Sport Maydon logo

Alexandre Pato Northampton Town uchun yangi davrni boshlaydi

League Two vakili Northampton Town yangi davr ostonasida turibdi. Klub rahbariyati Sports Alpha Capital konsortsiumi bilan, uning investorlaridan biri sifatida sobiq Braziliya yulduzi Alexandre Pato ishtirok etadigan, “aksiyalar paketini sotib olish bo‘yicha taklif etilayotgan kelishuv”ga erishilganini tasdiqladi.

Bu oddiy navbatdagi investitsiya xabari emas. Bu – sobiq hujumchi karerasidagi navbatdagi burilish, shuningdek, Cobblers uchun strategik burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin bo‘lgan jarayonning boshlanishi.

IFR va EFLdan “yashil chiroq”

Sports Alpha Capital (SAC) taklifi shu oy boshida Independent Football Regulator (IFR) va English Football League (EFL) tomonidan ma’qullangan. Ya’ni, eng murakkab bosqichlardan biri allaqachon ortda qoldi.

Klub rasmiy bayonotida jarayon yakuniga yaqinlashgani, kelasi hafta “bitim yakunlanganini tasdiqlash imkoniga ega bo‘lish” kutilayotgani bildirildi.

Northampton Town raisi Kelvin Thomas bu holatni qisqa, ammo aniq ohangda izohladi: futbol klublariga oid bitimlar ko‘plab harakatlanuvchi bo‘laklardan iborat, hammasi odatdagidan biroz ko‘proq vaqt oladi, ammo asosiy gap – klub oldinga qarab harakatlanayotgani.

Bosim asta-sekin oshdi, endi esa yakuniy imzo kutilmoqda.

SAC, Colchester va yangi yo‘nalish

Sports Alpha Capital nomi ingliz futbolida yangi emas. Yil boshida ular Colchester United bilan ham klubi ustidan nazoratni qo‘lga kiritish bo‘yicha muzokaralar olib borgan, ammo dastlabki suhbatlardan so‘ng potentsial bitimdan voz kechishgan.

Endi esa vektor Northampton Town tomonga burildi. Bu safar konsortsium ortida futbol olamiga juda yaxshi tanish bo‘lgan ism turibdi – Alexandre Pato.

SAC tarkibida Pato bilan birga London markazida joylashgan mustaqil investitsiya kompaniyasi Gemcorp Capital ham investor sifatida ko‘rsatilgan. Shunga qaramay, Cobblersdagi ulush hajmi hozircha oshkor etilmayapti. Bu jimlik kelishuv atrofidagi qiziqishni yanada oshiradi.

Pato – “San Siro”dan Sixfields sari

37 yoshli Alexandre Pato o‘tgan yili professional futbolchilik faoliyatiga yakun bergan. Uning eng yorqin sahifasi, shubhasiz, AC Milan davri bo‘lib qoladi: 150 o‘yinda 63 gol, 2010–11 yilgi Serie A chempionligi va “San Siro” tribunalarida yangragan minglab olqishlar.

Endi esa u futbolga boshqa rakursdan qaytmoqda. Endi u hujum chizig‘ida tezligi bilan emas, balki investitsion qarorlari va strategik qarashlari bilan o‘yin taqdiriga ta’sir ko‘rstatishga urinadi.

League Two’dagi Northampton Town uchun bu juda noodatiy, ammo qiziqarli sintez: pastki divizion realiyati va yulduzli ismning global brendi bir sahifada uchrashmoqda.

Cobblers uchun nimani anglatadi?

Hozircha asosiy savollar ochiq: SAC ulushi qanchalik katta bo‘ladi? Ularning ishtiroki klub boshqaruvi, infratuzilmasi va transfer siyosatiga qay darajada ta’sir qiladi? Pato nomi marketing va brend nuqtayi nazaridan qanday eshiklarni ochishi mumkin?

Rasmiylar hozircha faqat jarayonning muhim bosqichi ortda qolganini ta’kidlash bilan cheklanmoqda. SAC asoschilaridan biri Joao Xavier bu bosqichni “juda muhim marralardan biri” deb atadi va kelasi haftada bitimni yopishga umid bildirdi.

Endi navbat imzolar va raqamlar ortidagi haqiqiy rejalarga keldi. Northampton Town uchun bu shunchaki mulkchilikdagi o‘zgarish emas, balki klub kelajagi qay yo‘nalishda shakllanishini belgilab beradigan qaror bo‘lishi mumkin.

Savol bitta: Alexandre Pato ismi bilan kirib kelayotgan bu yangi bob Cobblers’ni qanchalik uzoqqa olib chiqadi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil