Sport Maydon logo

Inter taqdiri: Moliyaviy mag‘lubiyat va o‘zgarishlar

Yevropa futboli tobora ko‘proq moliya bozori qonunlari bilan boshqarilmoqda. AC Milan, Chelsea, Olympique Lyonnais kabi klublarning qo‘lma-qo‘l bo‘lishi, xususiy kapital fondlari uchun futbol endi nafaqat o‘yin, balki katta o‘sish va daromad maydoni ekanini ko‘rsatdi.

Inter hikoyasi esa bu jarayonning eng keskin, eng og‘riqli misollaridan biri.

Bu – klubning sportdagi qaytishi qanday qilib moliyaviy model qulashi bilan yakunlangani, va oxir-oqibat Oaktree qo‘liga o‘tgan yo‘lning uchinchi bobidir.

Burilish nuqtasi: Suning imperiyasining asta-sekin yemirilishi

Suning Interni bir kunda yo‘qotgani yo‘q. Jarayon to‘rt yil davomida, sekin, ammo muqarrar tarzda kechdi.

Hammasi Xitoyning xorijiy futbol investitsiyalaridan ortga chekinishi bilan boshlandi. COVID-19 pandemiyasi esa bu bosimni bir necha barobar oshirdi.

2020-yilda ilk yoriqlar ko‘rina boshladi. Aynan o‘sha paytda Oaktree sahnaga chiqishiga zamin yaratgan bo‘shliq paydo bo‘ldi.

Suning yolg‘iz emas edi. Bir qator yirik xitoylik konglomeratlar ichki iqtisodiy muammolar, ko‘chmas mulk inqirozi, pandemiya zarbasi va davlatning korporativ qarzlarni qisqartirish siyosati ostida qolib ketdi. Yillar davomida qarz hisobiga chet elda kengaygan guruhlar birdan moliyaviy manevr qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

Suningning o‘zi ham allaqachon bosim ostida edi. Uning chakana savdo biznesi taxminan 3,9 milliard RMB (qariyb 490 million yevro) atrofida zarar ko‘rayotgani haqida hisobot berdi. Shundan so‘ng Interga muntazam ravishda pul quyish tobora mushkulga aylandi.

Aksiyadorning cho‘ntagi endi yetarli bo‘lmagach, klub boshqa manbadan nafas olishga majbur bo‘ldi.

Oaktree krediti: yashirin xavf bilan kelgan nafas

Bu nafas 2021-yil may oyida keldi.

Oaktree – muammoli aktivlarga ixtisoslashgan global investitsiya boshqaruvchisi – Suningga 275 million yevrolik kredit berdi. Uch yil muddat, yiliga 12 foiz.

Kredit Interning o‘ziga emas, balki Suning klubni ushlab turgan Luksemburgdagi Grand Tower S.à r.l. holding kompaniyasiga berildi.

Bu detaldagi farq keyinchalik taqdirni belgilab berdi. Qarzdor – klub emas, uning ustidagi holding. Demak, Inter balansida bu qarz ham, foiz to‘lovlari ham ko‘rinmaydi. Garov sifatida futbolchilar, matchday daromadlari yoki klub aktivlari emas, balki holding aksiyalari qo‘yildi.

Oddiy qilib aytganda: kredit qaytarilmasa, Oaktree holding egasiga aylanadi va shu orqali Interni ham qo‘lga oladi.

Bitimning ikki jihati ayniqsa ko‘zga tashlanadi.

Birinchisi – foiz stavkasi. 12 foiz – Interning avvalgi obligatsiyalariga nisbatan ancha yuqori. Bu Oaktree qabul qilgan xavf darajasini aniq ko‘rsatadi. Kreditni qaytarish klub natijalariga emas, Suning yangi moliyalashtirish topa oladimi, klubni sotsa bo‘ladimi yoki yangi kapital jalb qila oladimi, shunga bog‘liq edi.

Ikkinchisi – uch yillik qisqa muddat. Xato qilishga joy deyarli qolmagandi. Aniq rejalashtirilgan refinsansiz, atigi ikki yo‘l real ko‘rinardi: Suning Interni sotadi va tushgan pul bilan kreditni yopadi, yoki Oaktree klubni o‘z qo‘liga oladi. O‘rtada amalda hech qanday “yumshoq” variant qolmadi.

2022-yilda bosim yanada oshdi. Inter Media & Communication 415 million yevrolik yangi obligatsiya chiqarib, eski qarzlarini qayta moliyaladi. Yangi foiz – 6,75 foiz. Shu paytda Suningning Xitoydagi moliyaviy ahvoli yanada og‘irlashdi.

Interni sotish tobora yagona real chiqish yo‘liga o‘xshab qola boshladi.

Sotuv urinishlari: jozibali brend, xavotirli raqamlar

2022-yil sentabrida bir nechta OAV xabariga ko‘ra, Zhang oilasi klubga xaridor topish uchun Goldman Sachs bilan ishlay boshladi. Narx – taxminan 1,2 milliard yevro. Bu RedBird AC Milan uchun to‘lagan summa bilan bir xil atrofida. Keyinroq Financial Times Raine Group ham jarayonga jalb qilinganini yozdi.

Maqsad ravshan edi: Interni shunday summaga sotish kerak ediki, Oaktree krediti to‘liq yopilsin, Suning qo‘ygan sarmoyasining katta qismini qaytarib olsin va, iloji bo‘lsa, foyda ham ko‘rsin.

Qog‘ozda Inter hanuz jozibali aktiv edi. Klub Italiyadagi eng yirik brendlardan biri bo‘lib qolayotgan, global muxlislar bazasi kengayayotgan, tushumlar o‘sayotgan, to‘rt mavsumda ikki marta Serie A chempioni bo‘lgan, 2023-yilda esa UEFA Champions League finaliga chiqqan.

Ammo moliyaviy ko‘zguga qaralganda, manzara butunlay boshqacha edi.

Klub obligatsiyalar dasturi kelajakdagi pul oqimlariga jiddiy bosim qilardi. Oaktree oldidagi qarz esa yuqori foiz va payment-in-kind (PIK) tuzilmasi sabab tez sur’atda kattalashayotgan edi: to‘lanmagan foizlar asosiy qarzga qo‘shilib borardi.

Bunga qo‘shimcha, Italiya chempionatining ichki teletranslyatsiya huquqlaridan tushadigan daromad deyarli o‘smasdi. Inter o‘z stadioniga ham ega emasdi: San Siro – AC Milan bilan bo‘lishilgan arena, uning egaligi esa Milan shahri qo‘lida. Potensial investorlar uchun bu – stadionni modernizatsiya qilish yoki atrofida ko‘chmas mulk loyihalari orqali qo‘shimcha qiymat yaratish imkoniyati cheklangan degani.

Natijada, xaridorlar moliyaviy jihatdan sog‘lom elit klubga emas, katta qarz, o‘sish imkoniyatlari cheklangan, stadion ustidan nazorati yo‘q va so‘nggi yillardagi katta sarf-xarajatlar asosida shakllangan xarajat bazasiga ega tashkilotga qarayotgan edi.

Qiziqish bo‘ldi. Lekin hech kim stolga yakuniy taklif qo‘ymadi.

Kreditor sahnaga chiqadi: Oaktree kalitni qo‘lga oladi

Sotuv jarayoni samara bermagach, Suning so‘nggi marta imkoniyat izlab ko‘rdi. Bir nechta xabarlarga ko‘ra, ular AQShlik investitsiya boshqaruvchisi PIMCO bilan Oaktree kreditini qayta moliyalash bo‘yicha muzokara olib bordi.

Ammo taklif etilgan yangi kredit ham favqulodda yuqori foiz bilan kelishi kutilayotgandi. Hatto bitim amalga oshgan taqdirda ham, bu faqat yakunni biroz ortga suradigan, lekin manzarani tubdan o‘zgartirmaydigan yechim bo‘lishi ehtimoli katta edi.

Oxir-oqibat, ikki yo‘l baribir o‘sha-o‘sha qoldi: klub sotiladi yoki egalik majburan o‘zgaradi.

Bu orada Oaktree krediti qanchalik xavfli tezlikda o‘sishi ham yaqqol namoyon bo‘ldi. 2024-yil may oyida kredit muddati yetib kelganida, dastlabki 275 million yevro PIK tuzilmasi hisobiga qariyb 395 million yevroga aylangandi.

Suning bu summani qaytara olmadi.

Bu jarayon Suning ulushi qiymatining qanday keskin erib ketganini ham ochib berdi. Kompaniya Interdagi 68,55 foizlik paketini 586 million yevrodan atigi 148 million yevroga qayta baholadi – taxminan 75 foizlik pasayish. Amalda Suning aksiyador sifatida o‘z qiymatining katta qismini allaqachon yo‘qotganini tan oldi.

Inter global brend sifatida hanuz kuchli, sport nufuzi baland, dunyo bo‘ylab muxlislari ko‘p edi. Lekin og‘ir qarz yuki aksiyadorlik qiymatini deyarli butunlay yeb bitirdi.

22-may 2024-yilda Suning kreditni qaytara olmadi. Oaktree garov shartnomasi bo‘yicha o‘z huquqini ishga soldi va Inter ustidan nazoratni qo‘lga oldi.

Bu klassik “bozor bitimi” emasdi. Klub ochiq bozorda sotilmadi. Egasi o‘zgardi, chunki kreditor o‘z ta’minotini ijro qildi.

Suning davrining eng keskin saboqlaridan biri shunda: Interning sportdagi ambitsiyalarini moliyalashtirgan qarz oxir-oqibat klub egasi kim bo‘lishini ham belgilab berdi.

Qarzdorlikdan egalikka: futbolning yangi haqiqatimi?

Suning Interni bir kechada yo‘qotgani yo‘q. Nazorat sekin-asta klubning moliyaviy arxitekturasi bo‘ylab siljidi: avval obligatsiya egalari tomon, yakunda esa Oaktree qo‘liga. 2024-yil mayida Oaktree garovni ijro etgan paytga kelib, bu yakun deyarli muqarrar bo‘lib ulgurgandi.

Endi esa savol boshqacha: muammoli aktivlar bo‘yicha mutaxassis sifatida tanilgan investor Yevropaning eng yirik klublaridan birini qanday boshqaradi?

Inter qarz hisobiga o‘sish modelidan uzoqlashib, moliyaviy barqarorlikka asoslangan davrga o‘ta oladimi?

Javoblar – Oaktree davri qanday yozilishiga bog‘liq.