganini ochiq aytdi:
"So‘nggi paytlarda ular o‘rtasidagi holat boshqarib bo‘lmas darajaga kelyapti. Ular o‘rtasida insoniy tushunmovchilik bor, bu muammo ular bilan jamoa o‘rtasida emas."
Las-Vegas: navbatdagi urilish va qimmatga tushgan 10 soniya
Las-Vegas Gran-prisi Ferrari uchun navbatdagi sinovga aylandi. Hamilton va Leclerc yana markazda – bu safar nafaqat tezlik, balki ichki kurash ham sahnaga chiqdi.
Poyga davomida Hamilton radio orqali pozitsiyasini aniq bildirdi: Ferrari poygachilari o‘zaro urishmasligi, ayniqsa konstruktorlar chempionatida McLaren bilan jang ketayotgan paytda, bir jamoa sifatida ishlashi kerakligini uqtirdi. Uning maqsadi ravshan edi – maksimal ochko, McLaren’ni ortda qoldirish, xavfni emas, natijani tanlash.
Lekin har bir aylana bilan vaziyat murakkablashdi. Strategiya, shinalar, trafik – hammasi fon bo‘lib qoldi, sahnada esa ichki duel kuchaya boshladi.
Bosim oxir-oqibat o‘z so‘zini aytdi. Hamilton va Leclerc o‘rtasida kontakt yuz berdi. Stewardlar qarori ko‘p kuttirmadi: Leclercga 10 soniyalik jarima. Shu 10 soniya Monegasq poygachisi uchun hal qiluvchi bo‘ldi – yakuniy natijada u o‘ninchi o‘ringa tushib ketdi. Hamilton esa yettinchi bo‘lib marradan o‘tdi.
Hamiltonning sabri sinovda
Poygadan keyin Hamiltonning kayfiyati radioefirdagidan ham ravshanroq edi. U voqea tafsilotlariga chuqur kirishni istamadi, ayniqsa, Ferrari ichidagi muloqot haqida.
"Men bu ssenariyga kirib bormayman. Bu haqida Ferrari bilan gaplashasizlar," – dedi u Sky Sports F1’ga.
So‘zlar qisqa, ohang esa charchoq va hafsala pir bo‘lganini yashirmadi. Hamilton o‘z pozitsiyasini aniq chizib berdi: u o‘zidan kelgan hamma narsani qilganini aytdi.
"Qo‘limdan kelgan hamma narsani qildim, aytishim mumkin bo‘lgan hamma gapni aytdim."
Undan Ferrari Hamilton va Leclerc o‘rtasidagi kurashni aniqroq tartibga soluvchi ichki qoidalar kiritishi kerakmi, deb so‘rashdi. Javob yana jamoaga ishora qildi:
"Bu – Ferrari hal qiladigan masala, albatta. Men qo‘limdan kelganini qildim, aytishim mumkin bo‘lgan hamma narsani aytdim. Bu qiyin bo‘ldi. Men qiladigan yagona narsa – kelib, bor kuchimni berish. Qolganini ular ortda, ichkarida oxir-oqibat hal qilib olishiga umid qilaman."
Ferrari oldida turgan savol
Shu tariqa, Maranelloda eng ko‘p orzu qilingan juftlik – yetti karra chempion Hamilton va jamoaning o‘z tarbiyalangan yulduzi Leclerc – hozircha Ferrari kutgan uyg‘un duet emas, balki boshqarilishi qiyin bo‘lgan dinamika bo‘lib chiqyapti.
Vasseur allaqachon "boshqarib bo‘lmas" so‘zini ishlatgan bo‘lsa, demak, bu shunchaki ichki kichik tortishuv emas, balki jamoa mavsumini burib yuborishi mumkin bo‘lgan jarayon.
Endi bitta savol turgan joyida turibdi: Ferrari bu portlayotgan juftlikni chempionlik quroliga aylantira oladimi yoki bu munosabatlar chizig‘i, oxir-oqibat, qizil mashinalarni o‘z yo‘lidan chiqarib yuboradimi?
