Hossam Hassan davridagi Misr futboli va siyosat
Misr Yangi Zelandiyani 3:1 hisobida mag‘lub etib, Jahon chempionatida tarixiy marrani zabt etgan paytda, mamlakatda asosiy sarlavha gollar emasdi. E’tibor boshqa joyga – prezident Abdel Fatah al-Sisining tabrigiga ko‘chdi.
Hossam Hassan bu xabarni oddiy siyosiy marosim sifatida qabul qilmadi. U prezidentning tabrigini “ko‘ksidagi medal” deb atadi, uning ta’sirini “sehr”ga qiyosladi va al-Sisi davrida misrlik sportning “misli ko‘rilmagan rivoji”ni maqtadi. Futbolchi va murabbiy sifatidagi ulkan merosiga qaramay, 59 yoshli mutaxassis uchun maydondagi natija ko‘pincha davlatga sadoqat nutqlaridan keyin kelayotgandek.
Bu sadoqat bo‘sh joyda paydo bo‘lgani yo‘q. Mamlakatni 2013 yildan beri boshqarib kelayotgan, har qanday norozilikni keskin bostirish bilan tanilgan harbiy general al-Sisi davrida xavfsizlik tizimi fuqarolik hayotining deyarli barcha qatlamlariga kirib bordi. Futbol ham bundan mustasno emas.
Afsonaning ikkinchi hayoti
Hossam Hassan Misr futbolidagi mavqeini hech kim tortib ololmaydi. U – milliy terma jamoaning eng buyuk hujumchilaridan biri, Afrika Millatlar Kubogining uch karra g‘olibi. Murabbiy sifatida ham tarix yozdi: “Fir’avnlar”ni Jahon chempionatiga mag‘lubiyatsiz, 30 ochkodan 26 tasini qo‘lga kiritgan holda olib keldi. Eng muhimi, 92 yillik misrlik futbol uddalay olmagan ishni qildi – Jahon chempionatida ilk g‘alabani ta’minladi. Keyin esa pley-off yo‘llanmasi.
Bu natijalar bahsga o‘rin qoldirmaydi. Lekin Hassan gapira boshlaganda, futbol uning uchun ko‘pincha ikkinchi planga tushib qolgandek tuyuladi. Balki bu tanlov emas, zaruratdir. U o‘z mavqeidan davlatga sadoqatni takror-takror ta’kidlash minbariga aylantiradi. U terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanganidan beri Misrda murabbiylik va siyosat o‘rtasidagi chiziq tobora xira bo‘lib bormoqda.
Bu sahna esa ancha oldin tayyorlangan edi. 2019 yilgi muvaffaqiyatsiz Afrika Millatlar Kubogi kampaniyasidan so‘ng, al-Sisi sport vaziri Ashraf Sobhi bilan uchrashuvda mamlakat chet ellik murabbiylardan voz kechishi kerakligini aytdi. “Nega biz misrlik murabbiylarga ishonmaymiz?” deb so‘radi u, keyin kulib: “Baribir natija (ya’ni g‘alabasizlik) bir xil” degan kinoyali izoh bilan yakunladi.
Shundan keyin yo‘nalish aniqlandi. 2024 yil boshidagi muvaffaqiyatsiz Afrika Millatlar Kubogidan so‘ng Rui Vitória iste’foga chiqarildi va EFA bu safar mahalliy murabbiyga murojaat qildi. Tanlov – Hassan. U, xabarlarga ko‘ra, ishdan bo‘shatilgan taqdirda tovon puli bo‘yicha muzokara qilishdan bosh tortgan. Jahon chempionati paytida esa shartnomasi fevralda tugaganini, jamoani “milliy burch” sifatida boshqarayotganini aytdi.
Davlat loyihasiga aylangan terma jamoa
Hassan tayinlanganidan bir yil o‘tib, terma jamoa atrofidagi “himoya gumbazi” ochiq matnda ifodalandi. 2025 yil oxirida bo‘lib o‘tgan CAF/Unilever Afrika Millatlar Kubogi Kubogi taqdimotida vazirlik, EFA, CAF amaldorlari, sobiq futbolchilar, sharhlovchilar, kontent yaratuvchilar va jurnalistlar bir zalga jam bo‘ldi. Shu yerda sport vaziri Ashraf Sobhi hukumatning pozitsiyasini ochiq aytdi: u jurnalistlar va sharhlovchilardan terma jamoa murabbiylar shtabini tanqid qilmaslikni, ularga “harbiy va siyosiy rahbariyatimizni qo‘llab-quvvatlaganimiz kabi orqa bo‘lish”ni so‘radi.
Terma jamoa Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgach, Hassan minnatdorlikni yuqoridan boshladi: “Muvaffaqiyat piramidaning tepasidan, davlat amaldorlaridan boshlanadi”, dedi u. Eng katta mukofot sifatida esa “prezident bilan uchrashish imkoniyati”ni istashini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat rahbari “hech kim ko‘tara olmaydigan yukni ko‘tardi”.
2025 yil iyunida, hech qanday bevosita sabab bo‘lmagan bir pallada, Hossam va uning egizagi, terma jamoa direktori Ibrahim Hassan 30 iyun namoyishlari yilligiga bag‘ishlangan bayonot chiqardi. Aynan shu noroziliklar 2013 yilda harbiylarning hokimiyat tepasiga kelishiga zamin yaratgan edi. Egizaklar bu sanani “qadr-qimmat ramzi” deb atashdi.
Tanqidga qarshi huquqiy front
Hassan maydonda keskin va hissiyotli bo‘lgani kabi, mikrofon ortida ham jim turmadi. Ba’zan u o‘ziga nisbatan tanqidlarni nazorat qilishga urinib, odatdagi sport an’analaridan butkul chiqib ketdi. U kassatsiya sudi advokatini o‘zining rasmiy huquqiy vakili sifatida tayinlab, unga “mish-mish tarqatganlar va futbol hamjamiyatida nizo qo‘zg‘atishga uringanlar”ga qarshi barcha zarur huquqiy choralarni ko‘rish vakolatini berdi.
Fevral oyida murabbiyning advokati OAVni tartibga soluvchi oliy organ – ko‘pincha davlatning bosh senzori sifatida ta’riflanadigan Oliy ommaviy axborot vositalarini tartibga solish kengashi (SCMR)ga rasmiy shikoyat yo‘lladi. Sabab – teleboshlovchining shaxsiy Facebook sahifasida Hassan egizaklarining terma jamoani boshqarishi tanqid qilingani. Shikoyatda bu postlar “terma jamoa boshqaruviga ta’sir qilgani” aytildi va masalani kengashning shikoyatlar qo‘mitasiga oshirish, “amaldagi qonunchilikka muvofiq huquqiy chora ko‘rish” so‘raldi.
SCMR shikoyatlar qo‘mitasi teleboshlovchining vakilini so‘roq qilishga chaqirdi, lekin ish yakuni bo‘yicha hech qanday ma’lumot e’lon qilinmadi.
Belgiya bilan o‘yindan so‘ng, egizaklarning advokati yana hujumga o‘tdi. Bu safar u sobiq Misr futbolchisi va hozirgi sharhlovchi Reda Abdel Aalga efirga chiqish taqiqini so‘radi. U sharhlovchini “mamlakat xavfsizligi va tinchligini buzishga urinish”da, shuningdek, Hassanning “rasmiy milliy missiyasi”ga aralashishda aybladi. Bu shikoyat bo‘yicha ham hozircha qaror e’lon qilingani yo‘q.
Maydon ortidagi egalik: futbol kimning qo‘lida?
Hassanning harakatlari Misr futbolining hozirgi egalarini hisobga olganda kutilmagan emas. So‘nggi o‘n yillikda mamlakat futbol infratuzilmasi bosqichma-bosqich harbiy va razvedka tuzilmalari bilan bog‘liq subyektlar qo‘liga o‘tdi.
Terma jamoa libosidagi bosh homiy – 2016 yilda tashkil etilgan, harbiylarga tegishli bo‘lgan Administrative Capital for Urban Development (ACUD). Stadionga kirishning yagona yo‘li – Tazkarti ilovasi orqali. U har bir muxlis uchun biometrik Fan ID yaratadi va bu platforma Egypt General Intelligence Servicega qarashli media giganti United Media Services (UMS) tarkibiga kiradi.
UMSning yana bir sho‘ba korxonasi – Sports United – ichki chempionat va kuboklar, terma jamoa o‘rtoqlik o‘yinlari translyatsiyasi, mamlakatda ruxsat etilgan yagona onlayn translyatsiya sayti, klublarning tijoriy huquqlari va stadion ichidagi reklama maydonlarini nazorat qiladi. Arenalarning o‘zi esa yana bir UMS subyekti – Estadat tomonidan boshqariladi. U o‘zini “zamonaviy boshqaruv tizimlari va professional stadion dizayni hamda ekspluatatsiyasi”ni ta’minlovchi tashkilot sifatida ko‘rsatadi va mamlakatdagi “eng ko‘p stadion va sport inshootlarini boshqarish huquqiga ega” ekanini ta’kidlaydi.
Jahon chempionati tomosha tajribasi ham shu tizim ichida. Muxlislarga rasmiy World Cup “Fan Zone”lariga borish tavsiya etiladi. Ularni to‘liq ACUD boshqaradi, tadbirni Sports United tashkil qiladi, kirish esa faqat Tazkarti orqali ro‘yxatdan o‘tganlarga ochiq.
Natija shuki, bugun Misrda terma jamoa va kengroq ma’noda futbol bilan muxlis o‘rtasidagi har bir aloqa nuqtasi davlat xavfsizlik apparati orqali o‘tadi. Hossam Hassanning maydondagi g‘alabalari shu fon ustiga tushmoqda. Savol esa shunday: bu tizimda futbol qachongacha o‘yin bo‘lib qoladi, qachondan buyon u faqat sahna dekoratsiyasiga aylangan?


