Yangi mavsum: eski saltanatlar kuchayadimi yoki qulayaptimi?
Premier League startiga sanoqli kunlar qoldi. Ammo bu safar odatdagi “kim chempion bo‘ladi?” savoliga bitta javob yetmaydi. Liga xaritasi butunlay chizilayotgandek: murabbiylar almashdi, falsafalar yangilanmoqda, eski yulduzlar qaytishga hozirlik ko‘ryapti. Markazda esa bir savol: bu tartibsizlik ichida kim tartib o‘rnatadi?
Arteta – nihoyat saltanat davrimi?
Pep Guardiola, Sir Alex Ferguson, Jose Mourinho. 34 yillik tarixda faqat shu uch murabbiy ketma-ket chempionlikni ushlab qolgani bejiz emas. Premier League’da unvonni himoya qilish – zamonaviy futbolning eng mashaqqatli vazifalaridan biri.
Mikel Arteta esa aynan shunday imkonga ega bo‘lib turibdi. Yangi mavsumning bosh mavzusi – o‘zgarish. “Big Six”dan beshta klub deyarli noldan loyiha boshlayapti, ligada esa rekord darajada – to‘qqiz yangi murabbiy.
Shu bo‘ron markazida esa g‘alati darajada sokin bir nuqta bor: Arsenal. Tarkib deyarli o‘zgarmagan, tizim shakllangan, tajriba to‘plangan. Besh yil qurilgan jamoa nihoyat chempionlikka erishdi va yelkadagi bosim tushdi. Endi ular o‘zini bu ligada haqiqiy “qirollik oilasi”dek tutishga haqli.
Taqqoslash uchun: Manchester Unitedda Michael Carrick, Tottenhamda Roberto De Zerbi to‘liq birinchi mavsumini boshlaydi. Liverpool, Chelsea va Manchester City esa mutlaqo yangi murabbiylar bilan yo‘lga chiqadi.
Bu fon Artetaga ustunlik berishi mumkin. Ayniqsa Manchester City bilan solishtirganda. Guardiola ketishi bilan eshik bir oz ochilgandek: ligadagi yagona amaldagi chempion murabbiy – aynan Arteta. Savol shuki, tajriba va barqarorlik uni tarixdagi to‘rtinchi murabbiy sifatida ketma-ket chempionlikka olib chiqa oladimi?
Guardiola’dan keyingi City: davomiylikmi yoki bo‘shliq?
Manchester City chorrahada turibdi. Klubning zamonaviy tarixidagi eng muhim mavsumlardan biri boshlanmoqda.
Enzo Maresca – nafaqat yangi murabbiy, balki butun bir davrni almashtirayotgan odam. U o‘zidan oldingi odamni emas, butun saltanatni almashtiryapti. Guardiola rekordlarni sindirdi, uslub bilan ligani qayta yozdi. Endi esa savol keskin: City shu darajani ushlab qola oladimi?
Bu ssenariy ikki xil yo‘lga ketishi mumkin. Maresca, Jurgen Kloppdan keyingi Arne Slot singari, darhol davomiylik yaratishi ham mumkin. Yoki Arsene Wenger va Fergusondan keyin qiynalgan Unai Emery va David Moyes tajribasini takrorlashi ham ehtimoldan xoli emas.
Shu bilan birga, City rahbariyati boshqacha yo‘l tanladi. Klub yillar davomida o‘zini Guardiola falsafasi atrofida qurgan bo‘lsa, endi shu maktabdan chiqqan shogirdni olib keldi. Maresca – to‘liq “Guardiola maktabi” vakili: to‘p nazoratiga asoslangan o‘yin, struktura, pozitsion hujum. G‘oya jihatidan deyarli farq yo‘q.
Ammo kiyinish xonasida o‘zgarishlar chuqur: Bernardo Silva va John Stones ham endi yo‘q. Sakkiz karra chempion klub uchun bu bo‘shliq vaqtinchalik to‘xtashmi yoki yangi bosqichga sakrashmi – aynan shu mavsum hal qiladi.
Xabi Alonso va “yangi buyuk” Chelsea orzusi
Neytral muxlislar uchun eng hayajonli tayinlov – Xabi Alonso. U Bayer Leverkusen bilan 2023/24 yilgi “mag‘lubiyatsiz” mavsumdan keyin allaqachon dunyo futbolidagi eng talabgir murabbiylardan biriga aylangandi.
Endi esa u Premier League sahnasida. Klopp va Guardiola sahnani tark etganidan ko‘p o‘tmay. Sharoit shundayki, Alonso bu ligadagi navbatdagi buyuk murabbiyga aylanishi mumkin.
Tez start olish uchun sharoit ham yomon emas. Chelsea bu mavsumda Yevropa musobaqalarida o‘ynamaydi. Aynan shunday “bo‘sh” haftalar 2016/17 yilda Antonio Contega tizimini singdirishga yordam bergan, va o‘sha payt klub oxirgi marta chempion bo‘lgandi. Qiziq fakt: Premier League’da ilk mavsumidayoq chempion bo‘lgan atigi olti murabbiy bor, shundan uchtasi – aynan Chelsea bilan.
Alonso shu yopiq klubga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan navbatdagi nomzod. Tarkib ham nihoyat muvozanat topayotgandek: BlueCo davrida ilk bor 30 yoshdan oshgan futbolchilar – Danny Welbeck va Jordan Henderson keltirildi. Bu shunchaki transfer emas, strategiya o‘zgarayotganining ramzi.
Bo‘sh o‘rtadagi haftalar Alonsoga murakkab, ammo yuqori darajali taktik ishlarga vaqt beradi. Agar u bu resursni to‘g‘ri ishlatsa, Stamford Bridge’da natija uzoq kutdirmasligi mumkin.
De Zerbi, Iraola va yangi to‘lqin: hujumkor futbol qaytadimi?
O‘tgan mavsumda ko‘plab muxlislar liganing standart vaziyatlar atrofida aylanishidan norozi bo‘ldi. Gollar soni keskin tushmadi, lekin ochiq o‘yindagi Expected Goals ko‘rsatkichlari bir necha yillik tendensiyada ancha pasaydi.
2023/24 yili ochiq o‘yinlar bo‘yicha xG cho‘qqiga chiqqandi – tez, yovvoyi, ikki tomonga ham uchib turgan hujumkor futbol yili sifatida esda qolgan. Endi murabbiylar almashinuvi ligani yana o‘sha holatga qaytarishi kutilmoqda.
Roberto De Zerbi yuqori pressing va yuqori tempdagi hujumkor o‘yinni targ‘ib qiladi. O‘tgan mavsum oxirida Tottenhamda vaqt yetmadi, lekin to‘liq tayyorgarlik ko‘rgan yozdan keyin uning Spurs’i mutlaqo boshqa ko‘rinishda bo‘lishi kutiladi.
Andoni Iraola esa Liverpool uchun ko‘pchilik orzu qilgan “heavy-metal” futbolini olib keladi. Bournemouth davridagi o‘yini bilan ligaga jon kirgizgandi, endi esa Anfield’da shunga o‘xshash energiyani takrorlashga urinadi.
Xabi Alonso boshchiligidagi Real Madrid va Leverkusen ham ko‘p gol uradigan jamoalar bo‘lgan. Bournemouthning yangi murabbiyi Marco Rose – RB Leipzig va Borussia Dortmund maktabidan chiqqan, agressiv nemischa hujumkor futbol tarafdori. Crystal Palace murabbiyi Pierre Sage ham tezkor qarshi hujumlar va yuqori pressingni yoqtiradi.
Shu to‘lqin Premier League’ni yana ochiq, ko‘p golga boy futbol sari tortayotgandek.
Carrick va Manchester United: nihoyat haqiqiy da’vogar paydo bo‘ladimi?
Michael Carrick 14 yanvar kuni Manchester Unitedga vaqtinchalik murabbiy sifatida tayinlandi. Uch kun o‘tib esa jamoani Manchester City ustidan 2:0 hisobidagi g‘alabaga olib chiqdi. O‘sha paytdan boshlab besh oylik ajoyib seriya boshlandi va natijada u doimiy lavozimni qo‘lga kiritdi.
Murakkab taktik tahlilga ham hojat yo‘q – raqamlar o‘zi gapiradi. Carrick qo‘l ostidagi 17 o‘yin bo‘yicha tuzilgan liga jadvalida United birinchi o‘rinda bo‘ldi: 12 g‘alaba, 3 durang, atigi 2 mag‘lubiyat, 39 ochko. Arsenal, City, hatto Bournemouthdan ham yuqori.
Shu ritmni butun mavsumga yoyishning o‘zi kifoya – bu holatda United 2013 yildan beri ilk bor chempion bo‘ladi. Futbol albatta bunday sodda emas, ammo Old Trafford atrofidagi kayfiyat o‘zgargan: endi bu jamoa haqiqiy da’vogar sifatida tilga olinmoqda.
Qaytish mavsumi: unutilgan yulduzlar sahnaga qaytadimi?
Rekord darajadagi yangi murabbiylar – bu faqat yangi g‘oyalar emas. Bu ko‘plab futbolchilar uchun ham “toza sahifa” demak. Avvalgi murabbiylar davrida chetga surilganlar, jarohatlar sabab mavsumni o‘tkazib yuborganlar, endi o‘zini qayta isbotlash imkoniga ega.
Ro‘yxat uzun. Phil Foden va Cole Palmer muvaffaqiyatsiz mavsumdan va Angliya terma jamoasi tarkibidan tushib qolganidan keyin qaytishni istaydi. Marcus Rashford va Mason Mount esa Manchester Unitedda o‘z o‘rnini qayta topishi kerak.
Harvey Elliott, Omar Marmoush, Andy Robertson – o‘tgan mavsumda o‘yin amaliyotidan qiynalgan futbolchilar. Yoane Wissa yangi murabbiy qo‘l ostida o‘zini boshqacha ko‘rsatishga umid qiladi. Jarohatdan qaytayotgan Levi Colwill va Alexander Isak esa deyarli “unutib yuborilgan” yulduzlar qatorida.
Shuncha yangi boshlanish orasida kimning qaytishi eng baland jaranglaydi?
Villa va Newcastle: barqarorlikdan inqilob sari
Bir yil avval Aston Villa va Newcastle haqida gap ketganda, asosiy ustunlik – barqarorlik edi. Tarkib, murabbiy, tizim – hammasi joyida, natija esa UEFA Champions League yo‘llari sari intilayotgan jamoalar.
Endi esa hammasi boshqacha.
Newcastle’da o‘zgarishlar hajmi ulkan. Eddie Howe ketdi, uning o‘rniga Matthias Jaissle keldi. Bu o‘zi yetarlicha katta o‘zgarish, ammo u bundan ham kattaroq muammo bilan yuzlashadi: Bruno Guimaraes, Anthony Gordon va Sandro Tonali – uch asosiy yulduzdan ayrilgan jamoani qayta qurishi kerak.
O‘rniga esa Lukas Hornicek, Bazoumana Toure, Aladji Bamba, Sean Steur va Ewen Jaouen kabi yosh, lekin istiqbolli futbolchilar katta mablag‘ evaziga olib kelindi. Qog‘ozda rejalar chiroyli, ammo bu darajadagi almashuvlar doim ham tez ishlamaydi.
Villa’da Unai Emery o‘z o‘rnida, ammo u yerda ham bir davr yakunlanayotgandek. Youri Tielemans, Morgan Rogers, Lucas Digne ketdi. Ularning o‘rniga esa Alejandro Garnacho, Johan Manzambi va Joao Gomes kabi ism atrofida katta hayajon bor.
Ikkala klub ham yangi yuz bilan Yevropaga qaytmoqda. Bu o‘zgarishlar ularni yuqoriga olib chiqadimi yoki qisqa muddatli chekinishga majbur qiladimi – mavsumning eng qiziq savollaridan biri.
Yevropa – ne’matmi yoki la’nat?
O‘tgan mavsumda Premier League’dan to‘qqiz klub Yevropaga yo‘l oldi. Yangi yoki yaqinda qaytgan ishtirokchilar uchun bu – orzu. Shu bilan birga, ichki chempionatdagi xavf ham.
Misol uzoqqa bormaydi. Aston Villa UEFA Europa League’ni yutdi va ligada to‘rtinchi bo‘ldi. Crystal Palace esa UEFA Conference League g‘alabasi evaziga ichki chempionatda 15-o‘ringa tushib ketishga ham rozi bo‘ldi – muxlislar norozilik bildirmadi.
Ammo Nottingham Forest, Spurs va Newcastle uchun ko‘p frontda o‘ynash og‘ir kechdi – barchasi pastki yarmda yakunladi.
Endi navbat boshqalarga. Brighton & Hove Albion ilk bor Conference League’da qatnashadi, klub tarixidagi atigi ikkinchi Yevropa kampaniyasi. Ular Palace yo‘lidan borishni istaydi, o‘zi esa allaqachon Yevropada tajriba to‘plab, 2026/27 yilgi Europa League uchun tayyorlanmoqda.
Bournemouth va Sunderland esa Europa League yo‘liga chiqqan, ammo tarkib chuqurligi borasida savollar ko‘p. Kechqurun chiroqlar ostidagi o‘yinlar ularni ilhomlantiradimi yoki ichki chempionatda narxi qimmatga tushadimi?
Leeds United bunga o‘ziga xos umid bilan qarayapti. Ular yozda jiddiy kuchaydi va raqiblarining Yevropada charchashi fonida ilk to‘qqizlikka kirish imkonini ko‘ryapti. Brentford ham shunga o‘xshash holatda: o‘tgan mavsumda ozgina yetishmay qolgan, endi esa Keith Andrews bilan bo‘sh haftalarda rejalarni yanada puxta ishlash imkoniga ega.
O‘rta qatordagi portlash: liga hech qachon bunchalik chuqur bo‘lmagan
Leeds va Brentford – ambitsiyali o‘rta qatordagi yagona klub emas. Fulham ham katta niyat bilan mavsumga kirib kelmoqda. Klub boshiga sobiq Real Madrid murabbiyi Alvaro Arbeloa keldi, u bilan birga ikki nafar Real futbolchisi ham yetib keldi. Marco Silva asos solgan poydevor yomon emasdi, o‘tgan mavsumda ular Yevropa yo‘llaridan atigi bir ochkoga ortda qolishdi.
Nottingham Forest esa endi Oliver Glasner qo‘l ostida – u Crystal Palace bilan Conference League va FA Cup yutgan murabbiy. Elliot Anderson’ni Manchester Cityga sotib yuborgan bo‘lsa-da, ikki yil avvalgi yettinchi o‘rin darajasiga qaytish umidi bor.
Everton ham kuchaygan ko‘rinadi. Yangi stadionga moslashish yakuniga yetgan, eng muhimi – David Moyes bilan barqarorlik bor. Hayden Hackney, Christian Norgaard va Brennan Johnson kabi transferlar jamoa sifatini oshiradi.
Natijada liga shunday holatga kelganki, deyarli hech bir klubda ko‘zga tashlanadigan katta zaiflik yo‘q. Har hafta pastdagi jamoa yuqoridagidan ochko olish ehtimoli real. Bu esa chempionlik poygasidan ko‘ra, o‘rta qatordagi jangni ham birdek hayajonli qiladi.
Yangi kelganlar: Sunderland va Leeds izidan bora oladimi?
Coventry City, Ipswich Town va Hull City yozni kutilganidek juda faol o‘tkazdi. O‘tgan mavsumda Sunderlandning katta xarajatlari o‘zini oqladi: ular nafaqat tushib ketmadi, balki Yevropaga chiqdi. Leeds bilan birga ular ikki yil ketma-ket “darhol tushib ketadigan” yangi klublar an’anasini buzdi.
Shu sabab bu yilgi uch yangi jamoaning agressiv bozorga chiqishi ajablanarli emas. Qiziq tomoni – uchalasi ham asosan qit’a Yevropasidagi tajribali terma futbolchilarni nishonga oldi, Premier League tajribasi esa cheklangan. Ipswich tarkibiga Issa Diop va Sasa Lukic, Hull esa Matt Targett va Jack Butlandni qo‘shib qo‘ydi – xolos.
Ularning taqdirini bashorat qilish oson emas. Ko‘pchilik o‘tgan mavsum boshida Sunderland va Leeds haqida ham xuddi shunday fikrda bo‘lgan, natija esa hammaga ma’lum.
Coventry Championshipni katta ustunlik bilan yutdi va Frank Lampard kabi tajribali murabbiyga ega. Ipswich yaqinda bu ligada o‘ynagan, Gary O’Neil esa Bournemouth va Wolverhampton Wanderersni tushishdan saqlab qolgan murabbiy sifatida tanilgan. Hull esa eng noqulay start nuqtasida: o‘tgan mavsum xG va Expected Points bo‘yicha 24 jamoa ichida 23-o‘rinda bo‘lgan.
Shunga qaramay, Hull ham – 2017 yildan beri ilk bor Premier League sahnasiga qaytayotgan klub sifatida – bu mavsumni intiqlik bilan kutyapti. Ularning orzulari boshqalarnikidan kichik emas.
Va aslida shunday: bu mavsum oldidan ligadagi har bir klub o‘zini umid bilan ko‘rayapti. Chempionlik uchun kurashadimi, Yevropaga chiqadimi, o‘rta qatorda portlash qiladimi yoki omon qolish uchun jang qiladimi – farqi yo‘q. Savol bitta: tarixga kiradigan mavsum boshlanyaptimi yoki bu hali faqat bo‘ron oldidan esayotgan ilk shamol xolos?



