Sharqning NBA kuch muvozanatini silkitishi: LeBron qaytmoqda
NBA xaritasi yoz o‘rtasida birdaniga o‘zgardi. Bir necha hafta avvalgacha ham gap faqat G‘arb haqida edi. Thunder va Spurs mavsum bo‘yi ligani sudrab kelayotgan, “haqiqiy final” ularning o‘zaro seriyasi bo‘lishi kerak degan qarash deyarli shubhasiz qabul qilingandi. Shai Gilgeous-Alexander va Victor Wembanyama boshchiligidagi G‘arb navbatdagi halqani olishga tayyor, degan tasavvur hukmron edi.
Endi esa sharqiy qirg‘oqdagi shovqin bu tasavvurni yirtib tashladi.
LeBron James’ning 76ers bilan kelishuvi, Knicks’ning nihoyat chempionlikni ko‘tarishi va Celtics’ning yana sog‘lom, to‘liq tarkib bilan safga qaytishi — bularning barchasi bir mavsum ichida Sharqni mutlaqo boshqa darajaga olib chiqdi. Yillar davomida faqat LeBron’ning o‘zi ko‘tarib turgan konferensiya endi nihoyat butunlay jonlanayotgandek.
LeBron Filadelfiyada, New York taxtda
Sharqning bugungi manzarasi ko‘p yillik sterеotipni sindiradi. Bir paytlar bu hudud LeBron James’ning shaxsiy yo‘lagidek ko‘rinardi: u Cavaliers yoki Heat bilan finalga chiqishi deyarli “tug‘ma huquq” bo‘lib qolgan, qolgan jamoalar esa fon bo‘lib xizmat qilardi.
Hozir esa boshqa sahna.
Knicks – dunyo chempioni. Ular nihoyat orzu qilingan cho‘qqiga chiqdi va eng muhimi, asosiy yulduzlarining aksariyati tarkibda qolmoqda. Bu shunchaki bir martalik portlash emas, balki davom etishi mumkin bo‘lgan davr boshlanishiga o‘xshaydi.
76ers esa bozorni portlatdi. LeBron James, Tyrese Maxey, Joel Embiid, Jaylen Brown va VJ Edgecombe bir jamoada — bu nafaqat yulduzlar jamlanmasi, balki real chempionlik da’vogari. Filadelfiyada endi har bir kecha final darajasidagi bosim bo‘ladi. Shunday tarkib bilan kamroq narsa talab qilib bo‘lmaydi.
Celtics esa o‘zini qayta ixtiro qilishga hojat sezmayapti. Ular allaqachon yuqori pog‘onada. Sog‘lom Jayson Tatum, ancha ishonchli uchlik otishi kutilayotgan Derrick White va Knicks’dan kelgan Mitchell Robinson — bu yadro hali ham chempionlik poygasida ekanini eslatib turibdi.
Detroitta ham jimlik yo‘q. Pistons 60 g‘alabali mavsumdan keyin faqat bitta hal qiluvchi savolga javob kutmoqda: Jalen Duren bilan qayta shartnoma. Agar u qolsa, Cade Cunningham atrofidagi asosiy tayanch yana jam bo‘ladi. Yaqin yillargacha liganing pastki qismida yurgan klub endi Sharq tepasida o‘z o‘rnini talab qilmoqda.
Bir varaq qog‘oz olib, Spurs yoki Thunder’ni bu jamoalarga qarshi chizib ko‘rishingiz mumkin. Kimni ustun qo‘yishingiz boshqa masala. Muhimi — Sharqda endi bir emas, bir nechta jiddiy raqib bor.
Michael Jordan davridagi kabi kuch markazi ko‘chayaptimi?
Sharqning bugungi kuchini baholash uchun yillar davomida NBA’ni ichidan kuzatib kelayotgan Zach Harper’ning nigohi muhim. U Sharqning oxirgi bor qachon haqiqiy kuch markazi bo‘lgani haqida gapirar ekan, fikrni uzoqqa — Michael Jordan davriga olib boradi.
Uningcha, Chicago Bulls’ning so‘nggi yillari — Sharqning oxirgi buyuk davri bo‘lgan. G‘arbda ham kuchli jamoalar ko‘p edi, ammo umumiy hissiyot bitta edi: Jordan va Bulls (yoki ularni yo‘ldan qilgan jamoa) baribir hammani yengadi.
Bugun ham shunga o‘xshash narsa shakllanayotgandek tuyuladi, lekin bir farq bilan: G‘arb hamon o‘z qudratini yo‘qotgani yo‘q. Denver, Minnesota, Lakers yoki hatto Rockets kabi jamoalar Sharqqa o‘tsa, u yerdagi chempionlik poygasida ham bemalol favorit sifatida ko‘rilishi mumkin bo‘lardi. Demak, gap mutlaq ustunlikda emas, balki nihoyat Sharqning “zaif bo‘lim” degan tamg‘adan qutulayotganida.
Harper ta’kidlaydi: pastki qism endi mutlaqo ojiz emas, konferensiya chuqurlashdi. Ammo u chempionlik uchun real kurashga atigi uchta Sharq jamoasini qo‘shadi. Demak, Sharq qaytdi, lekin hali ham to‘liq hukmron emas.
Biznes, reytinglar va nihoyat munosib yo‘l
Bitta narsa aniq: bu uyg‘onish liga uchun foydali. Yillar davomida Sharqdan finalga chiqqan jamoaga “yo‘li oson bo‘ldi”, “G‘arbdagi haqiqiy jangdan keyin dam olishga o‘xshash bo‘ldi” degan gaplar yopishib kelgan. Bunday tasavvur tomoshaboplikni o‘ldiradi.
Endi esa yo‘l qiyinlashmoqda. Bir nechta yulduzli jamoa, bir necha shaharda haqiqiy umid, har turda to‘qnash kelishi mumkin bo‘lgan kuchli raqiblar. Bu teletranslyatsiya reytinglaridan tortib, klub daromadlari va liga brendigacha bo‘lgan butun zanjirni jonlantiradi.
Sharq endi finalga “sukut bo‘yicha” chiqadigan hudud emas. U yerdan chiqqan jamoa chempionlikka haqli da’vogar bo‘lib kelishi kerak — va bu mavsumda shunday bo‘lishi ehtimoli nihoyatda yuqori.
Savol endi boshqacha: Shai va Wembanyama boshchiligidagi G‘arb bu yangi Sharqqa qarshi qancha vaqt yetakchilikni saqlab tura oladi? Yoki Jordan davridagidek, kuch markazi yana uzoq muddatga sharqiy qirg‘oqqa ko‘chib o‘tadimi?


