Belgiya: Oltin avlod soyasidan chiqqan jamoa
Belgiya: oltin avlod soyasidan chiqqan jamoa
Jahon chempionati boshlanganda, bundan atigi bir oy oldin, Belgiya haqida gap ketganda ko‘pchilik yelka qisib qo‘ya qolardi. Avvalgi turnirlarda sahnani zabt etgan yulduzlarning yarmi yo‘q, natijalar ham ilhomlantirmasdi. G‘oliblik da’vogarlari ro‘yxatida ularni jiddiy tilga olganlar kam edi.
85-daqiqada Senegalga qarshi o‘yinda hisob 0:2 bo‘lganda esa, deyarli hech kim qolmagandi. Baribir hammasi o‘zgardi.
Senegal ustidan tarixiy qaytish, so‘ngra AQShni o‘z uyida 4:1 hisobida yer tishlatish – mana shundan keyin Belgiyani e’tiborsiz qoldirishning iloji qolmadi. Bu endi tasodif emas, shaklga kirib olayotgan jamoa.
Eden Hazard, Mousa Dembele, Marouane Fellaini, Vincent Kompany – bular endi faqat esdaliklarda. Ammo tarkibda hanuz Thibaut Courtois, Romelu Lukaku, Kevin De Bruyne va Axel Witsel bor. Ular sust boshlangan turnirni birdaniga jiddiy imkoniyatga aylantirib yuborishdi.
Navbat Ispaniyaga
Endi navbat Ispaniyaga. Juma kuni kechqurun, yarim final yo‘llanmasi uchun bahs. Savol esa aniq: Belgiya “oltin avlod”ini erta dafn qilishganmi yoki Rudi Garcia ularning qudratini boshqacha yo‘l bilan ishga solyaptimi?
Qatordan qulash – va qaytish
2014-yil Braziliyada chorak final, 2018-yil Rossiyada yarim final. O‘shanda bu avlod eng yuqori cho‘qqisiga chiqqandek tuyulgandi. 2022-yil Qatarda esa – halokat. Guruhdan ham chiqa olishmadi, Marokash va Xorvatiyaga ortda qolishdi. O‘sha paytda bu bobning yopilgandek ko‘ringani bejiz emas.
To‘rtinchi Jahon chempionatini o‘tkazayotgan Real Madrid darvozaboni Thibaut Courtois bu safar boshqacha ohangda gapirdi:
“Bu biz uchun yangi davr. Oltin davrdan qolgan futbolchilar bor, lekin Qatar biz uchun yaxshi o‘tmadi. Endi esa yangi avlod bor – yosh, och, tarixga kirishni istaydigan futbolchilar.”
Gapida jon bor. Yukning asosiy qismi endi aynan o‘sha yangi to‘lqinda.
2014 va 2018-yillardan qolgan to‘rt futbolchidan faqat Courtois – 34 yoshda – bu turnirda har daqiqani maydonda o‘tkazmoqda. Qolganlari esa mutlaqo boshqa rolda.
37 yoshli markaziy yarim himoyachi Axel Witsel, La Liga’dan tushib ketgan Girona safini tark etganidan so‘ng, AQSh ustidan g‘alabada atigi bir daqiqa o‘ynadi. Bu o‘zgarishning ramziday.
33 yoshli Romelu Lukaku uchta gol urishga ulgurdi, ammo umumiy o‘yin vaqtining yarmidan kamini maydonda o‘tkazgan. U ko‘pincha zaxiradan tushib, 25 yoshli Atalanta hujumchisi Charles De Ketelaere bosimi ostida holdan toygan himoyachilardan foydalanmoqda.
35 yoshli De Bruyne esa Senegalga qarshi o‘yinda jarohat oldi. U maydonda bo‘lganida Belgiya uch o‘yindan faqat bittasida g‘alaba qozongan edi. U ketganidan beri esa atigi 130 daqiqada ikki marta g‘alaba, yettita gol.
2018-yilgi tarkibdan qolgan yana bir ism – qanot himoyachisi Thomas Meunier. Turnir davom etgani sari uning daqiqalari ham kamayib boryapti.
Bu raqamlar tajribali avlodning chetga surilganini anglatmaydi. Courtois hanuz dunyoning eng kuchli darvozabonlaridan biri. Lukaku gollari – hal qiluvchi. De Bruyne jarohat olguniga qadar jamoaning eng yaxshilaridan edi. Ammo ularning roli o‘zgardi: endi ular o‘yin sifatini boshidan oxirigacha belgilab beradigan emas, balki ayni kerak paytda farq qiladigan futbolchilar.
Hozircha Rudi Garcia va uning jamoasi bu og‘riqli o‘tish davrini ko‘plab terma jamoalarga qaraganda ancha toza o‘tayotgandek ko‘rinadi.
Garcia uchun esa yosh masalasi umuman markazda emas. U o‘zida bor sifatni himoya qiladi.
“Yetakchilarimni ‘veteran’ deb atashlariga chiday olmayman, – degandi u turnir boshida. – Bu so‘z xunuk, yoqimsiz. Agar bir mamlakat shunday kalibrdagi futbolchilarga ega bo‘lsa, ularga tayanishi kerak. Mana, Belgiya ‘qariyalari’ nimalarga qodir.”
Yangi yuzlar, yangi ritm
Bu safargi Belgiya faqat eski yulduzlarning nomi bilan yashamayapti. 2014 va 2018-yillardagi bosimni his qilmagan, ammo Yevropaning eng kuchli klublarida toblangan futbolchilar maydon markaziga chiqdi.
Arsenal hujumchisi Leandro Trossard turnirning eng yorqin shaxslaridan biriga aylandi. U raqib darvozasi oldida 17 ta imkoniyat yaratgan – bu musobaqadagi eng yuqori ko‘rsatkich. Ikki gol, ikki golli uzatma bilan esa u umumiy samaradorlik bo‘yicha ham yuqori o‘rinlarda.
De Ketelaere ko‘p gol uradigan hujumchi emas, lekin bu turnirda u ham ikki marta to‘p kiritdi, bir marta golli pas berdi. Eng muhimi – qanotdagi futbolchilarga jarima maydoni ichkarisiga ko‘proq kirib borish uchun bo‘shliq ochib beryapti.
33 yoshli Hans Vanaken – butun klub karerasini Club Brugge bilan o‘tkazgan yarim himoyachi – hech qachon chet elda o‘ynamagan. Shunga qaramay, bu chempionatda u ham bir gol va ikki golli uzatma bilan protokollarda.
Kapitan Youri Tielemans esa Senegalga qarshi o‘yinda ham hisobni tenglashtirgan, ham g‘alaba to‘pini kiritgan odam sifatida alohida sahifaga ega bo‘lib bo‘ldi.
25 yosh va undan kichik bo‘lgan 13 nafar futbolchi orasida hozircha faqat Manchester City vingeri Jeremy Doku elit darajadagi yulduz sifatida ko‘riladi. Ammo Diego Moreira, Matias Fernandez-Pardo kabi qanot futbolchilari yaqqol salohiyat ko‘rsatmoqda. Aston Villa yarim himoyachisi Amadou Onana esa AQShga qarshi o‘yinda tizzasidan jiddiy jarohat olguniga qadar juda ishonchli ko‘rinayotgandi.
Bu avlodning vazifasi oddiy emas: ular bir vaqtning o‘zida ham o‘z nomini yaratishi, ham afsonaviy avlod soyasidan chiqishi kerak.
Ikki til, bitta kiyinish xonasi
Belgiya terma jamoasi – nafaqat futbol, balki til va siyosatning ham murakkab kesishmasi. Kimdir shimoldan, golland tilida so‘zlashuvchi hududdan. Kimdir janubdan, fransuz tilida so‘zlashuvchi Valoniyadan. Ko‘pchilik ikki tilni ham biladi, lekin hammasi emas.
Shuning uchun jamoa ichidagi umumiy muloqot ko‘pincha ingliz tilida kechadi. Bu – tasodifiy tanlov emas, hisob-kitobli qaror.
Antverpendagi universitetda amaliy tilshunoslik bo‘yicha katta o‘qituvchi bo‘lgan doktor Jim Ureel bunga shunday izoh beradi:
“Belgiya uchun til juda sezgir masala – u bevosita shaxsiyat va siyosat bilan bog‘liq. Golland tilida so‘zlashuvchilar fransuz tiliga moslashishni istamasligi mumkin, aksincha ham. Agar futbolchilar faqat bittasini tanlashsa, bu muammoga aylanadi. Shuning uchun ingliz tili juda foydali – u neytral. Ayniqsa, yosh futbolchilar odatda ingliz tilini yaxshi bilishadi, ko‘pchiligi ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda o‘ynaydi. Kichik guruhlarda, shaxsiyroq muloqotda esa o‘zlari qulay ko‘rgan tilga o‘tishlari mumkin. Ularning bu yo‘lni tanlagani juda o‘ylangan qaror.”
Demak, Belgiya kiyinish xonasida so‘zlar ham, rollar ham qayta taqsimlangan. Boshida inglizcha motivatsion nutq, yonma-yon gollandcha va fransuzcha so‘kinishlar, orada kulgi. Muhimi – bitta maqsad.
Ispaniya sinovi – avlodlar chorrahasi
Endi eng qiziq savol: bu jamoa Ispaniya to‘sig‘idan o‘ta oladimi?
Agar Belgiya yarim finalga chiqmoqchi bo‘lsa, Lukaku va uning yetakchilari nafaqat maydonda, balki kiyinish xonasida ham maksimal darajada so‘zga chiqishi kerak bo‘ladi. Qaysi tilda gapirishlari muhim emas. Gapning og‘irligi muhim.
Bu endi “oltin avlod”ning so‘nggi urinishi emas. Bu – o‘sha avlodning eng tajribali vakillari poydevorga aylangan, atrofida esa yangi nomlar, yangi uslub, yangi ambitsiya qurilayotgan jamoa.
Savol bitta: bu aralash avlod – otalar va vorislar bir jamoada – tarixga sahifa ochadimi yoki yana bir bor “deyarli yetib kelgan” Belgiya sifatida esda qoladimi?


