Sport Maydon logo
Two men watching a sports event in stands

Manchester United: tanqid chegarasidan o‘tdimi?

Manchester United Premyer-ligada 18-o‘rinda. Yakshanba kuni “Anfield”da Liverpoolga qarshi Mauricio Pochettino uchun birinchi sinov kutib turibdi. Klub atrofida kayfiyat keskin, tribunalar g‘azabga to‘la. Aynan shunday pallada bosh ijrochi direktor Omar Berrada kamdan-kam uchraydigan intervyuda sukutni buzdi.

U muxlislarning alamini yashirmadi, lekin bir chiziq borligini ham eslatdi.

“Bu lavozim tanqid va diqqat markazida bo‘lishni o‘zi bilan birga olib keladi. Buni qabul qilamiz. Uning bir qismi adolatli, bir qismi esa chegaradan o‘tadi”, – dedi Berrada Sky Sports’ga.

Uningcha, ijtimoiy tarmoqlar bu keskinlikni yanada kuchaytirgan. Salbiy kayfiyat – ko‘proq “engagement”, ko‘proq shovqin, ko‘proq bosim. Klub esa buni imkon qadar “park qilishga” urinmoqda.

Wilcox, Ratcliffe, Glazerlar – g‘azab nishonida

So‘nggi haftalarda muxlislarning g‘azabi aniq manzil topdi. Director of football Jason Wilcox stadionda ochiqchasiga nishonga olingan. Ijtimoiy tarmoqlarda esa Wilcox va Berrada iste’fosini talab qilayotganlar ko‘paygan.

Minoritar egasi Sir Jim Ratcliffe’ga qarshi qo‘shiqlar endi muntazam yangraydi. 2005-yildagi leveraged buyout ortidan klub yelkasiga yuklangan va hozirda 1 milliard funtdan oshgan qarz fonida Glazerlar oilasiga qarshi noroziliklar esa allaqachon yillar davomida to‘xtamagandi.

Wilcox ayniqsa yozgi transferlar uchun “aybdor” sifatida ko‘rsatilmoqda. Muxlislar nazarida, yozgi ishlar zaif bo‘lgan. Sentyabr oyida Atletico Madridga 0:2 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng himoyachi Lisandro Martinez ham “texnik direktor”dan ko‘proq kutganini ochiq aytdi.

O‘sha paytda iste’foga chiqarilgan bosh murabbiy Michael Carrick transfer siyosatidan norozi edi: klub markaziy yarim himoyaga e’tibor qaratib, chap qanot himoyasi va hujumdagi muammolarni chetlab o‘tgan. Luke Shaw va Benjamin Sesko jarohatlari bu qarorlarni yanada og‘irlashtirdi.

Carrick Elliot Anderson va Mateus Fernandes’ni olib kelishni xohlagan, biroq Nottingham Forest va West Ham talablari klub belgilagan chegaradan oshgach, United ortga chekindi. Anderson keyinchalik Manchester City safiga 116 million funt evaziga o‘tdi, Fernandes esa Tottenhamga 85 million funtga ko‘chdi.

United esa yakunda Carlos Baleba va Andrey Santos uchun jami 118 million funt sarfladi – ikkovlon birgalikda hozircha atigi yettita Premyer-liga o‘yinini asosiy tarkibda boshlagan. Klub bundan tashqari Aston Villa bilan shartnomadagi Youri Tielemans’ning 35 million funtlik release clause’ini ishga tushirdi. Belgiyalik yarim himoyachi 8 noyabr kuni Aston Villa bilan 4:4 hisobidagi o‘yinda United safidagi ilk golini urdi va bitta golli uzatma ham qayd etgan.

Berrada transferlar bo‘yicha pozitsiyasini himoya qildi

Tashqaridan bosim qanchalik kuchli bo‘lmasin, Berrada yozgi transfer oynasini muvaffaqiyatsiz deb hisoblamaydi.

“2026-yilgi yozgi transfer oynasiga qaraganimizda, tanqid ko‘p bo‘layotganini bilaman, lekin biz aslida olib kelgan futbolchilarimizdan mamnunmiz, – deydi u. – Carlos Baleba, Youri Tielemans, Andrey Santos va Karl Darlow – ustiga-ustak Barcelona safida ijarada juda yaxshi mavsum o‘tkazgan Marcus Rashford qaytdi. Bular – tarkibni tubdan kuchaytirgan besh qo‘shimcha.”

U klub strategiyasini takror eslatdi: intizom, to‘g‘ri vaqt, to‘g‘ri narx, to‘g‘ri profil.

“Qachon to‘g‘ri imkoniyat topsak, xarajat qilamiz. Lekin shunchaki pul sarflash uchun sarflamoqchi emasmiz. Qo‘shimcha himoyachi olib, chuqurlik va sifatni oshirishimiz mumkinmidi? Ha. Lekin bizni ishontirmaydigan futbolchi uchun 40–50 million funt to‘lashning ma’nosi yo‘q”, – deydi Berrada.

Pochettino: bosh murabbiy, lekin ko‘proq ta’sir istaydi

Berrada intervyusi efirga uzatilishidan atigi yarim soat avval Pochettino kengroq OAV oldida ilk bor so‘zga chiqdi. Uning rasmiy unvoni – head coach. Ammo argentinalik murabbiy o‘yinchi tarkibiga oid deyarli barcha qarorlarga ta’sir o‘tkazishni istaydi.

“Head coach sifatida yakshanba kuni maydonga tushadigan tarkibni men tanlayman. Asosiy 11likni men belgilayman, almashtirishlarni men qilaman, – dedi u. – Albatta, kelajakda tarkib bo‘yicha barcha asosiy qarorlarda ishtirok etishni xohlayman.”

Berrada esa Carrick bilan xayrlashish deyarli yagona yo‘l bo‘lib qolganini ta’kidladi: jamoa ko‘plab jabhalarda “keskin tushib ketgan” edi.

Pochettino bu klubga kelgach, deyarli barcha futbolchi bilan yakka-yakka suhbat o‘tkazdi. U muammo qaerdaligini, kiyinish xonasidagi kayfiyatni, ishonch darajasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi bo‘ldi.

Statistika esa United futbolchilari yetarlicha yugurmayotganini ko‘rsatadi. Pochettino bunday raqamlarni ehtiyotkorlik bilan qabul qilish kerakligini aytadi: “Agar ma’lumotga kontekst qo‘ymasangiz, bu haqda gapirish juda xavfli.”

54 yoshli murabbiy madaniyat haqida ham to‘xtaldi. Klub ichida ko‘p tilga olinayotgan, lekin amalda o‘zgartirish juda qiyin bo‘lgan mavzu.

“Klub madaniyati va identiteti juda aniq, – deydi u. – Bu tarixiy klub, dunyoning eng yaxshilaridan biri. Manchester United bilan o‘lchash mumkin bo‘ladigan boshqa klub topish qiyin. Lekin bu madaniyat hozirgi holatimizdan butunlay boshqa joyda bo‘lishi kerak.”

Uningcha, to‘liq madaniyat qurish o‘n yilgacha vaqt olishi mumkin. United esa natijani hozir xohlaydi.

Bruno Fernandes – bosim ostidagi sardor

Liverpoolga qarshi safar oldidan Pochettino bitta savolni aniq yopdi: Bruno Fernandes sardorlikni saqlab qoladi.

Portugal playmakeri bu mavsumda o‘z o‘yinini topa olmayapti. 32 yoshli futbolchining shartnomasi yozda yakuniga yetadi, muzokaralarda esa sezilarli siljish yo‘q. Klubda uni yana bir yilga qoldirish varianti bor, lekin o‘tgan mavsum barcha yirik individual sovrinlarni qo‘lga kiritgan darajadan hozirgi keskin pasayish fonida ayrimlar uchun “toza sahifa ochish” fikri tobora jozibaliroq ko‘rinmoqda.

Pochettino bu mavzuni keng ochishni istamadi, e’tiborni yaqin o‘yinga qaratdi.

“Bruno bizning sardorimiz va juda muhim futbolchimiz”, – dedi u. – “Siz so‘rayotgan boshqa masalalar haqida gaplashishga keyin vaqt topamiz.”

United uchun esa “keyin” degan tushuncha tobora xavfli bo‘lib boryapti. Premyer-ligada 18-o‘rin, oldinda esa Anfield, bosim ostidagi rahbariyat va o‘z yo‘lini izlayotgan yangi murabbiy. Bu klub qachon va qayerda burilish nuqtasiga yetib keladi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil