Etihaddagi og‘ir kecha: Manchester City oltin davrga xayrlashyaptimi?
Birgina oqshom yetarli bo‘ldi. Arsenal Community Shieldda Etihadni jimjit qoldirganida, tablodagi 0:3 shunchaki “mavsumoldi” hisob emasdi. Bu natija o‘n yildan ortiq davom etgan, mukammal ishlaydigan loyihaning ildizlarida darz paydo bo‘lganini ilk bor shafqatsiz ravishda ko‘rsatdi.
Manchester City o‘zining oltin davriga hayrlashayotganga o‘xshaydi.
Uch ustun ketayotgan klub
Avvalo, Txiki Begiristain endi bu yerda emas. Klubni zamonaviy davrning eng yirik imperiyalaridan biriga aylantirgan sport direktori sahnani tark etdi. Ortidan, biroz kechroq bo‘lsa-da, Pep Guardiola ham ketadi. Yana birozdan so‘ng Rodri ham xayrlashishi kutilmoqda.
Bu uch ism oddiy yo‘qotish emas. Ular City’ni yengib bo‘lmas mashinaga aylantirgan asosiy ustunlar edi. Endi esa shu mashina asta-sekin yangi, o‘ziga begona bo‘lgan yo‘lda kimligini qayta izlayotgan jamoaga aylanmoqda.
Angliya futbol koridorlarida bitta savol tinmay yangrayapti: City Manchester United yo‘lidan boradimi? Sir Alex Ferguson ketganidan keyin “qizil iblislar” qanday jar yoqasiga kelib qolgan bo‘lsa, “osmon ranglilar” ham xuddi shunday tanazzul girdobiga tushib qolishadimi? Yoki uchta ustunni birdan yo‘qotgan holda ham nisbatan og‘riqsiz qayta qurilish o‘tkaza olishadimi?
Bu savollar endi nazariya emas. Javob maydonda shakllana boshladi.
Maresca ilk zarbani his qildi
Pepdan keyingi davr kimga nasib etishi haqida yillar davomida gap ketdi. Tanlov Enzo Maresca foydasiga qilindi. Leicester City va Chelsea bilan sovrinlar ko‘targan, o‘yin falsafasi bor, o‘zini isbot qilgan murabbiy. Lekin City miqyosi – bu boshqa olam.
Maresca buni birinchi rasmiy sinovdayoq angladi. Arsenalga qarshi Community Shield uchrashuvida City devorga urilgandek bo‘ldi. Hisob – 0:3. Natija – og‘ir. His-tuyg‘u – Etihadda murakkab kunlar endi boshlanayotgandek.
Mulkdorlar o‘zgarmadi, Ferran Soriano hamon klubning moliyaviy va operatsion boshqaruv markazida o‘tiribdi. Lekin bir yil ichida City’ni afsonaga aylantirgan birinchi ustun ketdi.
Txiki Begiristain ketish qarorini allaqachon, bir yildan ortiq avval tinchgina qabul qilgan, o‘tish davrini nazorat qilgan, o‘rniga kelgan Hugo Viana’ga dastlabki oylar davomida yo‘l ko‘rsatgan edi. Ammo vaqt o‘z so‘zini aytdi: farq ko‘rinib qoldi.
Begiristain Erling Haalandni 60 millionga, Rodrini 70 millionga olib kelib, qimmat tarkibni aql bilan qurdi va shu bilan birga savdolar orqali balansni ushlab turdi. Viana esa yozning o‘zidayoq atigi ikki transfer uchun 130 milliondan oshiq mablag‘ sarflab bo‘ldi.
Bu shunchaki “bozor biroz qimmatlashdi” degan izoh bilan yopiladigan tafsilot emas. Bu City’ni shakllantirgan uzoq muddatli strategiyaning o‘zgarayotganidan darak. Xuddi Sir Alexdan keyin Manchester Unitedda sodir bo‘lganidek.
Pepning soyasi va bo‘shab qolayotgan taxt
Guardiola – ikkinchi ustun. Uning taktik dahosi, yildan-yilga takrorlanadigan g‘alabalari bilan birga, yanada noyobroq narsa bor edi: klub ichida mutlaq ta’sir.
Pep “tegib bo‘lmaydigan” murabbiy edi. Yutsa ham, yutqazsa ham, mavqei shubha ostiga olinmasdi. Bunday maqomga boshqa hech bir murabbiy – Maresca ham – ega bo‘la olmaydi.
O‘zingni “abadiy” deb bilish bilan har lahza natijaga bog‘liq bo‘lib yashash o‘rtasidagi tafovut natijalarda, o‘yinda, ruhiyatda darhol seziladi. Guardiola ketganida nafaqat uslub, balki raqiblar ustidan yillar davomida o‘rnatilgan psixologik ustunlik ham ketadi.
Bu bo‘shliq Manchester United Ferguson davridan keyin yiqilib tushgan bo‘shliqqa juda o‘xshaydi. Bir murabbiylik tajribasi ortidan boshqasi kelaverdi, ammo klub o‘zining eski shon-shuhratini yillar davomida quvib yetolmadi.
Eng og‘riqli zarba: Rodri ketish arafasida
Uchinchi, eng xavfli ustun – Rodri – klubni tark etish ostonasida. Butun jamoani bir bosqichdan boshqasiga ko‘tarib yuboradigan yarim himoyachi juda kam bo‘ladi. Rodri bilan City – chempion jamoa. Rodrisiz – butunlay boshqa.
U avvalroq safdan chiqqanida, City o‘yinidagi zaif nuqta darhol ko‘rindi: yarim himoya beqaror, markaziy zona bo‘sh, balans va intizom yo‘q. Bularning barchasini ispan sardor o‘zining sokin, lekin temirdek qat’iy o‘yini bilan yopib kelardi.
Endi esa uning kutilayotgan ketishi qisqa muddatda o‘rnini to‘ldirish deyarli imkonsiz bo‘lgan zarbaga o‘xshab turibdi. Futbol tarixida bitta markaziy figura ketgach, darajasidan ancha pastga tushib ketgan klublar yetarlicha. City bu qoidadan mustasno bo‘la oladimi?
Pul, infratuzilma va noaniq kelajak
Albatta, Manchester City hamon ulkan moliyaviy qudratga ega. Infratuzilma zamonaviy, egalik tuzilmasi barqaror. Ammo Txiki, Pep va Rodri kabi uchta ongni bir paytda yo‘qotish – klubni haqiqiy qayta qurilish davriga uloqtiradigan omil.
Endi Maresca shunday vazifaga yuz tutyapti: birdan natija talab qilinadigan, sabrga joy qolmagan sharoitda yangi jamoa qiyofasini yaratishi kerak. U bunday miqyosdagi bosimni hech qachon boshidan kechirmagan. Arsenalga qarshi Community Shielddagi mag‘lubiyat hech narsani yakuniy hal qilmaydi, lekin so‘nggi yillardagi City’ni belgilab kelgan muvozanat va barqarorlik yo‘qolganini ko‘rsatdi.
Agar mavsum startida ham natijalar kutilganidek bo‘lmasa, klub deyarli to‘liq qayta qurilish sari majburan burilishi mumkin. Xuddi Fergusondan keyingi United boshidan kechirgan jarayon kabi.
2013 yildan keyingi Manchester United – har qanday grand klub uchun ogohlantiruvchi dars. Bir vaqtning o‘zida ma’muriy, murabbiylik va transfer qarorlari izdan chiqqanda, yillar davom etadigan beqarorlik, katta sarflar va juda kam natijalar paydo bo‘ladi.
City bu taqdirdan qochish imkoniga ega: mulkdorlar o‘zgarmagan, moliyaviy rejalashtirish puxta. Lekin kechagi zarba birinchi ogohlantirish bo‘ldi. Txiki, Pep va Rodri ustiga qurilgan muvaffaqiyatni aynan o‘sha kuch bilan takrorlash ehtimoli tobora kamayib boryapti.
Endi savol bitta: kelayotgan oylar Manchester City’ni minimal yo‘qotishlar bilan yangi davrga olib kiradimi yoki Etihad ham United singari yillar davom etadigan, zulmatga o‘xshash qayta qurilish tunneliga kirib ketadimi?



