Tehronda bayram: AQShning Belgiyaga mag‘lubiyati
AQSh qulashidan keyin Tehronda bayram: Belgiyadan 4:1, siyosatga qarshi g‘alaba sifatida talqin qilindi
Qo‘shma Shtatlarning hamkhost sifatidagi yo‘li keskin va shov-shuvli tarzda tugadi. Belgiyaga 1:4 hisobidagi mag‘lubiyat nafaqat sportiy zarba bo‘ldi, balki Tehronda ochiqcha quvonch sahnalarini ham boshlab berdi.
Guruh bosqichidayoq uchala o‘yinini durang bilan yakunlab, turnirni erta tark etgan Eron bu kechani alohida zavq bilan kuzatdi. Ularning nazarida bu shunchaki AQShning musobaqadan chiqishi emas, “siyosiy o‘yinlar” ustidan futbolning javobi edi.
“Endi butun dunyo raqsga tushyapti”
Eron Futbol Federatsiyasi rasmiy bayonotida ohangni keskin tanladi. Ularning vakili shunday dedi: “Endi butun dunyo siyosatning futbol tomonidan xor qilinishini nishonlash uchun raqsga tushyapti”.
Bu jumla bevosita AQSh hukumatiga, ayniqsa, AQSh Ichki xavfsizlik kotibi Markwayne Mullin so‘zlariga qaratilgan pichoqdek tegdi. Mullin turnir avvalroq bosqichida Eronning chiqib ketganidan xursand bo‘lganini yashirmagan edi.
U o‘sha payt shunday degan: “Men shunchaki ularning (Eronning) ishi bitganidan va qaytib kelmasligidan xursandman. Ularning vizalarini bekor qilib, AQSh hududini tark etishlari mumkinligini aytganimizda juda xursand bo‘ldim, hatto bir-ikki qo‘shiq kuylagandirman yoki xursandchilik raqsini tushgandirman. Ularning qaytayotganidan juda xursandman, chunki biz bunchalik ko‘p muomala qilgan boshqa birorta jamoa bo‘lmadi”.
Bu so‘zlar allaqachon tarang bo‘lib turgan munosabatlarga o‘t qo‘ydi.
Eronning javobi: “Bu gaplar bizni emas, uni fosh qiladi”
Tehrondan javob uzoq kuttirmadi. Bayonotda shunday yozildi: “Eronliklar AQSh rasmiylarining yomon muomalasi va yolg‘onlariga o‘rganib qolishgan, shuning uchun bu dushmanona bayonotlar hech kimni hayratga solmaydi.
“Bu gaplar yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, AQSh rasmiylari na xalqaro huquq, na global sport tadbirini o‘tkaza oladigan mezbon davlatdan kutiladigan tamoyillarga sodiq. U Eronning chiqib ketganini ochiqchasiga nishonlayotgani bizning jamoamizdan ko‘ra, uning o‘zi haqida ko‘proq gapiradi”.
Federatsiya o‘z noroziligini faqat so‘z bilan emas, faktlar bilan ham mustahkamlashga urindi. Ular jamoa boshidan kechirgan “insoniylikka zid va mutlaqo noprofessional munosabat”ni sanab o‘tdi: bazani Arizona shtatidan Meksikoga ko‘chirishga majbur bo‘lish, federatsiya prezidenti Mehdi Taj ham kirgan 11 nafar xodimga viza berilmagani – bularning barchasi alohida ta’kidlandi.
Eron tomoniga ko‘ra, bu holatlar sport emas, aynan siyosat maydoniga kirib kelgan bosimning yaqqol belgisi bo‘lgan.
Balogun atrofidagi mojarolar va Trump omili
Siyosiy fon maydonga ham chiqib keldi. Seattle shahridagi hal qiluvchi uchrashuv arafasida Mauricio Pochettino tarkibi katta bahs uyg‘otdi: oldingi bosqichda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qizil kartochka olgan Folarin Balogun start tarkibida paydo bo‘ldi.
Oddiy reglament bo‘yicha hujumchi avtomatik tarzda kamida bir o‘yin o‘tkazib yuborishi kerak edi. Lekin jarima bekor qilindi. Buning ortida esa Donald Trumpning o‘zi turdi: u FIFA’dan diskvalifikatsiyani qayta ko‘rib chiqishni so‘raganini ochiq tan oldi.
Natijada FIFA avtomatik bir o‘yinlik diskvalifikatsiyani 12 oyga “muzlatib qo‘ydi”. Qaror butun dunyo bo‘ylab norozilik to‘lqinini ko‘tardi, AQSh terma jamoasiga yon bosish, tenglik tamoyillarini buzish haqidagi da’volar kuchaydi.
Shu fon ostida AQShning Belgiyaga yirik hisobda yutqazishi faqat sportiy natija bo‘lib qolmadi. Bu mag‘lubiyat siyosiy bahslar, shubhalar, noroziliklar fonida kelgan zarba bo‘ldi.
Belgiyaliklarning “Trump raqsi”
Tehrondan kelgan kinoyali tabriklar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan bir paytda, maydonda ham ramziy sahna yuz berdi. Belgiyaning to‘rtinchi goli kiritilgach, futbolchilar gol nishonlashda mashhur “Trump raqsi”ni takrorlashdi.
Bu ishora tasodifga o‘xshamadi. AQSh terma jamoasining turnirdan chiqib ketishi nafaqat raqiblar, balki siyosiy qarorlar, shubhali imtiyozlar va mezbonlik mas’uliyatiga bo‘lgan munosabat atrofidagi bahslarni ham ochib tashladi.
Endi savol bitta: bu turnir xotirasida ko‘proq nima qoladi – maydondagi gollar yoki tribunalar ortida aylangan siyosiy raqslar?


