Sport Maydon logo

Alonso Chelseani o‘zgartiryapti: tajriba va yoshlik birlashuvi

2008 yil. Jordan Henderson ilk bor Premier League maydoniga qadam qo‘yadi. Raqib – o‘sha paytdagi yulduzli Chelsea: Joe Cole, Deco va boshqalar. Natija – Sunderland uchun og‘ir 0:5. Oradan ikki hafta o‘tib, Danny Welbeck Manchester United safida debyutini gol bilan nishonlaydi.

Bu davr boshqa futbol asri bo‘lib tuyulsa, bejiz emas. O‘sha noyabrda Barack Obama AQShning 44-prezidenti etib saylangan, Pep Guardiola murabbiylik yo‘lini endi boshlayotgan, Chelsea boshqaruvida esa Luiz Felipe Scolari o‘tirgan edi.

Bugun esa boshqa sahna. Western Sydney Wanderers bilan o‘rtoqlik o‘yinida Chelsea tarkibidagi ikki yosh futbolchi – Dastayen Satpaev va Reggie Walsh – jamoaning birinchi golini birgalikda yaratadi. Ular Henderson va Welbeck Premier League’da ilk daqiqalarini o‘tkazgan yili tug‘ilgan. Ryan Kavuma-McQueen? O‘sha paytda hali ona qornida edi.

Shu kontrastning o‘zi London klubi boshidan kechirayotgan strategik burilish qanchalik keskin ekanini ko‘rsatib turibdi. So‘nggi ikki yil ichida Chelsea birorta 30 yoshdan katta futbolchini maydonga tushirmadi, to‘rt yildan beri esa bunday yoshdagi o‘yinchiga transfer puli ham to‘lamadi. Endi esa klub tajribali, yoshi katta futbolchilarga qo‘l uzatyapti. Va bu kursni Xabi Alonso belgilayotgani aytilmoqda.

Leverkusendagi inqilob – Cobham uchun qo‘llanma

Bu o‘zgarishni faqat o‘tgan mavsum oxirida jamoaning ruhiy va taktika jihatidan yemirilishi bilan izohlash oson. Ha, kiyinish xonasida yetakchilik yetishmagani ko‘rinib qoldi. Lekin Alonso qarori bundan kengroq: bu uning o‘zi sinab ko‘rgan, natijasini ko‘rgan model.

Bayer Leverkusen bilan 2024 yilda erishilgan sensatsion “dubl” – va Bundesligani mag‘lubiyatsiz tugatish – aynan shunday yondashuv mahsuli bo‘ldi. Alonso kelishidan avval Leverkusen liga bo‘yicha eng yosh jamoalardan biriga ega edi. Yillar davomida ular iste’dod yetkazib beradigan, lekin sovrinlarni boy beradigan klub sifatida tanilgan.

Alonso birinchi to‘liq mavsumida jamoani oltinchi o‘ringa olib chiqdi, ammo u “keyin ko‘ramiz” kayfiyatidan charchagan edi. U “hozir yutish” mentalitetini talab qildi.

Shu payt sahnaga Granit Xhaka va Jonas Hofmann chiqdi. Ikkalasi ham 30 yoshdan oshgan, Leverkusen falsafasiga mutlaqo zid tuyuladigan transferlar. Alex Grimaldo esa klubga 28 yoshga yaqin paytda qo‘shildi. Sport direktori Simon Rolfes buni tushuntirar ekan, jamoaga nafaqat iqtidor, balki maydonda va undan tashqarida namuna bo‘la oladigan shaxslar kerakligini urg‘ulagan.

Bu Leverkusen uchun tub burilish edi. Bir yil avval eng yirik transfer – Sparta Praguedan kelgan chex yosh forvard Adam Hlozek. Eng tanilgan nomlardan biri – Chelsea’dan ijaraga olingan Callum Hudson-Odoi. Yig‘ma – iste’dodli, lekin parokanda.

Leverkusen Bay Arena stadionida o‘sha tarixiy mavsumdan so‘ng Rolfes o‘sha strategiya o‘zgarishining tagida nima yotganini ochib bergan: ular avvalgi yillardagi xatolar, xususan, 2021 yildagi tartibsiz, “kim bo‘lsa ham olaverish” uslubidagi skautingdan kuyishgan.

Texnika, taktika, jismoniy sifatlar – bular yetarli emas edi. Rolfes shunday degan: agar futbolchining shaxsiyati, xarakteri mos kelmasa, ularni qiziqtirmaydi. Bu ular uchun asosiy xulosaga aylangan.

Raqamlar, ma’lumotlar, analitika – Rolfes bunga ishongan va omma oldida ham himoya qilib kelgan. Ammo u bir pallada tushundi: faqat sonlar yetmaydi. Klub futbolchini tahlil qilayotganda “u chiroyli o‘ynaydi” degan gapdan keyin yana bir savol berishi kerak edi: “U ruhiy jihatdan qanday?”

Robert Andrich – Chelsea uchun yashirin dars

2023 yilda kelgan Xhaka, Hofmann va Grimaldo bilan bir qatorda Rolfes yana bir ismni alohida tilga olgan – Robert Andrich. U Leverkusenning muvaffaqiyat ramziga aylangan, markazdagi kurashchan, keskir yarim himoyachi.

Andrichning yo‘li Chelsea’ning so‘nggi yillarda tanlagan yo‘lidan keskin farq qiladi. U Bundesligada ilk bor 25 yoshga yaqinida, Union Berlin safida debyut qilgan. Akademiyadan to‘g‘ri yuqori sahnaga chiqqan “supertalant” emas, balki bosqichma-bosqich, past ligalardan o‘tib, o‘zini isbotlagan futbolchi.

Rolfes uni “mukammal namuna” sifatida ko‘radi. Chunki u cho‘qqiga oddiy yo‘l bilan chiqmagan. Ko‘p top futbolchilar akademiyalarda eng yaxshilar bo‘lib ulg‘ayadi, erta yulduzga aylanadi. Andrich esa har bosqichda kurashib, 29 yoshida xalqaro darajaga yetgan. Bu – mentalitet g‘alabasi.

U har bir yangi darajaga moslasha olgan. Bu esa yana bir haqiqatni ko‘rsatadi: kuchli ichki motivatsiya va to‘xtamasdan ishlash bilan juda ko‘p narsaga erishish mumkin. Ko‘pincha, yosh, ulkan salohiyatli futbolchilar bunga o‘rganmagan bo‘ladi – ular ko‘p narsani tabiiy iste’dod bilan yengib kelgan, raqobatning haqiqiy og‘irligini kechroq his qilishadi.

Chelsea uchun bu hikoyada yashirin xulosa bor. Klub so‘nggi yillarda asosan “eng iqtidorli, eng yosh, eng istiqbolli” shioriga yopishib oldi. Kontraktlar – uzoq, narxlar – baland, lekin jamoa ichidagi tarozi bir tomonga og‘ib ketdi. Yetakchi, og‘ir vaziyatda so‘zni o‘z zimmasiga oladigan, yoshlarni yonidan yetaklab chiqadigan futbolchilar yetishmadi.

Shu yerda savol tug‘iladi: Henderson va Welbeck bugun Leverkusenning Xhaka yoki Andrichi bo‘la oladimi? Ular o‘z avlodidagi yulduzlar, hozir esa tajriba cho‘qqisida turibdi. Ular Londonning bu juda yosh jamoasiga ruhiy tayanch bo‘lib, boshqalarni ochib yubora oladimi?

Alonso Chelseaga nima olib kelyapti?

Rolfes o‘sha Leverkusendagi suhbatda bir fikrni qayta-qayta ta’kidlagan: muvozanat hamma narsadan muhim. Jamoada 25 nafar bir xil tipdagi futbolchi bo‘lishi mumkin emas. Turli xarakterlar kerak: introvertlar va extrovertlar, tabiiy liderlar va tinchgina ishchilar.

Chelsea nihoyat shu haqiqatni anglayotganga o‘xshaydi. Alonso esa bu nazariyani allaqachon amalda isbotlab bo‘lgan. U Londonda “bosh murabbiy” emas, balki “menejer” sifatida kelgani ham bejiz emas – qaror doirasining kengligi, transfer siyosatiga ta’siri kattaroq bo‘ladi.

Cobhamda yillar davomida yig‘ilgan iste’dodlar bor. Lekin iste’dodning o‘zi yetmaydi. Ularni to‘g‘ri yo‘naltiradigan, bosimi baland o‘yinlarda yonida turadigan, kiyinish xonasida so‘zni aytadigan futbolchilar kerak. Alonso Leverkusenda aynan shunday muhitni yaratdi – tajribali ustunlar atrofida erkin, qo‘rqmas yoshlar.

Endi u shu modelni Stamford Bridge’da qayta qurmoqchi. Savol shunda: Chelsea bu safar saboqni vaqtida o‘rgandimi yoki bu ham navbatdagi tajriba bo‘lib qoladimi?