Angliya va Argentina: Qizg'in Raqobatning Tarixi
Angliya – Argentina: nafrat chegarasiga yetgan raqobatning navbatdagi bobı
Dunyo sportida bunday darajada qizigan qarama-qarshiliklar kam. Angliya va Argentina esa shu kam sonli istisnolardan. Atlanta shahrida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati yarim finali — bu faqat o‘yin emas. Bu 70 yildan beri to‘xtovsiz yozilayotgan, alam, siyosat va dahshatli xotiralar bilan to‘lib-toshgan romaning navbatdagi sahifasi.
Bu raqobat futbol maydonida boshlangan bo‘lsa-da, hech qachon faqat futbol bilan cheklanmagan.
Uembli, 1966: “Hayvonlar”
Adovatning ildizi 1966 yilga borib taqaladi. Uembli, chorak final. Qahrli, asabiy, qo‘pol o‘yin. Angliya murabbiyi Alf Ramsey o‘yin tugagach, o‘z futbolchilariga argentinaliklar bilan libos almashishni taqiqlaydi.
Bu shunchaki hissiyot emasdi, bu hukm edi.
Maydonda ikkala tomondan ham bir nechta futbolchi ogohlantirilgan, Argentina sardori Antonio Rattín esa maydondan haydalgan edi. U dastlab Bobby Charltonga nisbatan qo‘polligi uchun og‘zaki ogohlantiriladi, so‘ng esa hakam Rudolf Kreitlein yozganidek, “til zo‘ravonligi”, ya’ni norozilik uchun qizil kartochka ko‘radi.
Rattín tushunmagan, tushunishni ham istamagan. U maydondan chiqib ketishi uchun besh daqiqadan ortiq vaqt ketadi. Oxiri chetga chiqib, burchak bayrog‘ini g‘ijimlaydi-da, qizil gilamga o‘tirib oladi. Shu sahna keyingi jahon chempionatida butun futbol qoidalarini o‘zgartiradi: 1970 yilda ilk bor sariq va qizil kartochkalar joriy etiladi, tushunmovchiliklarga chek qo‘yish uchun.
Ramsey esa 1:0 hisobidagi g‘alabaga qaramay, raqib uslubidan jirkanadi. Geoff Hurstning kech golidan keyin u keskin gapiradi: argentinaliklarning iste’dodi bor, ammo “behuda ketmoqda”, deydi. Uningcha, Angliya o‘zining eng yaxshi o‘yinini “futbol o‘ynash uchun keladigan, hayvonlardek harakat qilmaydigan” jamoalarga qarshi ko‘rsatishi mumkin edi.
Bu so‘zlar Argentinada uzoq vaqt unutilmadi. Qizil matoni ko‘rgan buqadek.
Las Malvinas, Diego va “Xudoning qo‘li”
1986 yilga kelib, futbol maydoni ortida yanada og‘ir voqealar yotardi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi ziddiyat endi faqat so‘z yoki futbol bilan cheklanmasdi — Atlantika janubida haqiqiy urush bo‘lib o‘tgan edi.
1982 yil. Las Islas Malvinas — Angliya uchun Falkland orollari. Argentina XIX asrdan beri o‘z hududi deb bilgan orollarga qo‘shin kiritadi. 74 kunlik urush. Natija: 649 argentinalik harbiy, 255 britaniyalik harbiy va 3 falklandlik halok bo‘ladi. Argentina taslim bo‘ladi, ammo xotira, alam, g‘urur — yo‘q.
Diego Maradona o‘zining “Yo Soy El Diego” kitobida 1986 yilgi chorak final oldidan ichki holatni ochiq yozadi: Argentina Angliyaga qarshi o‘yinni oddiy futbol emas, urushning davomidek qabul qilgan. “Biz ingliz futbolchilarini bo‘lib o‘tgan hamma narsa uchun aybdor deb bildik, xalqimiz boshidan kechirgan hamma og‘riq uchun”, deb yozadi u. “Bu aqldan ozgandek eshitilishi mumkin, lekin biz shunday his qilardik. Biz bayrog‘imizni, halok bo‘lgan bolalarni, tirik qolganlarni himoya qilardik”.
Shunday fon, shunday hissiyot. Bunday vaziyatda sportni siyosatdan ajratish deyarli imkonsiz.
Argentina o‘sha alamni, Britaniya imperiyasiga qarshi ichki norozilikni maydonga olib chiqadi. Urushda mag‘lub bo‘lgan mamlakat, maydonda o‘zini oqlash imkonini ko‘radi. O‘q yo‘q, snaryad yo‘q, lekin ruhiy front ayni shu yerda edi.
Mexiko, “Azteca” stadioni. Steve Hodge to‘pni noto‘g‘ri tepadi, balandga ko‘tarilgan to‘p jarima maydoni tomon uchadi. Qarshisida — Peter Shilton. U bilan birga sakrayotgan kichik bo‘yli, lekin ulkan figura — Diego Maradona.
U sakraydi. Qo‘lini ishlatadi. To‘p darvozaga kiradi.
Hamma ko‘rdi. Hakam ko‘rmadi. Tarix esa bu lahzani abadiylashtirdi.
Maradona keyin bu golni “biroz Maradonaning boshi, biroz Xudoning qo‘li bilan” urilganini aytadi. Bu ochiqchasiga, yashirilmagan aldov edi. Shunga qaramay, u futbol tarixidagi eng ko‘p muhokama qilingan epizodlardan biriga aylandi.
Angliya uchun bu nafaqat mag‘lubiyat, bu ruhiy chandiq edi. U chandiq hanuzgacha to‘liq bitganicha yo‘q.
Bekxem, Simeone va yangi aybdor
Vaqt o‘tadi, sahna almashadi, lekin dramalar yo‘qolmaydi. 1998 yil, St Etienne. Yana jahon chempionati, bu safar 1/8 final.
O‘yin ajoyib tempda ketadi. Yosh Michael Owen fantastik yakun bilan turnir tarixidagi eng chiroyli ingliz gollaridan birini uradi. Hisob 2:1, Angliya oldinda. Ammo bu kecha boshqa ism bilan yodda qoladi: David Beckham.
Diego Simeone bilan to‘qnashuv. Bekxem yerda yotibdi, keyin asabiy, bolalarcha harakat qiladi — oyog‘ini yengil tepib, Simeone boldiriga tekkizadi. Simeone esa aktyorlik mahoratini ishga soladi: go‘yoki zarbadan yiqilgandek yerga qulaydi.
Hakam chiday olmaydi. Qizil kartochka.
Angliya qolgan vaqtni o‘n kishi bilan o‘ynaydi va oxir-oqibat turnirdan chiqib ketadi. Bekxem esa bir zumda millatning aybdoriga aylanadi, ingliz futbolining mag‘lubiyat ramziga. Uning nomi yillar davomida o‘sha qizil kartochka bilan birga tilga olinadi.
Faqat 2002 yilda, Sapporo shahrida, u Argentina darvozasiga penaltidan g‘alaba golini urganida, bu yukning katta qismini yelkasidan uloqtiradi. O‘sha zarba Bekxem uchun ham, ingliz muxlislari uchun ham kechikkan, ammo zarur bo‘lgan katarzis edi.
Urush qo‘shiqlari va bugungi Atlanta
So‘nggi jahon chempionatida bu ikki jamoa to‘qnash kelganiga 24 yil bo‘ldi. Biroq tanaffus hissiyotlarni sovutgani yo‘q. Maydonda o‘yin bo‘lmasa ham, tashqarida gaplar, xotiralar, qo‘shiqlar to‘xtamadi.
Yaqinda Argentina terma jamoasi Misr ustidan 3:2 hisobida qo‘shimcha bo‘limlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng, ingliz tilidagi rasmiy X sahifasida futbolchilar qo‘shiq aytayotgan video joylandi. Ularning so‘zlari aniq edi: “Las Malvinas uchun, Diego uchun, Leo’ning so‘nggi turniri uchun”. Las Malvinas bu yerda hamon shior, hamon yara.
Veteranlar esa boshqa ohangda gapirmoqda. 2 April War Veterans Federation muxlislarga murojaat qilib, siyosatni sportdan ajratishga chaqirdi. “Suvеrеnitet xalqaro maydonlarda diplomatiya, tarixiy haqiqat va konstitutsiyamizda mustahkamlangan tinch, murosasiz da’vo orqali himoya qilinadi”, deyiladi ularning bayonotida.
Ammo shu paytning o‘zida Argentina futbolchilari o‘sha urush haqidagi qo‘shiqlarni baralla aytishda davom etmoqda. Rasmiy bayonotlar va kiyinish xonasi reali o‘rtasida katta tafovut bor.
Atlanta shahri esa bu tarixdan yaxshi xabardor. Politsiya kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda, qo‘shimcha xodimlar, qo‘shimcha resurslar safarbar etilgan. Bu oddiy yarim final emas, bu ikki xalqning eng og‘riqli nuqtalariga tegib ketadigan to‘qnashuv.
Argentina esa ramzlardan voz kechmaydi. Atlanta kechasida ular o‘zining to‘q ko‘k zahira formasida maydonga tushadi — xuddi 1986 va 1998 yillardagi kabi. Ranglar o‘zgarmaydi, xotiralar ham.
Yangi bobga tayyor sahifa
Bu raqobat futbol tarixida alohida turadi. Bu yerda faqat gollar, faqat kuboklar haqida gap ketmaydi. Bu yerda milliy g‘urur, siyosiy jarohatlar, adolat va adolatsizlik haqidagi bahslar bir maydonga sig‘ib ketadi.
Endi esa sahifa yana ochilmoqda. Atlanta, yarim final, Angliya va Argentina yana qarama-qarshi. Kimdir buni shunchaki o‘yin deydi. Ammo bu o‘yin natijasi ikki xalq xotirasidagi eski chandiqlarni yana bir bor achishtiradimi yoki nihoyat yangi, boshqacharoq hikoya boshlanadimi?


