FIFA ichidagi isyon va Infantino atrofida yopilgan saf
Rabatda bo‘lib o‘tgan favqulodda uchrashuv Gianni Infantino uchun sinov emasdi – bu ochiqchasiga isyonni jilovlash urinishiga aylandi. Bir necha kun ichida u dunyo futbolini larzaga keltirgan, Jahon chempionati tijoriy huquqlarini xususiy investorlar qo‘liga qisman topshirish rejasidan voz kechishga majbur bo‘ldi. Shundan keyin esa FIFA rahbariyati birdaniga prezident atrofida zich saf tuzdi.
Rabatdagi yopiq eshiklar ortida
Marokash poytaxtida chorshanba kuni o‘tkazilgan uchrashuv oddiy yig‘ilish emasdi. UEFA va boshqa konfederatsiyalardan kelayotgan bosim Infantino uchun mart oyida bo‘lib o‘tadigan Kongressda navbatdagi – to‘rtinchi muddatga qayta saylanish rejasini xavf ostiga qo‘ygandi. Shu fon’da Rabatdagi uchrashuv, aslida, saylovoldi jangining birinchi katta frontiga aylandi.
FIFA rasmiy bayonotida Bosh kotib Mattias Grafstrom va tashkilot boshqaruv kengashi a’zolari Infantino uchun “211 a’zo assotsiatsiya tomonidan saylangan yagona rasmiy” sifatida to‘liq qo‘llab-quvvatlovini yana bir bor tasdiqlagani aytildi. Tashkilot ichida bu ibora tasodifiy tanlanmagan – u FIFA ichki siyosatida “legitimlik” kartasining ochiq o‘ynalishi edi.
Infantino ham javobsiz qolmadi, Grafstrom va butun ma’muriyatga ochiq minnatdorchilik bildirib, o‘z lagerini mustahkamlashga urinib, ichki frontni birlashtirishga intildi.
FIFA Forward Enterprise – noto‘g‘ri o‘qilgan o‘yin
Barcha mojaroning markazida FIFA Forward Enterprise loyihasi turibdi. Reja sodda, lekin juda og‘ir siyosiy yuklama bilan kelgan: yangi tijoriy huquqlar organining 20 foiz ulushini xususiy investorlar qo‘liga berish, evaziga 4,2 milliard dollar jalb qilish.
Pul miqdori hayratlanarli. Lekin futbol siyosatida raqamlarning o‘zi kifoya emas. Loyiha bilan bog‘liq kompaniyalardan birining AQSh prezidenti Donald Trump oilasiga aloqadorligi haqidagi ma’lumotlar bu kartani yanada zaharli qildi. Shundan keyin FIFA ichida shubha nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy tus oldi.
Rasmiylar “xatolar qilindi” deya tan oldi. Bu tan olish FIFA standartlari bo‘yicha kam uchraydigan holat. Tashkilot o‘zining boshqaruv kengashi va a’zo assotsiatsiyalarga alohida xat orqali uzr so‘ralganini, loyiha bo‘yicha to‘liq qayta ko‘rib chiqish va hisobot tayyorlanishini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, FIFA keskin ohangni ham ishga soldi: tashkilot o‘z obro‘siga “har qanday hujum”ni endi qabul qilmasligini, uni himoya qilish uchun “barcha zarur choralar”ni ko‘rishga tayyor ekanini bildirdi. Bu iboralar – nafaqat tashqi tanqidchilarga, balki ichkaridagi muxoliflarga ham signal.
UEFAning sabr kosasi to‘ldi
Biroq bosim allaqachon oshib bo‘lgandi. UEFA ochiqchasiga Infantino rahbarligiga ishonchini yo‘qotganini e’lon qildi. Yevropa futboli markaziy ofisidan FIFAga yuborilgan “hujjatlarni saqlash xati” – bu shunchaki byurokratik jarayon emas. Bunday xatlar odatda keyinchalik rasmiy tekshiruvlar, ehtimol sud jarayonlari uchun hujjatlar yo‘qolmasligini talab qilganda yuboriladi.
Infantino atrofidagi halqa toraya boshladi. Uning eng yaqin maslahatchilaridan biri Carlos Cordeiro norozilik sifatida iste’foga chiqdi. Endi bu shunchaki tashqi bosim emas, prezident qarorgohi ichkarisida ham yoriqlar paydo bo‘layotganidan darak edi.
Yana bir zarba – Arsene Wengerning pozitsiyasi. Sobiq Arsenal bosh murabbiyi, hozirda FIFA tizimida muhim figuraga aylangan Wenger bu reja bilan o‘zini bog‘lashni istamadi va undan masofalanib turdi. Futbol jamoatchiligi uchun bu ramziy, lekin juda kuchli signal: sportning eng hurmatli ovozlaridan biri bu loyihadan yuz o‘girgan bo‘lsa, demak, risklar chindan ham kattadir.
Paralliz yoki bo‘linish tahdidi
The Times nashri xabariga ko‘ra, UEFA, Concacaf va Osiyo Futbol Konfederatsiyasi ortga chekinishga niyat qilmagan. Ularning ichida shunday kayfiyat paydo bo‘lgani aytiladi: agar Infantino chetga chiqmasa, ular FIFA ishini falaj qilish yoki hatto raqib musobaqalar tashkil etish variantini ko‘rib chiqishga tayyor.
Bu – endi oddiy siyosiy tortishuv emas, global futbol arxitekturasini o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan tahdid. Jahon chempionati, qit’a birinchiliklari, klublar o‘rtasidagi musobaqalar – barchasi FIFA soyasida o‘tib kelgan. Agar yirik konfederatsiyalar haqiqatan ham alohida yo‘l tanlasa, bu o‘yin qoidalarini butunlay yangilashi mumkin.
Shu bilan birga, Infantino butunlay yolg‘iz emas. Qatar va bir qator Afrika assotsiatsiyalari uni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatladi. Ular uchun Infantino davridagi moliyaviy oqimlar, infratuzilma loyihalari va siyosiy e’tibor juda muhim. Bu lager hali kuchli va ovozlar hisobida sezilarli ta’sirga ega.
Martga qadar davom etadigan jang
Rabatdagi uchrashuvdan keyin FIFA rasmiy ravishda Infantino atrofida safni zichlagan ko‘rinadi. Lekin bu qo‘llab-quvvatlov deklaratsiyasi savollarni yo‘qotmadi, aksincha, ularni yanada keskinlashtirdi: mart oyidagi Kongressda bu mojarolar qanday aks etadi? UEFA va boshqa konfederatsiyalar so‘nggi chiziqqacha boradimi yoki muzokaralar yo‘li topiladimi?
Bir tomonda – o‘zini global futbolning yagona legitim markazi deb biladigan FIFA. Ikkinchi tomonda – tobora balandroq gapirayotgan konfederatsiyalar, moliyaviy shaffoflik va hokimiyatning cheklanishini talab qilayotgan ovozlar.
Infantino hozircha kursini saqlab qoldi. Lekin savol ochiq: bu faqat bir bo‘limning yakunimi yoki futbol siyosatidagi butun bir davrning tugashiga kirishmi?


