Marokash: Afrikaning yulduzi Jahon chempionatida yana porlaydi
Oltmish yil ichida Marokash Afrika futbol xaritasini qayta chizdi. Avvaliga – Meksikadagi 1970 yilgi mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olgan qit’adagi ilk terma jamoa sifatida. Keyin – 1986 yilda pley-off bosqichiga chiqqan Afrikadagi birinchi jamoa sifatida. Qatarda esa – yarim finalgacha yetib borgan tarixiy yurish. Endi esa “Atlas sherlar”i yana chegara buzdi: ketma-ket ikki Jahon chempionatida chorak finalga chiqqan birinchi Afrika jamoasi sifatida turnir kitobiga qayta yozildi.
Bu safar ham ular Fransiya bilan to‘qnash kelish arafasida turibdi. 2022 yildagi yarim final takrorlanadimi-yo‘qmi – bu hali noma’lum. Ammo tarix allaqachon yozib bo‘lingan.
“Hech kim uxlamadi”: mamlakat bo‘ylab kechgan tun
Kasalablankadan ishlaydigan futbol jurnalisti Amine El Amri kayfiyatni bir jumla bilan chizib beradi: bu terma jamoaga nisbatan umumiy hissiyot – faxr va mamnunlik. Turnir oldidan reja aniq edi: murabbiy almashinuvi, Walid Regragui ketib, Mohamed Ouahbi kelgan murakkab fonni hisobga olgan holda, chorak finalga chiqish – bosh maqsad sifatida qo‘yilgandi.
Niderlandiyaga qarshi g‘alaba aynan shu nuqtada burilish yasadi. El Amrining ta’kidlashicha, o‘sha uchrashuvdan keyin Ouahbi “ishonchli murabbiy” maqomini mustahkamladi, uning atrofidagi ko‘plab shubhalar tarqaldi. Kanada ustidan qozonilgan g‘alaba esa bu ishonchni yanada oshirdi. Ayniqsa, juda og‘ir kechgan birinchi bo‘limdan keyin jamoa o‘zini qayta topgani muxlislar uchun alohida signal bo‘ldi.
Kasalablanka, Marokash, kichik shaharchalar va qishloqlar. El Amri aytganidek, bu joylarga boribgina odamlarning qanchalik baxtiyor ekanini his qilish mumkin. Ularning so‘zlari juda sodda: “Shanba kechasi bizda hech kim uxlamadi.”
Boston Stadiumdagi sinov: Mbappé va kompaniyaga qarshi
Endi navbat Boston Stadiumdagi ulkan sinovga kelib yetdi. Qarshi tomonda – turnirning eng qo‘rqinchli hujum uchligi: Kylian Mbappé, Michael Olise va Ousmane Dembélé. Har bir kichik xato – jazoga teng.
Biroq Marokash bu bosimni ko‘tarishga tayyor ko‘rinadi. Buni sobiq Kamerun darvozaboni, 1982, 1990 va 1994 yillarda mundialda o‘ynagan Joseph-Antoine Bell ham e’tirof etadi. Uning fikricha, Niderlandiya va Kanada bilan bo‘lgan o‘yinlarda Ouabhi ko‘rsatgan sokin, vazmin boshqaruv – bu jamoaning ichki tinchligi va tayyorgarligi natijasi.
Bell bir fikrni alohida urg‘ulaydi: Jahon chempionatida hech bir raqib Marokashga qarshi maydonga chiqib, “biz albatta yutamiz”, deb ayta olmaydi. Ularning o‘yinida bir narsa yaqqol: hisobda ortda qolishlari mumkin, lekin asab buzilmaydi, o‘z-o‘zini yo‘qotish yo‘q. Ular ishonch bilan o‘z o‘yinlarini davom ettiradilar, natijada o‘yinga qaytish imkonini topadilar.
Bu esa faqat taktik tayyorgarlik emas. Bellning so‘zlariga ko‘ra, bu – barcha ichki muammolar hal qilinganda yuzaga keladigan holat. Moliyaviy yoki ma’muriy boshog‘riqlar yo‘q, futbolchilar faqat maydondagi ishga sho‘ng‘igan. Marokash terma jamoasi aynan shunday holatda: puxta tayyorlangan, tizimli jamoa.
Afrika uchun og‘riqli saboq: vaqt va boshqaruvning bahosi
Boshqa ko‘plab Afrika terma jamoalari bunday darajaga chiqa olmayapti. Bell buni keskin qo‘yadi: agar bir mamlakat, masalan, Gana, Jahon chempionatiga atigi ikki oy qolganda murabbiy yollasa, qanday qilib tayyor bo‘lishi mumkin?
Marokashda Ouahbi mart boshida tayinlangan bo‘lsa-da, bu faqat kalendar sanasi emas. U turnir oldidan beshta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishga ulgurdi, eng muhimi – to‘rt yil davomida U-20 va U-23 bilan ishlagan, tizimni ichidan biladi. Gana esa Carlos Queiroz qo‘l ostida mundialdan avval atigi ikki marta maydonga tushdi. Natija esa kutilganidek bo‘ldi: Kolumbiyaga so‘nggi 32 bosqichida mag‘lubiyat va erta xayrlashuv.
Gana sardori Jordan Ayew turnirdan keyin bu haqiqatni yashirmadi. Uning fikricha, murabbiyning g‘oyalariga moslashish uchun bir-ikki oy yetmaydi. Himoyada jamoa yaxshilangandek tuyuldi, lekin hujumda yetishmovchilik yaqqol bo‘ldi. Endi ular to‘p bilan va to‘psiz o‘yin o‘rtasida to‘g‘ri muvozanatni topishi kerak.
Queirozning Gana bilan xayrlashuv so‘zlari ham tasodifiy emasdi. U Black Stars kelajagi faqat maydonda qurilmasligini, muvaffaqiyat avval federatsiya darajasida – boshqaruv, tayyorgarlik, futbolchilar uchun sog‘lom muhit yaratishdan boshlanishini eslatdi.
Senegalning qulashi va Olisehning alamli xotirasi
Bu ogohlantirishni Senegal ham jiddiy qabul qilishi kerak. Lions of Teranga o‘z Jahon chempionatini keraksiz fojia bilan yakunladi: Belgiya bilan o‘yinda 86-daqiqagacha 2:0 hisobida oldinda borib, yakunda 3:2 hisobida mag‘lub bo‘lish – bu nafaqat sportiy, balki psixologik zarba.
Bunday qulashi qanday izohlash mumkin? Sobiq Nigeriya sardori va bosh murabbiyi, o‘tgan mundialda Fifa texnik tahlil guruhida ishlagan Sunday Oliseh buni juda og‘ir qabul qilgan. U o‘zining 1994 yilgi og‘riqli xotirasini eslaydi: Italiyaga qarshi o‘yinda Nigeriya 25-daqiqadan 88-daqiqagacha 1:0 hisobida oldinda borib, baribir 2:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan.
Oliseh o‘sha payt uchun bitta tasallini topadi: ular o‘sha payt “savodsiz”, katta sahnaga endigina chiqqan jamoa edi. Bugun esa vaziyat boshqacha. Afrika futbolchilari tajribali, yuqori darajadagi klublarda o‘ynaydi, hisobni saqlab qolish, o‘yinni yopish qanday bo‘lishini juda yaxshi biladi. Shunday pallada 2:0 ustunlikni boy berish – bundan ham achinarliroq. Murabbiy tanqid ostida, lekin Oliseh nazarida maydondagi tajribali futbolchilar ham o‘yinni o‘z qo‘liga olishi kerak edi.
“Futbol futbolchilar bilan boshlanmaydi”
Bellning eng keskin jumlasi shunday: futbol futbolchilardan boshlanmaydi. Uning fikricha, Afrika terma jamoalari Jahon chempionatida haqiqiy salohiyatiga yetishi uchun federatsiyalar boshqaruvdagi og‘ir ishni bajarishi shart. Tizim, reja, intizom – bularsiz bir-ikki yorqin turnir etarli bo‘lmaydi.
Shunga qaramay, Bell optimistik. U Afrika mundialni yutishga tobora yaqinlashayotganini aytadi. Biroq bu gap havoda qolmasligi uchun bitta shartni qo‘yadi: agar biz chin dildan jiddiy bo‘lsak, chorak finalda kamida uch-to‘rtta Afrika jamoasi bo‘lishi kerak.
Hozircha esa manzara boshqacha. Misrning Argentina qarshisidagi qahramonona o‘yini – faxrli epizod, xolos. Biroq chorak final chizig‘ida yolg‘iz yuk ko‘tarayotgan jamoa bitta – Marokash. Savol esa aniq: “Atlas sherlar” bu marta ham butun qit’a orzularini yelkasida ko‘tarib, yana bir chegarani buzishga qodirmi?


