2030 yilgi Jahon chempionati finali: Marokash va Ispaniya o‘rtasidagi raqobat
2030 yilgi Jahon chempionati hali start olmagan, ammo uning eng muhim savoli allaqachon keskin tortishuvga aylangan: katta final qayerda o‘tkaziladi?
Marokash bosh vaziri Aziz Axannush mamlakat futbol federatsiyasi rahbari Fouzi Lekjaaga ochiqcha ogohlantirish berdi: 2030 yilgi finalni Kasablankaga va’da qilishni bas qiling.
Turnir Marokash, Ispaniya va Portugaliya tomonidan hamkorlikda qabul qilinadi. Yubiley ramzi sifatida ilk uchta o‘yin Urugvay, Argentina va Paragvayda o‘tkazilishi allaqachon ma’lum. Ammo stadionlar ro‘yxati ham, eng katta sahna — final mezboni ham hali rasman tasdiqlangani yo‘q.
Shunga qaramay, Fouzi Lekjaa siyosiy partiya tadbirida Kasablanka “o‘yinni qabul qilish sharfiga muyassar bo‘ladi”, deya qat’iy bayonot berdi. Bu gaplar ichki siyosat maydonida olqish olgan bo‘lishi mumkin, lekin hukumat rahbari bunday tashabbusni darhol to‘xtatdi.
“Hurmat bo‘lishi kerak, birodarlar”
Aziz Axannush mitingda Lekjaaga yuzlanib, gapni aylantirmadi:
“Biz hamon ittifoqchilarimiz — Ispaniya va Portugaliya bilan bu masalani muhokama qilmagan bir paytda, katta finalni Marokashda o‘tkazishni taklif qilmang”, — dedi u.
Bosh vazir davom etdi: “Hurmat bo‘lishi kerak, birodarlar. Saylov va’dalari bilan bizni ostimizdan gilamni tortib olish uchun foydalanishni bas qiling. Bu ulkan masalalar. Final qayerda bo‘lishi haqida qaror — juda katta masala”.
Bu so‘zlar bilan u futbol mavzusini sof sport doirasidan olib chiqib, siyosiy mas’uliyat va mintaqaviy sheriklik darajasiga ko‘tardi. Lekjaa esa, amalda, FIFA qarori hali yo‘qligiga qaramay, xalq oldida yakuniy natijani va’da qilgan bo‘lib chiqdi.
Ispaniya ham jim emas: “Final bizniki bo‘lishi kerak”
Ispaniya tomonida ham ohang yumshoq emas. Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) prezidenti Rafael Louzan avvalroq final Ispaniyada bo‘lishini ochiq aytgan va buni sportdagi yutuqlar bilan mustahkamlashga urinmoqda.
“Haligacha hech qanday qaror qabul qilinmagan bo‘lsa-da, menimcha, bu Ispaniyada bo‘ladi, chunki boshqacha bo‘lishi mumkin emas”, — degan edi u Cadena SER radiostansiyasiga. “Bilganingizdek, hozir biz jahon chempionimiz. Katta musobaqalarni tashkil etish borasida Ispaniyaning salohiyati shubhasiz, shuning uchun haqiqat shuni ko‘rsatadiki, katta final Ispaniyadan boshqa joyda bo‘la olmaydi va bo‘lmasligi kerak”.
Louzan sport dalillarini siyosiy bosimga aylantirmoqda: yangi jahon chempioni maqomi, yirik turnirlar tajribasi va tayyor infratuzilma. Bu fon ostida Marokashning siyosiy ichki tortishuvi yanada keskinroq ko‘rinadi.
FIFA sukutda, sahnada esa stadionlar raqobati
FIFA hozircha faqat qisqa bayonot bilan cheklangan: “qaror o‘z vaqtida qabul qilinadi”. Bu degani, hech kimga ustunlik berilmagan, lekin barcha bosimlar va lobbilar diqqat bilan kuzatilmoqda.
Shu orada maydondagi eng katta qurol — stadionlar.
Marokash 115 ming tomoshabinga mo‘ljallangan yangi gigant stadion qurmoqda. Agar loyiha yakunlansa, bu dunyodagi eng katta futbol arenasi bo‘ladi. Bunday raqamlar siyosiy mitinglarda juda chiroyli eshitiladi, lekin ularni haqiqiy qurilish, logistika va xavfsizlik bilan to‘ldirish kerak bo‘ladi.
Ispaniyada esa tayyor kartalar bor. Madriddagi qayta qurilgan “Santiago Bernabeu” 83 ming muxlisni sig‘dira oladi va allaqachon zamonaviy superarena maqomiga ega. Barselonadagi “Spotify Camp Nou” rekonstruksiyadan so‘ng 105 ming o‘rinli bo‘lishi rejalashtirilgan. Ya’ni, Ispaniya finalni bugunoq qabul qilishga yaqinroq ko‘rinadi: infratuzilma bor, tajriba bor, siyosiy bosim kuchli.
Final mezboni — stadionmi yoki siyosatmi hal qiladi?
Yodingizda bo‘lsa, joriy yilgi Jahon chempionati finali mezboni — Nyu-Jersidagi stadion — faqat 2024 yil fevralida tasdiqlangan, ya’ni turnirga ikki yil qolganda. Demak, 2030 yilgi final bo‘yicha ham hozirdan yakuniy hukm kutish erta.
Ammo Marokash bosh vazirining keskin chiqishi bir narsani aniq ko‘rsatdi: bu safar masala shunchaki FIFA kabinetlarida emas, Rabot, Madrid va Lissabon siyosiy sahnalarida ham hal bo‘ladi.
Endi savol shunday: 2030 yilgi eng katta sahna — dunyo futbolining oltin kechasi — yangi qurilayotgan Marokash gigant arenasi uchun sinov bo‘ladimi yoki modernizatsiyadan chiqqan ispan katedraliga aylangan stadionlar yana bir tarixiy finalni o‘ziga tortadimi?



