Sport Maydon logo

StubHub’ga qarshi jamoaviy da’vo: chiptalar bekor qilindi

Mark Gallagher futbolga osonlikcha ko‘ngli soviydiganlardan emas. Ammo bu safar u nafaqat hafsalasi pir bo‘ldi, balki charchadi ham. Endi u sudga ketyapti.

Kanadaning Vancouver shahrida yashovchi Gallagher chorshanba kuni butun mamlakat bo‘ylab chiptalar xaridorlari nomidan StubHub’ga qarshi jamoaviy da’vo arizasini topshirdi. Sabab bitta: Jahon chempionati o‘yiniga chiptalari bekor qilindi, u bilan birga minglab muxlislarning orzusi ham.

Gallagher bu haqida telekanal CBC News’ga gapirib berdi. Uning fikricha, bu oddiy texnik xato emas, tizimli muammo.

U iyun oyida Vancouverda bo‘lib o‘tgan, Kanada va Qatar o‘rtasidagi o‘yinga eng zo‘r sektorlar uchun ikki dona chipta sotib olgan. Narxi — 11 407 dollar. Fevralda to‘lagan, o‘yindan oldin esa haftalar, kunlar, hatto soatlarga qadar chiptalar FIFA onlayn hisobiga tushishi haqida bir necha bor tasdiq olgan. Oxirida esa — bekor qilish xabari. O‘yinga bir necha soat qolganda.

Pul qaytarildi. Ammo o‘yin o‘tdi, stadion to‘ldi, Kanada maydonga tushdi — Gallagher esa uyda qoldi. Shuning uchun u hali ham StubHub’ni sudga bermoqda, jazoviy tovon puli talab qilmoqda va kompaniyani “va’da qilinganini o‘zi bilgan holda bajarmaslik”da ayblamoqda.

Bu Kanada bo‘yicha StubHub’ga qarshi Jahon chempionati chiptalarini bekor qilish yuzasidan berilgan ilk jamoaviy da’vo. Oldinroq xuddi shunday ishlar Nyu-York va Kaliforniyada ham ko‘tarilgan.

Da’vo Vancouverda ro‘yxatga olingan, sud hali biror faktni tasdiqlaganicha yo‘q. Ammo shikoyatlar ko‘lami ancha keng.

StubHub o‘zini muxlislar oldida “FanProtect Guarantee” bilan himoya qilayotganini aytadi: besh ish kuni ichida pulni qaytarish yoki o‘rniga boshqa chipta. Amalda esa, CBC News ko‘plab muxlislar oylar davomida javob kutayotgani, qayta-qayta yo‘llanayotgan, cho‘zilayotgan da’volar, bahslar girdobida qolayotganini aniqladi.

Kompaniyadan aniq savollarga aniq javob so‘raldi: refund tartibi, bahslar, kechikishlar. Javob o‘rniga umumiy bayonot yuborildi.

“Bizning maqsadimiz — har bir muxlisni har safar o‘z tadbiriga kiritish. Agar nimadir noto‘g‘ri ketsa, biz har doim o‘rinbosar chipta topishga harakat qilamiz. Pulni qaytarishni xohlamaymiz, muxlis ham xohlamaydi — biz siz tadbirga yetib borishingizni istaymiz”, — deyiladi bayonotda.

Ammo muxlislar hikoyasi boshqacha.

Safarga ketgan pul – qaytmaydigan yo‘qotish

Barrie (Ontario) shahridan Kelly Mongillo otasi bilan birga Nyu-Jersidagi Jahon chempionati o‘yiniga borishni rejalashtirgan. Yo‘l, mehmonxona, ovqat uchun 2 500 dollar, chiptalarga esa yana 1 800 dollar sarflagan. 10 soat rulda. Stadion darvozasi oldida navbat, hayajon.

Va o‘sha yerning o‘zida — bekor qilish xabari.

Mongillo aytishicha, StubHub unga nisbatan sovuqqon munosabatda bo‘lgan, FanProtect kafolati esa “katta moliyaviy yo‘qotish va umidsizlikni” qoplamaydi.

U CBC News’ga shunday degan: bu kafolat iste’molchiga “soxta xavfsizlik hissi” beradi. Chunki u chiptalar kelmasa, o‘rinbosar chipta bo‘lishiga ishongan, ammo safar xarajatlari uchun bir tiyin ham olmayapti.

StubHub’ning “Global User Agreement” hujjatida Kanada va AQSh mijozlari chipta pulidan tashqari boshqa zararni — masalan, safar yoki advokat xarajatlarini — sud orqali undirishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinish bor. Ya’ni, qaytariladigan summa faqat chipta narxi bilan cheklanadi.

Ish jamoatchilikka chiqib ketgach, iyun oyida StubHub Mongillo’ga pulni qaytarish va Torontodagi boshqa Jahon chempionati o‘yiniga chiptalar taklif qildi. Otasi bora olmasdi, ammo u baribir chiptalarni oldi. Pul-chi? Mongillo aytishicha, va’da qilingan naqd refund hozirgacha to‘liq bajarilmagan.

Advokat tutganlar pulni tezroq oladi

Toronto shahrida yashovchi Jennifer Hale 12 iyundagi Kanada o‘yiniga chiptalar uchun deyarli 3 000 dollar to‘lagan. O‘yin bekor bo‘ldi, StubHub esa chiptalarni o‘sha kuni bekor qildi. Hale darhol pulni qaytarishni so‘radi.

Bir oydan ortiq vaqt o‘tdi.

U kompaniyaga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilgan, har safar bir xil javob: yana 72 soat kuting. So‘ngra yana. Va yana.

“Na refund, na biror aloqa”, — deb yozgan u elektron xatida. Oxirgi marta esa unga pulni qaytarish 45 kungacha cho‘zilishi mumkinligi aytilgan. U esa nima qilishni bilmay qolgan.

Georgetown (Ontario) shahridan Denis Radetic esa kutishni bas qildi. Bir oy o‘tib, bahonalar charchatgach, u AQShda advokat yolladi. O‘sha advokatga yuzlab norozilar murojaat qilgan.

Radetic kompaniyaga yuborgan rasmiy xatida nafaqat chipta puli, balki 3 000 dollar miqdorida advokat xarajatlarini ham talab qildi. Hujjatda StubHub “ehtimoliy firibgarlik, beparvo noto‘g‘ri ma’lumot berish, shartnomani buzish”da ayblandi.

Ko‘pchilik advokat yollashdan cho‘chiydi, deydi Radetic. Uning fikricha, StubHub aynan shundan foydalanmoqda: kim bosim o‘tkazadi, kim esa vaqt o‘tishi bilan taslim bo‘ladi.

Natija? Yakshanba kuni StubHub o‘zi bilan bog‘lanib, kredit kartasiga pulni qaytardi.

Nega kompaniya faqat advokat yollagan yoki ommaviy axborot vositalariga chiqqan mijozlarga alohida e’tibor qaratayotganini StubHub tushuntirmadi. Eng achinarlisi, Radetic refund olganidan keyin ham kompaniyadan so‘rovnoma oldi: “O‘yindan qanchalik rohatlandingiz?”

U o‘sha o‘yinga kirmagan bo‘lsa-da.

Arbitraj – charchatish mexanizmi

Rasmiy siyosatga ko‘ra, StubHub qaroridan norozi bo‘lgan mijozlar AQShdagi arbitraj jarayoni orqali “notices of dispute” yuborishi kerak. Qog‘oz, sertifikatlangan pochta, murakkab manzillar.

Menlo Park (Kaliforniya) shahrida ishlaydigan advokat Brad Clements yuzlab mijozlar — AQSh va Kanadadagi StubHub xaridorlari — bilan shug‘ullanmoqda. U Denis Radetic’ga ham yordam bergan. Uning aytishicha, arbitraj siyosati ataylab chalkashtirilgan.

Uning fikricha, kompaniya tashqi ko‘rinishda o‘zini iste’molchi tarafdori sifatida ko‘rsatadi, amalda esa hammasi boshqa: qo‘rqitish, cho‘zish, charchatish.

Clements misol keltiradi: so‘nggi 14 oy ichida mijozlar “nizo xatlari”ni yuborishi kerak bo‘lgan pochta manzili yetti marta o‘zgargan. Bu vaqt ichida ko‘plab xatlar yo‘qolgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, Kanada uchun mo‘ljallangan StubHub.ca saytida rasmiy nizoni qayerga va qanday yuborish kerakligi haqida umuman ma’lumot yo‘q. Savol berilganda, kompaniya buning sababini izohlashdan bosh tortdi.

Clementsning fikri keskin: “Ular odamlar ish ko‘tarmasligini istaydi. Jarayonni shunchalik og‘ir va asabiy qilishadiki, siz oxir-oqibat voz kechasiz va do‘stlaringizga ‘refund + foiz + jazoviy tovon oldim’ deb maqtanmaysiz.”

Chipta bekor bo‘lsa ham, StubHub foyda ko‘radi

Ko‘pchilik uchun eng kutilmagan jihat — StubHub buyurtma bajarilmagan taqdirda ham pul ishlashi.

Nyu-Yorkda yashovchi guruh menejeri Randy Nichols tushuntiradi: muxlisga pul qaytarilgach, StubHub o‘sha summa va jarimani chipta sotuvchisidan undirishga harakat qiladi. Kompaniya chipta egasi emas, lekin sotuvchi bilan shartnoma shunday tuzilgan.

Rasmiy siyosatga ko‘ra, agar sotuvchi o‘z majburiyatini bajarmasa, StubHub undan kamida 100 foiz chipta narxi yoki bekor qilingan savdoni “to‘g‘rilash” uchun ketgan barcha xarajatlarni undirishga haqli. Amalda bu shuni anglatadi: har bir bajarilmagan buyurtma StubHub uchun yana bir daromad manbai bo‘lishi mumkin.

Nichols shunday deydi: hozirgi tuzilma bo‘yicha StubHub yetkazilmagan har bir chipta uchun sotuvchidan 100 foizlik jarima oladi. Demak, har bir bajarilmagan buyurtmadan ham foyda ko‘radi.

Kompaniya bu da’volarga izoh bermadi. Lekin sotuvchi siyosatlarida bu jarimalar aniq yozilgan.

Muxlislarning puli – bepul kreditmi?

Spokane (Vashington) shahridan Jeff Ripley ham Jahon chempionati chiptalarisiz qolganlardan. U chiptalarni o‘tgan yil dekabrida olgan, o‘yin kuni bekor qilingan. Hozir u ham arbitrajga murojaat qilmoqda, chunki kompaniya faqat nominal narxni emas, undan ko‘prog‘ini qaytarishi kerak, deb hisoblaydi.

Uning savoli juda sodda: “Bu pul oylab ularning qo‘lida turdi. Ular undan foiz olayapti. Bunday holat minglab odamlarda takrorlangan bo‘lsa-chi?”

Hisobotlarga ko‘ra, StubHub o‘tgan yil davomida mijozlar pullaridan 41 million dollar foiz daromadi ko‘rgan. Kompaniya bu haqda savollarga javob bermadi.

Ripley esa masalaga kengroq qarash kerak, deydi. O‘tgan yili StubHub dunyo bo‘yicha 9,2 milliard dollarlik chiptalar qayta savdosini yo‘lga qo‘ygan. Shuncha pul ichida minglab buyurtmalar bo‘yicha mablag‘lar oylar davomida kompaniya hisobida turibdi. U buni “bank uchun bepul kredit”ga o‘xshatadi.

“Bu yerda nimadir noto‘g‘ri, — deydi u. — Ular deyarli moliyaviy institut kabi ishlaydi: men go‘yoki jamg‘arma yoki hisob raqamiga pul qo‘yganman, ular esa foiz oladi.”

Uningcha, bunday tizimda javobgarlik bo‘lishi shart. Mijozlardan pul olib, undan foiz topib, so‘ng mahsulotni yetkazmaydigan kompaniyalar qanchagacha shunday davom ettirishi mumkin?

Savol ochiq turibdi. Va hozircha bu savolga javobni sudlar va g‘azablangan muxlislar izlayapti.