Carrick davrining yangi bosqichi: Rosenborg ustidan 5:0 g‘alaba
Trondheimdagi sovuq kechada Manchester United nihoyat yozgi tayyorgarlikdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Hisob – 5:0. Raqib – mavsum o‘rtasiga kirib qolgan, jismonan tayyor Rosenborg. Ammo maydonda kimning katta klub ekani boshidan oxirigacha yaqqol ko‘rindi.
Olti kun avvalgi Wrexham mag‘lubiyatidan keyin bosim kuchli edi. Michael Carrick bu bosimni nafaqat natija, balki o‘yin uslubidagi sezilarli burilish bilan yengib o‘tdi. Aynan shuning uchun bu o‘rtoqlik uchrashuvi oddiy yozgi mashg‘ulot emas, balki “Carrick-ball”ning yangi versiyasi sifatida yodda qolishi mumkin.
“Carrick-ball” qayta yozilmoqda
Carrick vaqtincha bosh murabbiy bo‘lib kelgan paytdan beri Unitedning o‘sishi tezkor o‘tishlarga tayanib kelgan edi. Bryan Mbeumo va Patrick Dorgu kabi chaqqon qanotlar, orqa chiziqdan Bruno Fernandes va Matheus Cunha’ning ijodkorligi – hammasi qarshi hujumlar uchun qurilgan mexanizmga xizmat qilardi.
Statistika buni tasdiqlagan: Carrick boshqaruvidagi ilk davrdan mavsum yakunigacha United tezkor o‘tishlar soni bo‘yicha uchinchi o‘rinda, tezkor hujumlardan kiritilgan gollar bo‘yicha esa liganing eng yuqori pog‘onasida bo‘lgan. Ammo to‘pni nazorat qilish? Bu borada jamoa o‘rtamiyona ko‘rsatkichlardan nariga o‘tolmadi. Sir Alex Ferguson davridan keyingi doimiy og‘riqli nuqta – pozitsion hujumga qarshi chuqur himoyalangan raqiblarni yorib o‘tishdagi qiynchiliklar yana va yana takrorlanardi.
Rosenborg esa mavsumning 13-turiga kirib kelgan, ritm va jismoniy tayyorgarlikda oldinda bo‘lishi kerak edi. Mantiqan olganda, to‘pni ko‘proq ushlab turishi, tempni belgilashi, Unitedni yana o‘zining eski quroliga – tezkor o‘tishlarga qaytishga majbur qilishi kerak edi.
Lekin shunday bo‘lmadi.
Fernandes ham, Cunha ham yo‘q bo‘lgan United to‘p bilan o‘zini g‘alati darajada ishonchli his qildi. Ba’zi bo‘limlarda ular norveg jamoasini shunchaki bo‘lib tashlashdi. Bunda asosiy kalitlardan biri Joshua Zirkzee bo‘ldi – u old chiziqda to‘pni ushlab turdi, sheriklarini o‘yinga kiritdi va pressing ostida ham qaror topa oldi.
Bu, albatta, United tezkor o‘tishlardan voz kechdi degani emas. Ikkinchi va to‘rtinchi gollar aynan o‘sha tanish qurolning hanuz o‘tkirligini eslatib qo‘ydi. Ammo endi manzara boshqacha: Carrick doimiy murabbiy sifatida o‘z futbolini yanada murakkab, to‘pni nazorat qilishga asoslangan shaklga o‘zgartirayapti. Shunda Youri Tielemans transferining mantiqi ham ancha ravshanlashadi.
Zirkzee – kechaning yulduzi, ertaning muammosi?
Trondheimdagi uchrashuvning norasmiy eng yaxshi futbolchisi – shubhasiz Joshua Zirkzee. Uniteddagi 11-raqam ko‘p tanqid eshitgan, ba’zan esa umuman rad etilgandek bo‘lgan. U klassik markaziy hujumchiga ham o‘xshamaydi, Fernandesni “o‘nlik” sifatida chetga surib qo‘yadigan darajadagi ijodkor ham emas.
Shunga qaramay, texnikasi, to‘p bilan muomalasi ba’zan Dimitar Berbatovni eslatib yuboradi. Norvegiyada u aynan shunday futbolchini ko‘rishni istaganlar uchun mukammal javob berdi.
U to‘pni o‘ziga singdiradigan, yarim burilishlarda tez fikr qiladigan, sheriklarini o‘yinga tortadigan “shimgich”ga aylandi. 60 daqiqada ikki golga bevosita hissa qo‘shdi: birinchisini assist bilan boshlab berdi, ikkinchisida esa o‘zi darvozani ishg‘ol qildi.
Gol esa alohida sahifa. Zirkzee zaxiradan chiqqan Harry Amass bilan bir-biriga berilgan nozik “devorcha”ni o‘tkazdi, so‘ng raqib himoyachilarini mayda fintlar bilan birin-ketin yiqitdi. Xuddi shu nayrangni darvozabon ustida ham qo‘llab, uni chalg‘itdi va bo‘sh qolgan darvozaga to‘pni sokinlik bilan joylashtirdi. Nafasni ichga torttiradigan epizod. Bir lahzalik sehr. Bir kechaga yetadigan estetik zavq.
Tabiiy savol tug‘iladi: bunday o‘yin unga keyingi mavsumda muhimroq rol olib keladimi?
Javob unchalik shirin emas. Rosenborg bilan o‘yindagi temp, bosim darajasi, ingliz futbolining shafqatsiz ritmidan ancha past edi. Bu sharoit Zirkzee uchun ideal maydon bo‘ldi. Bu kecha uning texnik mahoratini namoyish etdi, ammo Premier League tezligiga moslashish bo‘yicha savollarni hal qilmadi. Old chiziqda Benjamin Sesko baribir asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Trondheimdagi Zirkzee esa ehtimol Carrick Sesko tayyor bo‘lgach uni qanday pozitsiyalarda, qanday rollarda ishlatmoqchi ekanining kichik “treyleri” xolos.
Carrington bolalari sahnaga chiqdi
United akademiyasi – bu klubning eng qadimiy va eng faxrli an’analaridan biri. Trondheimda bu an’ana yana bir bor o‘zini eslatdi. Ba’zi yigitlar hech qachon Old Trafford yulduziga aylanmasligi mumkin, lekin bu kechani umr bo‘yi eslab yurishadi.
Shea Lacey “o‘nlik” sifatida o‘yinni boshladi va asta-sekin uchrashuv ritmini o‘z qo‘liga ola boshladi. 19 yoshli futbolchini birinchi jamoada ilgari ham ko‘rganmiz, Burnleyga qarshi 2:2 o‘yinda deyarli durdona gol urayozgani yodda. Bu safar esa u markaziy rol oldi va bunga munosib javob qaytardi: ochilish golini xotirjam, sovuqqon yakunladi. Klub muxlislari uni o‘yinchi sifatida eng yaxshisi deb ovoz berishdi – bu ham bejiz emas.
So‘nggi 12 oy ichida Lacey atrofidagi shov-shuv bir oz pasaygandek edi. Bir paytlar u akademiyaning bosh yulduzi sifatida tilga olinardi. Trondheimdagi o‘yin esa unda hanuz jiddiy salohiyat borligini, to‘liq tarkibda ham muhim rol o‘ynashi mumkinligini ko‘rsatdi.
Harry Amass ham o‘z sahnasini topdi. U ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi, o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida Sheffield Wednesday safida jarohatlar tufayli to‘xtab qolgan rivojlanishini davom ettirishga kirishdi. Uning goli – chap qanotdan vaqtida ichkariga kirib kelish, to‘g‘ri nuqtani tanlash va sovuqqon zarba. Ammo faqat gol emas: u chap qanotda ishonchli himoya qildi, to‘p bilan oqilona qarorlar qabul qildi. Klub yangi chap himoyachi izlayotgani rost, lekin savol tug‘iladi: Luke Shaw ortida doimiy o‘rinbosar sifatida imkon berish vaqti kelmadimi?
Jacob Devaney va Ethan Williams o‘z gollarini umr bo‘yi eslab yurishadi. Bunday lahzalar futbolchining biografiyasida alohida satr bo‘lib qoladi. Lekin yana bir yigit bor edi – bu kechaning ko‘rinmas, ammo juda muhim qahramoni: Jaydan Kamason.
19 yoshli o‘ng qanot himoyachisi ba’zan pozitsion xatolarga yo‘l qo‘ydi, lekin to‘p bilan – haqiqiy portlash. Uning ikki golli uzatmasi pastdan yo‘llangan aniq, xavfli uzatmalarni ko‘ra olish qobiliyatini ko‘rsatdi. U qanot himoyachisidan ko‘ra ko‘proq qanot hujumchisiga o‘xshab ketdi: tezlik, mayda fintlar, raqibni birga-bir yengish. Carrick uni boshqa yoshlar bilan solishtirganda ko‘proq maydonda qoldirdi – bu ishonch tasodifiy emas.
JJ Gabriel – kutilgan debyut, bo‘lmagani bilan ham sarlavha
Bitta savol esa javobsiz qoldi: JJ Gabriel qayerda?
15 yoshli bu o‘smir so‘nggi haftalarda klub atrofidagi eng katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Uning safarga kiritilgani ko‘plab muxlislarni hayajonga solgan, Trondheimda “mo‘’jiza bola”ning ilk daqiqalarini kutishgan edi.
Ammo u butun o‘yin davomida zaxira o‘rindig‘ida, yorqin rangli bib ichida o‘tirdi. Bir daqiqa ham ololmadi. Katta sahnaga ilk qadam emas, faqat uni uzoqdan tomosha qilish bilan cheklandi.
Bu holat umidlarni pasaytirish kerakligini anglatadimi? Shart emas. O‘yinoldi matbuot anjumanida Carrick yaqin o‘rtoqlik uchrashuvlarida Gabrielga daqiqalar berilishi mumkinligini aytib o‘tgandi. Ehtimol, uning ilk qadami shunchaki biroz kechikdi. Balki murabbiy uni shoshirmaslikni, shov-shuvni emas, rivojlanishni birinchi o‘ringa qo‘yishni ma’qul ko‘rayotgandir.
Trondheimdagi 5:0 esa bir narsani aniq ko‘rsatdi: Carrick qo‘l ostidagi United endi faqat tezkor o‘tishlarga tayanadigan jamoa emas. To‘pni nazorat qiladigan, yoshlarni qo‘rqmay maydonga tashlaydigan, texnik futbolchilarga markazda erkinlik beradigan jamoa sari burilish boshlangan. Savol shunda – bu yo‘l ularni kelasi mavsumda qanchalik uzoqqa olib boradi?


